O‘zbekiston | 10:45 / 16.02.2017
14207
3 daqiqa o‘qiladi

«Gazprom» va «O‘zbekneftgaz» mahsulot taqsimotiga oid bitim tuzadi

«Gazprom» tarkibidagi GPD (Gas Project Development Central Asia) kompaniyasi va «O‘zbekneftgaz» MXK Surxondaryo viloyatidagi gaz konini o‘zlashtirish bo‘yicha mahsulot taqsimotiga (keyingi o‘rinlarda MT - tahr.) oid bitim tuzishni rejalashtirgan. Bu haqda «O‘zbekneftegaz» MXK boshqaruvi raisi Alisher Sultonov ma'lum qilgan.

Uning qayd etishicha, GPD va «O‘zbekneftgaz» MXK O‘zbekiston prezidentining shu yil aprelida Moskvaga qiladigan tashrifi vaqtida bitimni imzolaydi.

Tomonlar mart oyi oxiriga qadar bitimni tayyorlab bo‘ladi. 

«GPD va «O‘zbekneftgaz» 2017 yilning mart oyi oxirigacha «Mustaqillikning 25 yilligi» konida razvedka va o‘zlashtirish ishlarini olib borib, Surxondaryoda gaz-kimyo kompleksini qurish bo‘yicha «O‘zbekiston mustaqilligi» investitsion blokiga oid MTni tayyorlaydi», deyilgan xabarda.

Sultonovning urg‘u qaratishicha, gaz koni geologik va gaz tarkibi jihatidan juda murakkab hisoblanadi. Uning qayd etishicha, shunga qaramasdan, investorlar u yerda gazni qayta ishlash zavodi qurish,  kelgusida esa tijoriylashtirish shartlari bilan kelmoqda.

Tomonlar, shuningdek, Ustyurt platosidagi Jyel konida gaz kondensatini o‘zlashtirish bo‘yicha yana bir MT tayyorlash ishlarini davom ettirmoqda.

«Jyel bo‘yicha texnik vazifa tayyorlamoqdamiz, «Gazprom» bilan hamkorlikda MT tayyorlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu ishlar parallel olib boriladi», — deya qo‘shimcha qilgan «O‘zbekneftgaz» rahbari.

Alisher Sultonov o‘tgan yilning sentabrida Moskvada «Gazprom» kompaniyasi boshqaruv raisi Aleksey Miller bilan uchrashuv o‘tkazgandi.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilgan. Xususan, gap O‘zbekistondan tabiiy gaz xaridi, shuningdek, respublika hududida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish haqida borgandi.

Mavzuga oid