O‘zbekiston | 21:48 / 04.02.2026
1968
5 daqiqa o‘qiladi

Mudofaaga yangi samolyot, amaldorlarning “sayohatchi” bolalari va tekshirilayotgan savdo markazlari – mahalliy dayjest

O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari C-390 samolyotlariga ega bo‘ladi, Rossiyadagi bayramga iqtidorli o‘quvchilar qolib, amaldorlarning farzandlari bordi, Aviator’dagi yong‘indan keyin Toshkentda savdo markazlari xavfsizligi tekshiriladigan bo‘ldi. Kunning shu va boshqa muhim xabarlari bilan Kun tafsiloti dasturida tanishtiramiz.

O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari C-390 samolyotlariga ega bo‘ladi

Braziliyaning Embraer kompaniyasi 3 fevral kuni Singapurdagi aviasalonda O‘zbekiston Respublikasi C-390 Millennium transport samolyotining buyurtmachisi ekanini e’lon qildi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari C-390 samolyotlaridan asosan transport va gumanitar missiyalarda foydalanadi va ushbu samolyotni ekspluatatsiya qiladigan Markaziy Osiyodagi birinchi davlatga aylanadi.

XXI asrda loyihalashtirilgan C-390 Millennium o‘z sinfidagi eng zamonaviy harbiy transport samolyoti bo‘lib, boshqa o‘rta o‘lchamli harbiy transport samolyotlariga qaraganda ko‘proq foydali yukni (26 tonna) ko‘tara oladi, tezroq (470 uzel) va uzoq masofalarga ucha oladi.

Rossiyadagi bayramga iqtidorli o‘quvchilar qolib, amaldorlarning farzandlari bordi

Sankt-Peterburg shahrida har yili o‘tkaziladigan “Alvon yelkanlar” (“Alyye parusa”) bayramiga borganlar safida Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamovning 2014 yilda tug‘ilgan o‘g‘li va 2011 yilda tug‘ilgan jiyani ham bo‘lgan. Shuningdek, boshqarmaning ayrim bo‘limlari rahbarlari va mas’ul xodimlarining farzandlari ham mazkur safarda ishtirok etgani aytilmoqda. Manbaga ko‘ra, bu o‘quvchilarning birortasi xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etmagan, hatto ayrimlari tuman yoki shahar bosqichida ham qatnashmagan.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bergan izohga ko‘ra, ayrim o‘quvchilarning xorijga chiqish pasporti vaqtida tayyor bo‘lmagan va ayrimlarining ota-onalari safarga ruxsat bermagani sababli ro‘yxat o‘zgartirilgan. Boshqarma o‘quvchilar orasida boshliqning o‘g‘li va jiyani ham bo‘lganiga munosabat bildirmadi.

Toshkentda savdo markazlari yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tekshirilmoqda

Favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida Toshkent shahridagi savdo-ko‘ngilochar maskanlarida yong‘in xavfsizligi holati tekshirilmoqda.

Profilaktik o‘rganishlar jarayonida avtomatik yong‘in o‘chirish tizimlari, avtomatik yong‘in haqida xabar berish vositalari, zaxira evakuatsiya yo‘laklari, yong‘in o‘chirish ichki jo‘mraklari, «Chiqish» elektron tablolari, shuningdek, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari va boshqa maxsus inventarlarning mavjudligi hamda ishchi holati tekshirilyapti. Mutasaddi tashkilotlar tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda.

Mahalliy kengashlar vakolatlari kuchaytirilishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida mahalliy kengashlar faoliyatini takomillashtirish va ularning hududiy boshqaruvdagi rolini yanada oshirishga qaratilgan qonunchilik taklifi muhokama qilindi.

Taklifga muvofiq, xalq deputatlari mahalliy kengashi raisi o‘rinbosari institutini joriy etish nazarda tutilmoqda. Ushbu lavozim egasi bir vaqtning o‘zida kengash kotibiyati mudiri vazifasini bajaradi hamda kotibiyat xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish vakolatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, mahalliy kengashlar sessiyalari oralig‘ida tezkor masalalarni hal etish maqsadida kengash rayosati institutini joriy etish va uning ish faoliyati tartibini belgilash taklif etildi.

Markaziy Bank tijorat banklari va to‘lov tizimi operatorlariga kiberhujum sodir etilmaganini ma’lum qildi

Ijtimoiy tarmoqlarda hakerlar tomonidan kiberhujum amalga oshirilgani hamda O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari tarqalib ketgani haqidagi xabarlar ortidan Markaziy Bank bayonot berdi.

Qayd qilinishicha, hozirgi vaqtda tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari hamda to‘lov tizimi operatorlarining axborot tizimlariga nisbatan bunday kiberhujum sodir etilmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid