Jamiyat | 19:53 / 03.09.2016
40015
2 daqiqa o‘qiladi

Makka va Madina shaharlaridagi o‘zbekistonlik hojilar prezident haqiga «g‘oib» janoza namozi o‘qishdi

2 sentabr kuni Makka vaqti bilan soat 21:00da ishchi guruh shtabida ishchi guruh a'zolari va guruh rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda muhtaram prezidentimiz rahnamoligida diniy sohada amalga oshirilgan buyuk ishlar va ulkan yutuqlar haqida to‘xtalib o‘tildi va yurtboshimizning oila a'zolari, yaqinlari va butun xalqimizga ta'ziya izhor qilindi va samimiy hamdardlik bildirib o‘tildi.

Hozirda Makka va Madina shaharlarida bo‘lib turgan hojilar ushbu og‘ir musibatni chuqur qayg‘u bilan qabul qildilar.

Muhtaram yurtboshimizning vafotlari munosabati bilan 3 sentabr kuni peshin namozidan so‘ng «g‘oib» janoza namozi o‘qildi. Unda yurtdoshlarimiz muhtaram prezidentimiz oxiratlari obod bo‘lishi, joylari jannat bog‘laridan bir bog‘ bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab, duo-yu iltijolar qildilar. O‘zaro bir-birlariga sabr-toqat bildirdilar. Shuningdek, hojilarimiz muhtaram yurtboshimiz haqlariga xatmi Qur'onlar o‘qidilar va Umra amallarini Masjidul Haramda ado etib, savobini muhtaram prezidentimiz ruhoniyatlariga bag‘ishladilar va haqlariga duo-yu fotihalar qildilar.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid