O‘zbekiston | 18:06 / 18.10.2018
18967
3 daqiqa o‘qiladi

Xolmurodov va Komilov O‘zbekiston prezidenti tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish uchun Germaniyaga boradi

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari - Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Suhrob Xolmurodov, shuningdek, respublika tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov shu yil Germaniyaga tashrif buyuradi. Ular O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ushbu davlatga safar qiladi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. 

Bu haqda bugun Toshkentda bo‘lib o‘tgan savdo va investitsiyalar bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya hukumatlararo ishchi guruhi yig‘ilishi davomida ma'lum bo‘ldi.

«Yaqinda O‘zbekistondan Germaniyaga qator tashriflar bo‘ladi, ular oy oxirida boshlanadi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi (Suhrob Xolmurodov) mamlakatimizga tashrif buyuradi, keyin tashqi ishlar vaziri (Abdulaziz Komilov) keladi, yanvar oyida prezidentingizning davlat tashrifi amalga oshiriladi. Menimcha, davlat rahbarining tashrifi munosabatlarimizni yanada chuqurlashtirishga olib keladi», - dedi Germaniya iqtisodiyot va energetika federal vazirining o‘rinbosari Ekxard Frants.

O‘zbekiston tomoniga raislik qilayotgan Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratovning ta'kidlashicha, respublika Germaniya va uning yetakchi kompaniyalari bilan aloqalarni izchil rivojlantirish tarafdori.

«Agar savdo munosabatlarimiz haqida gapiradigan bo‘lsak, joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha tovar aylanmasi 13 foizga o‘sganini mamnuniyat bilan qayd etamiz. Bizning statistik ma'lumotlarga ko‘ra, u 526 million dollarni tashkil qildi», - deydi Qudratov.

«Umid qilamizki, oktabr-noyabr sohaviy idoralarimiz, bosh vazir o‘rinbosari, shuningdek tashqi ishlar vazirining Germaniyaga mo‘ljallanayotgan tashriflari yangi o‘zaro manfaatli loyihalar to‘plamini shakllantirish imkonini beradi», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga tashrif bilan borishi xabar berilgandi.

Mavzuga oid