Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Amir Temur oyligi» va senatorning imperiyaparast chiqishlarga munosabati – mahalliy dayjest
Aprel «Amir Temur oyligi» deb e’lon qilindi, unda buyuk sarkarda tavalludining 690 yilligini nishonlash bo‘yicha keng miqyosda tadbirlar o‘tkaziladi. Senator Abdusaid Ko‘chimov Oliy Majlis Senati yig‘ilishida so‘zga chiqib, O‘zbekiston har qanday tashqi tahdidlarga o‘z o‘rnida javob qaytarishi lozimligini bildirdi. 1 fevral holatiga ko‘ra, mamlakatda ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 715 mingdan oshdi. Xorijiy investorlar kengashi ishchi guruhi yig‘ilishida venchur va xususiy kapital uchun zamonaviy huquqiy bazani shakllantirishga qaratilgan «Muqobil investitsiya fondlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish masalasi ko‘rib chiqildi. Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Aprel «Amir Temur oyligi» deb e’lon qilindi
Prezident qaroriga ko‘ra, Amir Temur tavalludining 690 yilligini nishonlash bo‘yicha keng miqyosda tadbirlar o‘tkaziladi.
Qaror bilan har yili aprel «Amir Temur oyligi» deb e’lon qilindi, uning doirasida ta’lim muassasalari va mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchi va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar hamda badiiy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, 2030 yilgacha mo‘ljallangan «yo‘l xaritasi» tasdiqlanib, unda xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish, «Temur tuzuklari» asarining ilmiy izohli matnini fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etish kabi choralar belgilandi.
«Akillagan laychalar». Senator imperiyaparast chiqishlarga munosabat bildirdi
Oliy Majlis Senatining 5 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov so‘zga chiqib, O‘zbekiston har qanday tashqi tahdidlarga o‘z o‘rnida javob qaytarishi lozimligini bildirdi.
Senator o‘z nutqida xalqaro vaziyatga to‘xtalib, «dunyoda bir-biridan chigil tugunlar ko‘payib borayotgani, ular orasidan bamisoli bomba ko‘milgan maydonda yurgandek yurish naqadar og‘irligi, dunyoning bugungi qoidalari keskin o‘zgarib borayotgani, zo‘ravon siyosatchilar, ayrim zo‘ravon arboblar, bamisoli muz ustida raqs tushayotgan raqqosalar singari bir daqiqadan keyin qaysi tomonga burilishini, qaysi tomonga shox tashlashini hech kim bilmaydigan bir zamonda yurish, bu hech birimizni bir daqiqa ham xotirjam bo‘lishga yo‘l qo‘ymasligi»ni ta’kidladi.
U shoir Abdulla Oripovning quyidagi misralarini esladi: «Deydilar it hurar – o‘tadi karvon, Ranj-u balolardan yonmasin joning, Ammo alam qilar bir umr giryon, Itlar orasidan o‘tsa karvoning».
1 fevral holatiga ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 715 mingdan oshdi
2026 yil 1 fevral holatiga ko‘ra, mamlakatda ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 715 849 nafarni tashkil etdi. Shuningdek, 2026 yil yanvar oyida yangi tayinlangan nafaqa oluvchilar soni 6 225 nafar bo‘lgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy nafaqa oluvchilar quyidagi turlar bo‘yicha taqsimlangan:
313 715 nafar — nogironlik nafaqasi;
167 411 nafar — nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar nafaqasi;
94 454 nafar — yoshga doir nafaqa;
71 479 nafar — parvarishlash nafaqasi;
58 246 nafar — boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi;
8 918 nafar — o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar hamda yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy yordam;
5 317 nafar — uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya;
1 626 nafar — oilaviy bolalar uyi va patronatga to‘lov.
O‘zbekistonda venchur fondi tushunchasi qonunchilikka kiritiladi
Toshkentda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi ishchi guruhining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda venchur va xususiy kapital uchun zamonaviy huquqiy bazani shakllantirishga qaratilgan «Muqobil investitsiya fondlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish masalasi ko‘rib chiqildi.
Hujjatda private equity va venchur fondlari tushunchalarini qonunchilikka kiritish, xalqaro amaliyotda tan olingan tuzilma va instrumentlarni joriy etish, shuningdek soliq solishda «shaffof» tamoyillarni nazarda tutish rejalashtirilgan.
Ekspertlar fikricha, mazkur qonun qabul qilinishi xalqaro investorlar uchun O‘zbekiston bozorining jozibadorligini oshirishi, shu bilan birga mamlakatda innovatsion ekotizimni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
Mavzuga oid
21:56 / 05.02.2026
Xususiy bog‘chalarga imtiyozlar, jarima o‘rniga ogohlantirish va islomiy bank qonuni - mahalliy dayjest
21:48 / 04.02.2026
Mudofaaga yangi samolyot, amaldorlarning “sayohatchi” bolalari va tekshirilayotgan savdo markazlari – mahalliy dayjest
22:43 / 03.02.2026
«Layk» to‘plash maqsadidagi huquqbuzarlik uchun javobgarlik va o‘zbekistonliklarning darknetga sizdirilgan ma’lumotlari – mahalliy dayjest
20:30 / 02.02.2026