Jahon | 16:29 / 17.03.2026
3009
10 daqiqa o‘qiladi

Kobuldagi shifoxonaga zarba bergan Pokiston, Bag‘dodda hujumga uchragan AQSh elchixonasi va Kubada “blackout” – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Urush davom etmoqda. Tramp ittifoqchilaridan xafa

AQSh prezidenti Donald Tramp G‘arbdagi ayrim ittifoqchilarini «minnatdorlik bildirmaslikda» aybladi. Bunga bir qancha davlatlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozida neft tankerlarini kuzatib borish uchun harbiy kemalar yuborish bo‘yicha uning talabini rad etgani sabab bo‘ldi.

Tramp Oq uy tadbirida so‘zga chiqib, ko‘plab davlatlar unga yordam berishga tayyorligini aytganini bildirdi, biroq ba’zi eski ittifoqchilaridan noroziligini yashirmadi.

«Ba’zilar bunga juda ishtiyoqmand, ba’zilari esa yo‘q», dedi u tafsilotlarga to‘xtalmay. «Ba’zilari shunday mamlakatlarki, biz ularga juda ko‘p yillar davomida yordam berganmiz. Biz ularni dahshatli tashqi manbalardan himoya qildik, lekin ular unchalik ishtiyoq ko‘rsatmadi».

AQShning qator hamkorlari, jumladan, Germaniya, Ispaniya va Italiya Eron to‘sib qo‘ygan strategik suv yo‘lini qayta ochish uchun kemalar yuborish rejasi yo‘qligini bildirdi.

«Bizda BMT, Yevropa Ittifoqi yoki NATO tomonidan berilgan, Asosiy qonunimiz (Konstitutsiya) talab qiladigan mandat yo‘q», dedi Germaniya kansleri Fridrix Mers. Shuningdek, u Vashington va Isroil urush boshlashdan oldin Germaniya bilan maslahatlashmaganini qo‘shimcha qildi.

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi esa uchinchi haftadirki, davom etmoqda. Hayotiy muhim Ho‘rmuz bo‘g‘ozi deyarli yopiqligicha qolgan. Seshanba kuni erta tongda har ikki tomondan hujumlar to‘xtagani yo‘q.

Isroil harbiylari Tehron bo‘ylab «Eron infratuzilmalari»ni, shuningdek, Bayrutdagi «Hizbulloh» obektlarini nishonga olayotganini ma’lum qildi.

Eron esa Isroilga tungi hujumlar uyushtirib, hamon uzoq masofali zarbalar berish qobiliyatini saqlab qolganini ko‘rsatdi. Shuningdek, u Birlashgan Arab Amirliklarini ham nishonga oldi: dron ketma-ket ikkinchi kun neft eksporti uchun muhim port bo‘lgan Fujayradagi neft obektiga zarba berdi.

Dushanba kuni dunyodagi eng gavjum aeroportlardan biri bo‘lgan Dubay xalqaro aeroporti bir necha soatga yopildi; Fujayradagi neft yuklash ishlari to‘xtatildi va Abu-Dabidagi «Shoh» gaz konidagi ishlar ham dron zarbalaridan so‘ng to‘xtatib qo‘yildi.

Eronning ta’kidlashicha, o‘tgan dam olish kunlarida mamlakat neft eksportining asosiy markazi bo‘lgan Xarg orolidagi harbiy obektlarga AQSh bergan zarbalar BAA hududidan amalga oshirilgan. Tehron Xarg oroliga zarbalar yo‘llangan har qanday davlatning neft va gaz obektlarini nishonga olishi haqida ogohlantirdi.

Pokiston Kobulga zarba berdi: 400 kishi halok bo‘ldi

«Tolibon» hukumati vakili Pokistonning Kobuldagi shifoxonaga bergan havo zarbasi oqibatida kamida 400 kishi halok bo‘lganini bildirdi. Yana 250 kishi yaralangan.

«Tolibon» matbuot kotibi o‘rinbosari Hamidulla Fitratning aytishicha, havo zarbasi dushanba kuni soat 21:00 da sodir bo‘lgan va davlat tomonidan boshqariladigan, 2000 o‘rinli giyohvandlarni reabilitatsiya qilish markazi bo‘lgan «Omid» shifoxonasi nishonga olingan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, qutqaruv guruhlari yong‘inni nazorat qilish va jabrlanganlarni olib chiqish uchun ishlamoqda.

Voqea joyidan olingan videolarda qorayib ketgan bir qavatli inshootda yong‘in izlari ko‘rinib turadi. Boshqa qismlarda binolar yog‘och va metall uyumlariga aylangan.

«Men (kecha tunda) yetib kelganimda hamma narsa yonayotganini, odamlar ham yonayotganini ko‘rdim», dedi tez yordam mashinasi haydovchisi Haji Fahim Reuters nashriga.

Pokiston Axborot va radioeshittirish vazirligi «Tolibon»ning da’vosi «faktlarni noto‘g‘ri talqin qilish» ekanini aytdi. Vazirlikka ko‘ra, Pokiston jangarilarining harbiy obektlari va «terrorchilarni qo‘llab-quvvatlash infratuzilmasini», jumladan, Pokiston tinch aholisiga qarshi ishlatilayotgan uskunalar va o‘q-dorilar omborlarini nishonga olgan.

