O‘zbekiston | 21:56 / 05.02.2026
1181
5 daqiqa o‘qiladi

Xususiy bog‘chalarga imtiyozlar, jarima o‘rniga ogohlantirish va islomiy bank qonuni - mahalliy dayjest

Farg‘onada yangi IT-park, Marg‘ilonda xalqaro IT oliygohi ishga tushiriladi. Yo‘llarda foto va videoqayd orqali aniqlanadigan huquqbuzarliklar ro‘yxati belgilandi. Qamrovi past hududlarda xususiy bog‘chalarga yangi imtiyozlar beriladi. Yo‘l harakatida ayrim huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish joriy etiladi. Islomiy bank faoliyatining joriy etilishiga oid qonun Senatda ma’qullandi. Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Farg‘onada yangi IT-park, Marg‘ilonda xalqaro IT oliygohi ishga tushiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 fevral kuni Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Axborot texnologiyalari sohasida Farg‘ona viloyati iqtisodiyotining muhim drayveri sifatida IT yo‘nalishini jadal rivojlantirish rejalashtirilgan.

Viloyatda 139 ta IT-park rezidenti faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda axborot texnologiyalari xizmatlarining hajmini 3,5 trillion so‘mga, eksportni esa 30 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Farg‘ona shahrida yangi IT-park va majmuasi, Marg‘ilon shahrida xalqaro IT oliygohi, shuningdek, Farg‘ona shahrida «Muhammad al-Xorazmiy vorislari» loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Foto va videoqayd orqali aniqlanadigan huquqbuzarliklar ro‘yxati belgilandi

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnika vositalari orqali qayd etiladigan ma’muriy huquqbuzarliklarning qat’iy ro‘yxati tasdiqlandi.

Yangi tartibga ko‘ra, foto va videoqayd qurilmalari orqali quyidagi huquqbuzarliklar qayd etiladi:

  • xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik;
  • transport vositasini boshqarish vaqtida telefondan foydalanish;
  • belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kmdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda oshirish;
  • to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish;
  • qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlar.

Qayd etilishicha, yo‘l qoidalari buzilgani foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan taqdirda, ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran 1 oydan kechiktirmay qo‘llanadi.

Qamrovi past hududlarda xususiy bog‘chalarga yangi imtiyozlar beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdim etilgan takliflarga ko‘ra, maktabgacha ta’lim bilan qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlar uchun qator qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi.

Jumladan, maktab va bog‘chalar hududidagi bo‘sh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar tashkil etilganda, ijara to‘lovlari 30 yilgacha undirilmaydi. Shuningdek, har bir tarbiyalanuvchi uchun davlat bog‘chalarida bir bolaga to‘g‘ri keladigan xarajatning 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Ushbu tartib 2024 yildan tashkil etilgan nodavlat bog‘chalarga ham tatbiq etiladi.

Yo‘l harakatida ayrim huquqbuzarliklar uchun ogohlantirish joriy etiladi

Yo‘l harakati bilan bog‘liq ayrim huquqbuzarliklar uchun dastlab ogohlantirish beriladi. 4 fevralda imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq kam ahamiyatli huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish jazosi qo‘llanishi belgilandi.

Ma’muriy ogohlantirish – huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunga xilof xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirgan holda unga rasmiy tanbeh berishdir. Ma’muriy ogohlantirish yozma (elektron) shaklda qo‘llanadi.

Shu bilan birga, ma’muriy ogohlantirish ayni bir shaxsga nisbatan bir yil davomida bir martadan ortiq qo‘llanmaydi.

Islomiy bank faoliyatining joriy etilishiga oid qonun Senatda ma’qullandi

Oliy Majlis Senatida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ma’qullandi.

Mazkur Qonun bilan 2 ta kodeks hamda 7 ta qonunga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi yangi normalar kiritilmoqda.

Xususan, Qonun bilan islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya turi joriy qilinib, unga oid talablar belgilanmoqda. Jumladan, mazkur litsenziya bilan banklar tomonidan to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshirish yoki bir vaqtning o‘zida ham an’anaviy, ham islomiy bank faoliyatini amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid