Jahon | 15:22 / 26.09.2025
5236
8 daqiqa o‘qiladi

Tramp Isroilning G‘arbiy sohilni egallashiga qarshi. Bu nimani anglatadi?

“Isroilga G‘arbiy sohilni anneksiya qilishiga ruxsat bermayman”, dedi AQSh prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharq yetakchilari bilan Nyu Yorkdagi uchrashuvdan keyin. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Farhod Karimov va Shuhrat Rasul bu bayonotning amaliy ahamiyati katta emasligini qayd etdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— Isroil G‘arbiy sohilni to‘liq anneksiya qilishga qaror qilib, operatsiya boshlasa, Trampning bayonotidan keyin AQSh BMT Xavfsizlik Kengashida bunga qarshi rezolyuyatsiyaga veto qo‘ymasligi mumkinmi?

Farhod Karimov: Hozircha yo‘q. AQSh Isroilni faqat og‘zaki tanqid qilishi mumkin. Oldingi prezident Netanyahuni hatto haqorat qilishgacha borgan, oldingi davlat kotibi G‘azodagi urush boshlangach Yaqin Sharqqa 5 marta borib, “vaziyat o‘zgaradi” degan bayonotlar bergan. Yaqinda ham Isroilning Qatarga zarbasidan keyin AQSh “bu biz bilan kelishilmagan edi, buni qoralaymiz” degani bilan, BMTdagi yakuniy qarorlar boshqacha bo‘ldi: rezolyutsiyaga AQSh veto qo‘ydi.

Isroil va AQSh o‘rtasida shaxslar o‘rtasidagi kelishmovchilik yoki tanqidlar bo‘lishi mumkin, lekin davlatlararo strategik munosabatlar saqlanib qoladi.

Ikkinchi masala – Trampning taktikasi. U arab davlatlarini chalg‘itish yoki ularning e’tiborini o‘zgartirish uchun siyosiy o‘yin olib bormoqda. Arab davlatlari Trampga jiddiy bosim o‘tkazyapti: “Biz AQSh iqtisodiyotiga milliardlab sarmoya kiritdik, bizning manfaatimizni ham hisobga oling” deyishyapti. Bu bosimlar hukumatlarga yoqmayotgan ichki muhit va radikal guruhlarning ko‘payishi bilan bog‘liq.

Misol uchun, Saudiya hozir radikal guruhlarga duch kelmoqda, boshqa arab mamlakatlarida ham jamiyat bilan hukumat orasidagi qarama-qarshiliklar kuchaymoqda. Shu sababli hukumatlar ichki barqarorlikni ta’minlash uchun chora ko‘rishi lozim. Arab davlatlari rahbarlari Trampga shunday muhitni hisobga olib: “Agar AQShdan hech qanday aniq natija bo‘lmasa, biz boshqa variantlarni, masalan, Xitoyga murojaat qilishni ko‘rib chiqamiz”, deb ogohlantirmoqda.

Tramp vaziyatdan chiqish uchun taktik chorani qo‘lladi: yaqinda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, u “G‘azoni arab va musulmon mamlakatlarining harbiylariga topshiramiz”, deb chiqish qildi. Ya’ni Ko‘rfaz arab davlatlarining armiyasiga ma’lum vazifalarni yuklash haqida gapirdi. Buning ommaviy ta’siri shundayki, Amerikaning G‘azo va Isroil masalasidagi qat’iy pozitsiyasi o‘zgargandek ko‘rinadi: endi arab davlatlari armiya yuboradi, ular o‘zlari nazorat qiladi, degan taassurot paydo bo‘ladi. Ammo bu tashabbusning amaliy tomoni murakkab: arab davlatlarining armiyasini kim tashkil qiladi, kim qo‘riqlaydi, degan savollar mavjud.

Fors ko‘rfazi va boshqa arab davlatlarining xavfsizligi amalda Amerika va NATO elementlariga bog‘liq. Qatar misoli buni yaqqol ko‘rsatdi. Masalan, Misrning Isroil va Amerika bilan munosabatlari boshqacha, ular munosabatlarida G‘azoni ustuvor masala sifatida qo‘ymaydi. Mintaqa tarixida esa Iordaniya, Misr, Livan, Suriya va hatto Saudiya ham Falastin hududlariga, xususan Quddusga da’vogar bo‘lgan. Agar bir nechta arab davlatlari qo‘shilib armiya jo‘natishga qaror qilsa, “qaysi davlatning armiyasi qaysi hududni nazorat qiladi?” degan yangi murakkablik paydo bo‘ladi. Chunki birinchi kelgan tomon Falastin nazoratini o‘z qo‘liga oladi.

Shu sababli Trampning bayonotlari ustalik bilan qo‘yilgan diplomatik yurish sifatida ko‘rilmoqda: bu bayonotlar ko‘pchilikni cho‘chitadi va vaqtinchalik siyosiy manyovr vazifasini o‘tashi mumkin, lekin muammoni tubdan hal qilmaydi. Ya’ni bunga ko‘proq ritorika yoki vaziyatni cho‘zish usuli deb qarash kerak. Amalda Isroilga qarshi jiddiy sanksiyalar joriy etilmaydi, Amerika Isroilni qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi va BMTda qabul qilinadigan rezolyutsiyalar ham oxir-oqibat veto orqali bloklanishi ehtimoli yuqori.

Shuhrat Rasul: Bu juda murakkab masala. AQShning BMT Xavfsizlik Kengashida Isroilga qarshi ovoz berishi tasavvurga sig‘mas darajada noyob hodisa bo‘lardi.

Bugungi kunda G‘arbiy sohilning bor-yo‘g‘i 17 foizi Falastin ma’muriyati nazoratida. U yerlarda 3 mln atrofida odam yashaydi. 1967 yildan beri Isroil G‘arbiy sohil bo‘ylab noqonuniy turargohlar qurilishini davom ettiryapti: bunday punktlarga joylashtirilgan yahudiy oilalarni himoya qilish uchun aholi punkti atrofida harbiy nazorat tashkil qilingan. Isroil o‘z fuqarolariga moliyaviy kompensatsiyalar taklif qilib, ularni bu hududda yashashga undaydi.

Men o‘zim 25 yil avval Isroilda o‘tkazilgan xavfsizlik konferensiyasida shunday punktlarni ko‘rganman: u yerda bir vzvod bir necha oilani 24 soat davomida himoya qilishga mas’ul bo‘ladi. Bu katta xarajat talab qilsa-da, Isroil 1967 yildan beri bu siyosatni davom ettirib keladi.

Ikkinchi muhim jihat – Isroil bugungi sharoitda G‘arbiy sohilga to‘liq harbiy intervensiya qila oladimi? Ichki siyosiy muhit va demokratik institutlar, parlament, koalitsiya, jamiyatning namoyishlari muhim rol o‘ynaydi. Hozirgi vaqtda Isroilda ichki norozilik kuchaygan: Tel-Aviv va boshqa yirik shaharlarda yuz minglab odam qatnashgan mitinglar bo‘lib turibdi. Ularni bevosita hukmron koalitsiyaga muxolif parlamentdagi partiyalar uyushtiryapti. Avgust oyidagi mitinglarda sobiq bosh vazirlar va yetakchilar qatnashgani kuzatildi. Masalan, Ehud Barak va Olmert kabi siyosatchilar ham namoyishlarda ko‘rinish berdi. Bu esa koalitsiya ichida ham norozilik borligini ko‘rsatadi.

G‘arbiy sohilda G‘azoga qaraganda aholi ko‘proq. Agar Isroil bu yerda ham keng qamrovli harbiy amaliyot boshlamoqchi bo‘lsa, bu hozirgi siyosiy va iqtisodiy sharoitlarda murakkab va xavfli bo‘ladi. Netanyahu esa bu omillarni kamdan kam hisobga oladi, u hokimiyatda qolish uchun keskin choralar va chuqur urushlarni talab qiluvchi siyosatni afzal ko‘ryapti. Hokimiyatdan ketish uning uchun xavfli bo‘lishi, daxlsizlikdan mahrum bo‘lishi bilan prokuratura unga turli ayblovlar orqali qamoq bilan tahdid solishi mumkin.

Isroilda parlament demokratiyasi tufayli bosh vazirning maqomi saylovlar va parlament koalitsiyasiga bog‘liq; Netanyahu esa shundoq ham mamlakat tarixida eng uzoq vaqt bosh vazirlik qilgan siyosatchiga aylanib bo‘lgan.

***

Ma’lumot uchun, 2016 yil dekabrda, demokrat Barak Obama AQSh prezidenti lavozimidan ketishidan bir oy oldin, BMT Xavfsizlik kengashi Falastinning 1967 yilgi chegaralarida, xususan Sharqiy Quddusda Isroil tomonidan yahudiy manzilgohlarining qurilishini noqonuniy deb e’tirof etuvchi rezolyutsiyani qabul qilgan. Obama ma’muriyati shov-shuvli tarzda bu rezolyuyatsiyaga veto qo‘ymay, betaraf qolgandi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid