Yaqinda internet sahifalarida Kun.uz muxbirlari ikki oy davomida Rossiyada xizmat safarida bo‘lib, ushbu mamlakatda yashab ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining hayoti to‘g‘risida tayyorlagan  «Kto on — uzbekskiy migrant?» sarlavhali videolavhani tomosha qildim.

Kinolavha balki taqdir taqozosi, balki tirikchilik sababidan musofirchilikda Rossiyada mehnat qilib yurgan yurtdoshlarimizning begona yurtlarda oilamni tebrataman, pul topib ota-onamga moddiy madad ko‘rsataman, bola- chaqamni boqaman deb o‘z vatanini, yaqin kishilarini, baxtiyor hayotini tark etishga majbur bo‘lgan, og‘ir sharoitlarda kun kechirayotgan vatandoshlarimizning tasodif va qiyinchiliklarga to‘la tahlikali sarguzashtlari, ularning g‘am-alamga to‘lib-toshgan ichki kechinmalari haqida zo‘r mahorat bilan ishlangan.

Kinolavhada muxbirlar O‘zbekiston fuqarolarining muhojirlikning asl sabablarini, ularning ayanchli ahvolini, tasodiflarga to‘la og‘ir va mashaqqatli hayotini astoydil ochib berishga harakat qilishgan. Unda mamlakatimizda agrar islohotlarning o‘z vaqtida amalga oshirilmagani, qishloq xo‘jaligiga oid tezkor va unumli choralar ko‘rilmagani, qishloq joylarida yashayotgan aholi taqdiriga befarq munosabatda bo‘lish, mehnat resurslariga e'tiborsizlik oqibatida ko‘plab kishilar ishsiz qolgani va natijada o‘z vatanini tark etib, tirikchilik uchun boshqa yurtlarga ish izlab chiqib ketishga majbur bo‘lgani ta'kidlangan.

Lavha shunday katta mahorat bilan ishlanganki, uni tomosha qilgan va tinglagan har qanday kishi yurtdoshlarimizning qismatiga, ularning kulfatlarga to‘la mashaqqatli hayotiga befarq qolmaydi, iztirob chekadi, vijdon azobidan qiynaladi. Shu bois ushbu mavzuga oid o‘zimning ayrim fikr-mulohazalarimni ochiq-oydin bayon qilishni lozim topdim.

Muhojirlik: aybdor kim?

Ayrim davralarda ish izlab xorijga chiqqan yurtdoshlarimizni qanoatsizlikda, yengil-yelpi hayotga moyillikda, go‘yoki yurtimizdagi qiyinchiliklarga dosh bermasdan, oson yo‘llar bilan mo‘may daromad topish maqsadida vatanini tark etishda aybdor qilib ko‘rsatishga urinadilar. Ularga atab naql ham to‘qishgan: «O‘zbekiston tormidi...?»

Aslida ham shundaymi?