14:13 / 29.06.2020
17183

Korrupsiya mavzusidagi tadbir yana jurnalistlar uchun yopiq. Nega onlayn translatsiya ham yo‘q?

Bugun, soat 14:30da Bosh prokuraturada Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Tadbirda Bosh prokuror o‘rinbosari sog‘liqni saqlash, ta'lim va qurilish sohalarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyati yuzasidan axborot berishi ko‘zda tutilgan.

Tadbir Oliy Majlis Senati tashabbusi bilan tashkil etilmoqda. O‘z ochiqligi va OAV hamda jurnalistlarga toqatliligi bilan hurmat qozonib borayotgan yuqori palata axborot xizmati tomonidan dastlab bu tadbirga jurnalistlar, xususan, Kun.uz muxbirlari ham taklif etilgandi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay tashkilotchilar karantin cheklovlari sababli tadbirda jurnalistlar ishtirok etmasligini ma'lum qilishdi.

Odatda bunday masalalar tadbirgacha hal qilinadi, chunki karantin cheklovlari jurnalistlarni chaqirib qo‘ygandan keyin esga tushib qoladigan narsamas. Endi esa o‘rtaga shubha tushdi...

O‘tgan yil dekabrida Bosh prokuraturada Korrupsiyaga qarshi idoralararo komissiyasining sog‘liqni saqlash vazirligi tazimidagi korrupsiya holatlari hamda ularni keltirib chiqargan sabablar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, unda ishtirok etgan respublika bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev ikki yilda sog‘liqni saqlash tizimidagi 581 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortilgani, shu davrda 19 nafar tibbiyot xodimi psixotrop moddalar noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangani uchun jazo olgani, shifokorlar bemorlarni turli tekshiruvlarga yuborish, dori-darmon buyurishni o‘ziga xos biznesga aylantirib yuborgani, 277 mingta holatda gips qilish uchun tibbiyot gipsi o‘rniga 351 tonna qurilish gipsidan foydalanilgani, «O‘zmedimpeks» korxonasi dori vositalarini qimmat sotib olib, budjetga 9,3 mln dollar va 4 mlrd so‘m zarar keltirganini ma'lum qilgan va bu ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgan edi.

Tabiiyki, bu ma'lumotlar jamoatchilik o‘rtasida shov-shuvga, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan, fuqarolarda bu kabi holatlarning oldi olinmagani uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga savollar tug‘ilgandi.

Yig‘ilishda ma'lum qilingan ma'lumotlarning bu darajada muhokamalarga sabab bo‘lishi ortidan Korrupsiyaga qarshi idoralararo komissiyasining 2020 yilning18 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishiga jurnalistlar chaqirilmadi. Natijada OAV Bosh prokuratura axborot xizmati tarqatgan ma'lumotlar bilangina kifoyalanishga majbur bo‘ldi.

Mamlakat prezidenti davlat organlari rahbarlaridan ochiq va shaffoflikni talab qilayotgan, OAV bilan hisoblashmaydigan, hamkorlik qilmaydigan davlatning kelajagi yo‘qligini ta'kidlayotgan bir paytda Bosh prokuratura mezbonlik qiladigan oddiy bir tadbirga jurnalistlar avval taklif etilib, so‘ngra bu taklif qaytarib olingani sababi boshqa joyda emasmi?

Karantin cheklovlari tufayli jurnalistlar chaqirilmagan holatda ham tadbirni ijtimoiy tarmoqlar yoki Bosh prokuraturaning rasmiy saytida onlayn translatsiya qilishga nima to‘sqinlik qilmoqda? Jamoatchilikka oshkor qilib bo‘lmaydigan qanday masalalar muhokama qilinadiki, xalq oldida hisobdor bo‘lgan, fuqarolar to‘lagan soliqlardan oylik oladigan idora tadbirda ortiqcha nigohlar bo‘lishini istamayapti?!

Savollar ko‘p. Yechim esa bitta – davlat idoralarining faoliyati hamma uchun ochiq bo‘lishi, bu yo‘lda OAV bilan murosa qilinishi shart.

Top