Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
MIB undiruvi: O‘z vaqtida to‘lanmagan qarzdorliklar qanday jarima va taqiqlarga sabab bo‘ladi?
Majburiy ijro byurosi deganda svet va tabiiy gaz pulini undiruvchilar ko‘z oldimizga keladi. Lekin qariyb bir yil bo‘ldiki, MIB bunday undiruvlarni amalga oshirmayapti. Xo‘sh, MIB qanday undiruvlar bilan shug‘ullanmoqda?
Kun.uz muxbirining bu boradagi savollariga MIB Samarqand viloyat boshqarmasi inspektorlari atroflicha javob berishdi.
Majburiy ijro byurosi bugungi kunda bir qator holatlar bo‘yicha undiruv bilan shug‘ullanadi.
Bular asosan fuqarolik ishlari va iqtisodiy nizolar bo‘yicha sudlarning hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari; jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning hukmlari, ajrimlari va qarorlarining mulkiy undirishga oid qismi, shuningdek, jarima tariqasidagi jazoni nazarda tutuvchi hukmlari, ajrimlari va qarorlari; ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud qarorlarining mulkiy undirishga oid qismi; alimentlar to‘lash to‘g‘risidagi notarial tarzda tasdiqlangan kelishuvlaridan iborat.
Shuningdek, notariuslarning ijro xatlari, mehnat nizolari komissiyalarning qarorlari, ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega organlar (mansabdor shaxslar) chiqargan qarorlar, hakamlik sudining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari yoki xalqaro shartnomada nazarda tutilgan hollarda chet el sudlari va arbitrajlarining qarorlari, prokurorlarning o‘zboshimchalik bilan turar joyni egallab olgan yoki avariya holatida deb topilgan uylarda yashayotgan shaxslarni ma'muriy tartibda ko‘chirish to‘g‘risidagi qarorlari hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa organlarning hujjatlari ham bo‘lishi mumkin.
Undiruv MIBga kelib tushgach fuqarolar qanday ogohlantiriladi?
Iqtisodiy, jinoiy, ma'muriy, fuqarolik sudlari va boshqa organlar tomonidan chiqarilgan va qonuniy kuchga kirgan ijro hujjatlari MIBga kelib tushgach, mazkur ijro hujjatlari «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunda belgilangan tartibda darhol yoki bir ish kuni ichida qo‘zg‘atilib, qaror nusxasi va tegishli ogohlantirish xatlari taraflarga yuboriladi.
Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda undiruv MIBga o‘tsa, yana qanday qo‘shimcha choralar ko‘riladi?
IIB YHXB organlari tomonidan kelib tushayotgan jarima undirish to‘g‘risidagi ma'muriy qarorlar Byuroning hududiy shahar/tuman bo‘limlariga kelib tushgandan so‘ng qonunning 23-moddasiga asosan ijro ishi qo‘zg‘atilib, qarzdorlarga 15 kunlik ixtiyoriy muddat beriladi.
Qayd etish joyizki, ijro ishi qo‘zg‘atilganida, qarzdorning telefoniga SMS xabarnoma boradi.
Ushbu muddat yakunlangach, majburiy ijro harakatlariga kirishiladi. Qarzdorning nomiga rasmiylashtirilgan avtomototransport va ko‘chmas mulk obektlariga taqiq solinadi, uning bank hisob raqamlaridagi pul mablag‘larini xatlash va boshqa majburiy ijro harakatlari olib boriladi.
Qarzdor 15 kunlik ixtiyoriy muddat ichida mavjud qarzdorligini to‘lab bermagan taqdirda unga nisbatan BHMning 1 barobaridan 5 barobarigacha bo‘lgan miqdorda qo‘shimcha jarima ham qo‘llanadi.
Aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun qanday javobgarlik choralari bor?
Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab yurgan qarzdor otalarga nisbatan qonunda majburiy ijro etish choralari belgilab berilgan. Unga ko‘ra, undiruv qarzdorning ish haqi, nafaqasi, stipendiyasi hamda boshqa turdagi daromadlariga qaratiladi.
Shuningdek, qarzdorning nomida bo‘lgan mol-mulki va boshqa shaxslarda turgan mol-mulklariga qaratiladi. Agar qarzdorning undiruvga qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulklari aniqlanmasa va qarzdor aliment pullarini 2 oy davomida to‘lashdan bo‘yin tovlasa, MJtKning 47-4-moddasining 1-qismiga asosan, ma'muriy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqish uchun to‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga taqdim qilinadi.
Ma'muriy javobgarlik qo‘llangandan so‘ng ham qarzdor aliment to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab yursa, to‘plangan hujjatlar boshqarmaning surishtiruv va ma'muriy amaliyot shu'basiga dastlabki surishtiruv harakatlarini olib borish va Jinoyat kodeksining 122-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun yuboriladi.
Aliment 18 yoshgacha biryo‘la qanday to‘lanadi?
