Sport | 23:03 / 28.10.2025
6907
8 daqiqa o‘qiladi

«Nasaf»ni yutganga mukofot! Superligada intriga avjida

Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati haqida gaplashamiz. Yana to‘rt tur o‘yinlaridan keyin chempion nomi aniqlanadi. Chempionlik uchun asosiy da’vogar «Neftchi» nihoyat «Nasaf»dan o‘zib ketdi. Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi ham ketma-ket chempionlikdan umid uzgani yo‘q. «Paxtakor» esa ikki favoritni zimdan kuzatib, oxirida chempionlikni ilib ketishi mumkin. Quyida shu haqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Asosiy favorit – «Neftchi»

Chempionat boshlanishidan avvalroq g‘oliblik uchun asosiy da’vogar «Neftchi» ekani aniq edi. Chunki Farg‘ona klubi mavsum oralig‘ida «oldi-orqasiga qaramay» kuchli transferlarni amalga oshirdi. Tarkibda shunchalik futbolchi ko‘payib ketdiki, Zoran Marushich va Vladimir Yovovich kabi boshqa klublar orzu qiladigan legionerlar zaxirada qolib ketdi. Davralar oralig‘ida shuncha futbolchi ustiga klub Kojo Joel, Alisher Odilov va Silvanus Nimeli kabi kuchli hujumchilarni sotib oldi.

«Bunaqa tarkib bilan chempion bo‘lmaslik uyat», deya boshladi muxlislar. Mavsum oxiriga kelib tojikkistonlik Vitaliy Levchenko murabbiyligidagi «Neftchi» chindan yengilmas jamoaga aylandi: oxirgi o‘nta o‘yindan to‘qqiztasini yutdi, oxirgi marta faqat Toshkentda «Paxtakor»ga yutqazdi. «Neftchi» so‘nggi o‘yinlarda gol ham o‘tkazmayapti.

26-turda «Neftchi» G‘uzorda autsayder «Sho‘rtan»ni yengdi, amaldagi chempion «Nasaf» Olmaliqda ochko yo‘qotdi. Hozir ikki jamoaning ochkolari teng, lekin qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra farg‘onaliklar birinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Shu yerda bir gapni aytib o‘tmasak bo‘lmaydi. «Neftchi» juda ko‘p transferlar qildi, kuchli legionerlar olib keldi, lekin jamoaga natija qilib berayotgan eng asosiy futbolchi o‘zbek futbolining takrorlanmas pleymeykeri Jamshid Iskanderov bo‘lmoqda. To‘g‘risi, «Neftchi» o‘yini Levchenkoning uslubiga xos tarzda himoyaga asoslangan, jamoa chiroyli, hujumkor o‘yin ko‘rsatishi bilan maqtana olmaydi. Lekin mana shunday «yopiq jamoada» Jamshiddek top futbolchi borki, birgina uzatma bilan o‘yin taqdirini hal qilib yuboryapti. Bunday yigitlar borligi futbolimiz uchun katta omad aslida.

Taqvim: yana «Neftchi» ustun

Superligada jamoalar yana to‘rttadan o‘yin o‘tkazadi. «Dinamo» va «Andijon»ning qolganlardan bitta ko‘proq o‘yini bor. Keling, «Nasaf» va «Neftchi»ning keyingi o‘yinlarini taqqoslasak. To‘g‘risini aytish kerak, keyingi o‘yinlarda «Neftchi»ning imkoniyati yaxshiroq, chunki Levchenko jamoasi taqvimning eng murakkab qismidan ketma-ket g‘alabalar bilan chiqib keta oldi.

«Neftchi» keyingi turda «Surxon»ni qabul qiladi, 28-turda Buxoroga boradi, keyin «Qizilqum»ni qabul qiladi va turnirni «Xorazm»ga qarshi mehmondagi o‘yin bilan yakunlaydi.

«Nasaf»ning keyingi raqiblari biroz jiddiyroq: mehmonda «Navbahor», Qarshida «Mash’al», Toshkentda «Paxtakor» va oxirgi tur Qarshida «Dinamo». Orada qarshiliklar Elit Osiyo chempionlar ligasi o‘yinlarida ham qatnashishi hisobga olinsa, Berdiyevda rotatsiya qilish imkoni ham deyarli bo‘lmaydi.

«Nasaf»ni yutganga – mukofot!

Futbol jurnalistlari orasida oxirgi vaqtlarda ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri «Neftchi» chempionlik yo‘lida «Nasaf»ning raqiblariga mukofot puli taklif qilayotganidir. Bu aslida yangilik ham emas, jahon futbolida ham chempionlik uchun kurashayotgan jamoalar raqibini yutganda mukofot taklif qiladi. Olmaliqda OKMK bilan durang o‘ynaganidan keyin «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev ham shunga ishora qiladigan gap aytdi.

Farg‘ona viloyat hokimi Xayrulla Bozorov bu mavsum «Neftchi» chempion bo‘lishini juda istayotgani sir emas. Boshqa viloyatlarda oshib borsa klub homiylari o‘yinni maxsus mehmonlar joyidan kuzatsa, Xayrulla Bozorov butun boshli Farg‘ona rahbariligidan ortib, «Neftchi»ning deyarli hamma o‘yinini stadiondan tomosha qilyapti. Bu borada Bozorovga faqat Namangan hokimi Shavkat Abdurazzoqov raqobat qilishi mumkin edi. Biroq Shavkat Shokirjonovich shuncha sharoit yaratib bergan bo‘lsa-da, «Navbahor» bu yil chempionlik uchun kurasha olmadi.

Demak, «Neftchi» «Nasaf» raqiblariga pul taklif qilishi haqidagi mish-mishga qaytsak. Menimcha, oxirgi turlarda farg‘onaliklarning bu borada asrab qo‘ygan pullari yonida qolsa kerak. Chunki «Nasaf»ning keyingi raqibi «Navbahor». Namangan klubi o‘la qolsa ashaddiy raqibi «Neftchi»dan pul olmaydi. «Nasaf»ning yana ikki raqibi «Paxtakor» va «Dinamo» uchinchi o‘rin uchun kurashda, «Paxtakor» chempion bo‘lishi ham mumkin, shu bois ularga pul taklif qilishdan mantiq yo‘q, shundog‘am «Nasaf»ni yutishga harakat qilishadi. «Mash’al»ga esa «Nasaf» bilan o‘yindagi g‘alaba uchun pul taklif qilishdan foyda yo‘q. Shaxsan mening fikrimcha, Berdiyev chempion yo‘lida bunaqa o‘yinlarda xato qilmaydi.

Ana shunaqa gaplar, azizlar. Chempionatimiz darajasi shunchalik baland bo‘ldiki, jamoalar chempionlik uchun hamma ishni qilishga intilmoqda. Chunki hozir chempion bo‘lmasangiz, ikkinchi o‘rindan hech qanday naf yo‘q. Osiyo chempionlar ligasida O‘zbekistondan faqat chempion va kubok sohibi o‘ynaydi.

Chempionatning oxirgi turlarini kuzatib borishni tavsiya qilaman. Mavsum yakunida «Neftchi» chorak asr o‘tib yana chempion bo‘lishi, «Dinamo» klub tarixida ilk marta sovrindor bo‘lishi, «Nasaf» ketma-ket ikkinchi marta chempion bo‘lishi yoki chempion bo‘lishni hammadan yaxshi biladigan «Paxtakor» barchani dog‘da qoldirib, kambek qilishi mumkin. Darvoqe, ertaga Andijonda O‘zbekiston kubogi final o‘yini bor. Bu o‘yinda ham tarix yaratilishi mumkin. Finalda amalda kubok sohibi bo‘lgan murabbiy Aleksandr Xomyakov boshchiligidagi «Buxoro» debyut qiladi. Xullas, bu yog‘iga o‘zbek futbolida ham ajoyib o‘yinlar kutib turibdi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid