O‘zbekiston | 21:02 / 12.12.2025
11469
5 daqiqa o‘qiladi

«Metan zapravka»larda cheklovlar va Farg‘ona vodiysiga ko‘chma konteynerda gaz – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklovlar kiritila boshladi

Viloyatlarda metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklovlar kiritila boshladi. Birinchi bo‘lib bu haqda Andijon, Navoiy va Xorazm viloyatlarida e’lon qilindi.

«Hududgaz» filiallari xabariga ko‘ra, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) faoliyati Andijonda tonggi soat 5.00 dan kechki soat 17.00 ga qadar, Navoiyda tonggi soat 6.00 dan kechki soat 19.00 ga qadar, Xorazmda tonggi soat 5.00 dan kechki soat 17.00 ga qadar qilib belgilangan.

Bu choralar vaqtincha ekani va gaz bosimini me’yorga keltirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Farg‘ona vodiysiga ko‘chma konteynerlar orqali gaz yetkazib beriladi – energetika vaziri

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, 2025-2026 yilgi qish mavsumida vodiy viloyatlaridagi gaz quyish stansiyalarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan taqchillikni bartaraf etish maqsadida 2 xil yechim ishlab chiqilgan. Birinchisi, qo‘shni davlatdagi mavjud tranzit trubalardan foydalangan holda yaqinroq masofadan ta’minotni amalga oshirish. Ikkinchisi, 150 ta ko‘chma konteyner orqali gaz yetkazib berish.

Avvalroq, «metan zapravka»lar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilayotgani xabar qilingandi. Energetika vazirligi buni qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘ida kuzatilgan texnik nosozlik tufayli import qilinayotgan tabiiy gaz qisqargani bilan izohlagan.

Gaz yo‘q hududlardagi iste’molchilar uchun elektrga 50 foiz chegirma berilishi mumkin

Gazlashtirilmagan hududlardagi hovlilar uchun imtiyozli tariflarni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Takliflar loyihasiga ko‘ra, ovqat tayyorlash uchun elektr plitalari bilan jihozlangan, isitish tizimi to‘liq elektrlashtirilgan, markazlashgan isitish tizimi va tabiiy gaz tarmoqlariga ulanmagan ko‘p qavatli uylar, yotoqxonalar hamda gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi maishiy iste’molchilarga (subsidiyalanadigan narxlardagi suyultirilgan gaz, ko‘mir yoki tabiiy gazdan foydalanmagan taqdirda) oylik iste’mol hajmiga qarab, isitish mavsumida 2000 kVt·soatgacha, isitish mavsumidan tashqari 1000 kVt·soatgacha elektr energiyasi iste’moli uchun amaldagi tariflarga nisbatan 50 foizgacha chegirma qo‘llash nazarda tutilmoqda. Chegirma qachondan joriy qilinishi ma’lum emas.

Surxondaryoda mashinasida 51 kg gashish olib ketayotgan shaxs ushlandi

Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi. DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Termiz shahrida tug‘ilgan 40 yoshli shaxs o‘z mashinasida 50 kg 978 gr gashish moddasini olib ketayotgan vaqtida ushlangan.

Tadbir davomida ushbu shaxsning sherobodlik 39 yoshli jinoiy sherigi ham ushlangan. Aniqlanishicha, ular afg‘onistonlik narkokurerlar tomonidan aylanma yo‘llar orqali O‘zbekistonga o‘tkazilgan ushbu giyohvandlik vositalarini kelgusida sotishni maqsad qilgan. Qayd etilishicha, qonunbuzarlarning biri muqaddam shu turdagi, ikkinchisi esa firibgarlik jinoyati uchun sudlangan.

Chiqindidan qarzdor qariyb 205 ming abonentning elektr to‘loviga cheklov o‘rnatildi

Chiqindi xizmatidan qarzdorligi bo‘lgan 205 mingga yaqin abonentning elektr to‘loviga vaqtincha cheklov o‘rnatildi. Respublika bo‘yicha chiqindi xizmatlaridan yuzaga kelgan umumiy 20,1 mlrd so‘m debitor qarzdorlik uchun jami 231 014 ta abonent SMS xabarnomasi orqali ogohlantirilgan. Shundan so‘ng abonentlarga mavjud qarzdorligini bartaraf etish uchun 5 kun muddat berilgan va ushbu davrda 9,4 mlrd so‘mlik to‘lov amalga oshirilgan.

6 dekabr holatida respublika bo‘yicha qarzdorligi qoplanmagan 204 895 abonentning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatiga vaqtincha cheklov joriy etilgan. Mazkur cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilanoq darhol yechiladi. Ayni paytda chiqindi xizmatlaridan respublika kesimida jami 18,2 mlrd so‘m debitor qarzdorlik mavjud.

Mavzuga oid