Qarzdor agar farzandlari 18 yoshga to‘lguniga qadar aliment to‘lovlarini biryo‘la ixtiyoriy to‘lab berishni xohlasa, u avvalo o‘zi aliment to‘lab kelayotgan Byuroning hududiy bo‘limiga ariza bilan murojaat qilib, farzandlari 18 yoshga kirguniga qadar bo‘lgan muddatni hisoblab berishni so‘raydi.
Davlat ijrochisi shu arizaga asosan, belgilangan tartib asosida ijro tadbirlarini tashkil etib, aliment to‘lovchining arizasiga va qonuniy haq-huquqini amalga oshirishiga imkon yaratib beradi.
Qanday holatlarda qarzdorlarga nisbatan MIB tomonidan xorijga chiqish uchun taqiq qo‘llanadi?
Ijro hujjatidagi yoki sud hujjatidagi talablar qarzdor tomonidan ixtiyoriy ravishda belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmagan taqdirda, davlat ijrochisi tomonidan undiruvchining arizasi bo‘yicha (yoki o‘z tashabbusi bilan) qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chetga chiqishiga vaqtincha taqiq qo‘yish uchun qaror qabul qilinadi.
Davlat ijrochisi qarzdorning xorijga chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilganda, qaror MIB, IIV va DXX chegara qo‘shinlari o‘rtasidagi yo‘lga qo‘yilgan maxsus Yagona elektron hamkorlik tizimi orqali Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda Chegara qo‘shinlariga yuboriladi va shu vaqtning o‘zida qarzdorga nisbatan taqiq o‘rnatiladi.
Xorijga chiqish uchun taqiqni yechish tartibi qanday?
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, IIV va DXXning 2019 yil 23 noyabrdagi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, qarzdorning xorijga chiqishini vaqtincha cheklashga asos bo‘lgan ijro hujjati talablari ijro etilganda, yoxud qonunda belgilangan asoslarga ko‘ra ijro hujjati tugatilganda/tamomlanganda yoki alimentlarni oldindan to‘lash majburiyatini garov bilan ta'minlaganda, shuningdek, qarzdorning chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risidagi davlat ijrochisining qarori bekor qilinganda, davlat ijrochisi tomonidan qaror maxsus elektron tizim orqali avtomatik tarzda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda Chegara qo‘shinlariga yuboriladi va shu vaqtning o‘zida qarzdorga nisbatan qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq olib tashlanadi.
Biror ijro ishi bo‘yicha qarzdorlik yoki chet elga chiqish uchun taqiq bor-yo‘qligini onlayn tarzda tekshirib ko‘rsa bo‘ladimi?
Majburiy ijro byurosi tizimida Byuro xodimlari uchun korporativ bo‘lgan «MIB portal» tizimi ishga tushirilgan bo‘lib, Byuro organlariga sud va boshqa organlar tomonidan yuborilgan ijro hujjatlari ushbu tizimda mujassamlashgan.
Tizim 60dan ortiq tashkilotlarning axborot tizimlari bilan integratsiyalashtirilgan. Byuro xodimlari ish jarayonida ushbu tizimdan to‘liq foydalanib, ish faoliyatini olib borishadi.
Sodda qilib aytganda, Byuro organlari ish yurituvida mavjud ijro hujjatlarining umumiy bazasi hisoblanadi.
Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari uchun ham Byuro organlariga bormasdan, Byuro organlarida mavjud sud yoki boshqa organlar hujjatlari bo‘yicha qarzdorliklari bor-yo‘qligini aniqlashlari, aniqlangan qarzdorliklarni elektron to‘lov tizimlari orqali hech qayerga bormasdan so‘ndirishlari uchun Majburiy ijro byurosi tomonidan mobil telefonlarda ishlashga mo‘ljallangan alohida MIB.UZ nomli mobil ilova ishlab chiqilgan.
Jismoniy shaxslar ushbu mobil ilovani Play Market ilovasi orqali telefonlariga ko‘chirib olib o‘rnatib, ro‘yxatdan o‘tishlari zarur bo‘ladi.
Ilovada ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng qarzdorlikni tekshirish, O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqlarini tekshirish, Aliment kalkulyatori, Ijro ishi monitoringi xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.
Bundan tashqari, www.mib.uz sayti orqali O‘zbekiston Respublikasidan chetga chiqishga taqiq bor-yo‘qligini kirib tekshirish imkoniyati yaratilgan. Yuridik shaxslar STIR raqamini kiritib, jismoniy shaxslar esa o‘z pasport seriyasi va raqamini kiritib, Byuro organlari ish yurituvida ularga tegishli hujjatlar, qarzdorliklari bor yoki yo‘qligini tekshirish imkoniyatiga ega.
Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.
Operator va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev
Mavzuga oid
10:16 / 12.12.2025
Chiqindidan qarzdor qariyb 205 ming abonentning elektr to‘loviga cheklov o‘rnatildi
09:45 / 12.12.2025
Ijtimoiy tarmoqlarda MIB nomidan kelayotgan xabarlar feyk ekani aytildi
13:08 / 09.12.2025
Otasini ta’minlashdan bo‘yin tovlagan o‘g‘il 15 sutkaga qamaldi
17:31 / 04.12.2025