O‘tgan oyda boshlangan ushbu mojaro 2600 kilometrlik chegaraga ega qo‘shnilar o‘rtasidagi tarixdagi eng yomoni bo‘lib qolmoqda. Do‘stona mamlakatlar, jumladan, Xitoyning vositachilik qilish va janglarni to‘xtatishga urinishlari natijasida vaziyat bir oz pasaygan edi, biroq endi u yana alanga oldi.

Bag‘dodda AQSh elchixonasi hujumga uchradi

Seshanba kuni erta tongda Bag‘dodning turli hududlaridan AQSh elchixonasiga qarata raketalar va kamida beshta dron uchirildi. Iroq xavfsizlik manbalari ushbu hujumni urush boshlanganidan beri sodir bo‘lgan eng shiddatli hujum deb ta’riflamoqda.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, kamida uchta dron elchixona yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangan. Havo mudofaa tizimi ulardan ikkitasini urib tushirgan, uchinchisi esa elchixona hovlisiga kelib tushgan. Shundan so‘ng u yerdan olov va tutun ko‘tarilgan.

Shuningdek, Iroq poytaxtida kuchli portlash ovozi ham eshitilgan.

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhlar 28 fevralda boshlangan urushga javoban Iroqdagi AQSh manfaatlariga hujumlar uyushtirmoqda.

Iroq xavfsizlik kuchlari poytaxtning bir necha qismlariga joylashtirildi va hukumat binolari hamda diplomatik missiyalar joylashgan Bag‘dodning «Yashil zona»si yopib qo‘yildi.

Moskvada ham dronlar hujumi

Rossiya poytaxti meri Sergey Sobyaninning aytishicha, 17 martga o‘tar kechasi havo mudofaa tizimlari Moskva yo‘nalishida uchib kelayotgan jami 39 ta dronni urib tushirgan. Hujumlar tongga qadar davom etgan.

Xabarlarda dronlarning nishoni qaysi obektlar bo‘lishi mumkinligi va ular Moskva viloyatining aynan qaysi tumanlari ustida urib tushirilgani ko‘rsatilmagan.

16 mart tongida ham Sergey Sobyanin o‘tgan ikki sutka davomida «havo mudofaa kuchlari bevosita Moskvaga yaqinlashishda va ikkinchi mudofaa chizig‘ida 250 ga yaqin dushman dronlarini yo‘q qilganini» ma’lum qilgan edi. «TASS» nashri 14-16 mart kunlari Moskvaga qilingan ushbu hujum yil davomidagi eng ommaviy hujum bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Bundan tashqari, Rossiyaning Belgorod, Bryansk va Leningrad viloyatlarida ham Ukraina dronlarining hujumi kuzatilgan. Hududlarda kamida 8 kishi jarohatlangani aytilmoqda.

Kubada 10 million kishi chiroqsiz qoldi

Dushanba kuni Kuba milliy elektr tarmog‘i operatori mamlakat elektr tizimi butunlay ishdan chiqqanini ma’lum qildi. AQSh tomonidan o‘rnatilgan neft qamali orolning allaqachon eskirgan elektr stansiyalarini bo‘g‘ib qo‘yishi natijasida 10 million kishi elektr energiyasiz qoldi.

Elektr tarmog‘i operatori ushbu keng ko‘lamli uzilish — «blackout» sababi o‘laroq nosozlik ehtimolini istisno qildi, biroq tizim qulashining aniq sababini hali aniqlay olishmadi.

Mutasaddilar butun mamlakat bo‘ylab kichik zanjirlar yoki «mikrotizimlar»da elektr ta’minotini tiklashni boshlagan.

Joriy yilda AQSh o‘zining azaliy raqibi bo‘lgan Kubaga nisbatan bosimni yanada kuchaytirdi.

Kema kuzatuv ma’lumotlariga ko‘ra, Kuba joriy yilda neft importi bo‘yicha atigi ikkita kichik kemani qabul qilgan. Bir paytlar Kubaning asosiy neft yetkazib beruvchisi bo‘lgan Venesuela bu yil orolga umuman yoqilg‘i yubormagan.

Tramp urush sababli Xitoy safarini kechiktirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan davom etayotgan urush tufayli aprel oyi boshiga rejalashtirilgan Xitoy safarini taxminan bir oyga kechiktirmoqchi.

«Biz uni bir oyga yoki shunga yaqin muddatga kechiktirishni so‘radik», dedi Tramp Oq uyda jurnalistlarga. Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi ushbu so‘rov bo‘yicha izoh bermadi.

Tramp 31 mart —2 aprel kunlari Pekinda Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashmoqchi edi. Ammo Eron bilan urush uning tashqi siyosatidagi ustuvor vazifalarini qanchalik o‘zgartirib yuborganini ko‘rsatmoqda.

Yakshanba kuni Tramp agar Xitoy Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokadadan chiqarishga yordam bermasa, uchrashuvni qoldirishi mumkinligini aytgan edi.

Shuningdek, bu holat Vashington va Pekin o‘rtasidagi keskinlikni yanada kuchaytirishi mumkin. Chunki endi Yaqin Sharqdagi inqiroz — savdo va Tayvan masalalari qatorida dunyoning ikki yirik iqtisodiyotini bir-biridan ajratib turuvchi muammolarga qo‘shildi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid