Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronda portlatilgan ko‘prik, Ho‘rmuzni ochish bo‘yicha koalitsiya va AQSh bosh prokurorini ishdan olgan Tramp – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Tramp Eronga zarbalarni kuchaytirdi
AQSh va Isroilning qo‘shma havo hujumi boshlanganidan beri deyarli besh hafta o‘tgan bo‘lsa-da, Erondagi urush butun mintaqada tartibsizlikni yoyishda va moliya bozorlarini larzaga keltirishda davom etmoqda.
Donald Tramp so‘nggi kunlarda o‘z ritorikasini kuchaytirdi, chunki Eronning yangi rahbarlari bilan vositachilar orqali olib borilayotgan muzokaralar juda kam siljish ko‘rsatmoqda.
«AQSh harbiylari Eronda qolgan narsalarni yo‘q qilishni hali boshlagani ham yo‘q. Navbatda ko‘priklar, keyin esa elektr stansiyalari», deb yozdi Tramp payshanba kuni kechqurun. Shuningdek, u Eron rahbariyati «nima qilish kerakligini biladi va buni TEZDA amalga oshirishi kerak!» deb qo‘shimcha qildi.
Tramp avvalroq AQSh Tehron va Karaj o‘rtasida yangi qurilgan ko‘prikni bombardimon qilayotgani aks etgan videoni e’lon qilgan edi. Ushbu B1 ko‘prigi shu yili ochilishi rejalashtirilgan edi. Eron ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh hujumi oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan va 95 kishi yaralangan.
«Fuqarolik inshootlariga, jumladan, qurib bitkazilmagan ko‘priklarga zarba berish – eronliklarni taslim bo‘lishga majbur qila olmaydi», dedi Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi.
Payshanba kuni amerikalik 100 dan ortiq xalqaro huquq ekspertlari AQSh kuchlarining harakatlari «xalqaro inson huquqlari va xalqaro humanitar huquqning buzilishi, jumladan, ehtimoliy urush jinoyati bo‘yicha jiddiy xavotir uyg‘otayotganini» ma’lum qildi.
Ekspertlar tomonidan imzolangan maktubda, xususan, Trampning AQSh Eronga «shunchaki ko‘ngilxushlik uchun» zarbalar berishi mumkinligi haqidagi izohi qayd etilgan. Shuningdek, unda Pentagon rahbarining mart oyidagi AQSh «jangovar harakatlarning ahmoqona qoidalari» bilan urushmasligi haqidagi so‘zlari keltirilgan.
Ko‘rfaz davlatlari esa o‘zini himoya qilish huquqini saqlab qolishlarini aytsa-da, so‘nggi bir oy davomida Eronning takroriy hujumlariga harbiy javob qaytarishdan tiyilib turibdi. Ular vaziyatning yanada halokatliroq bo‘lgan – katta urushga aylanib ketishidan qochishga harakat qilmoqda.
Urush boshlanganidan beri Yaqin Sharq bo‘ylab minglab odam halok bo‘ldi va o‘n minglab kishi yaralandi.
Ho‘rmuzni ochish bo‘yicha harakatlar boshlandi
BMT Xavfsizlik Kengashi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va uning atrofida tijorat kemachiligini himoya qilish bo‘yicha Bahrayn rezolyutsiyasiga ovoz berishi kutilmoqda. Reutersʼning yozishicha, veto huquqiga ega bo‘lgan Xitoy har qanday kuch ishlatishga ruxsat berilishiga ochiqdan ochiq qarshi chiqqan.
Kengashning 15 a’zosi ishtirokidagi yig‘ilish va ovoz berish jarayoni shanba kuni ertalabga belgilangan.
Xavfsizlik Kengashining amaldagi raisi Bahrayn rezolyutsiya loyihasini yakunlagan. Unda tijorat kemachiligini himoya qilish uchun «barcha zaruriy mudofaa vositalari»ga ruxsat berish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq hujjatni qabul qildirish uchun Ko‘rfaz davlatlari Rossiya va Xitoyning e’tirozlarini yengib o‘tish maqsadida rezolyutsiya matnidan «majburiy ijro» haqidagi ochiq havolani olib tashlagan edi.
Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi qabul qilinishi uchun kamida to‘qqizta «yoqlab» ovoz berilishi va beshta doimiy a’zo — Buyuk Britaniya, Xitoy, Fransiya, Rossiya va AQSh tomonidan veto qo‘yilmasligi talab etiladi.
Bundan tashqari, payshanba kuni 40 dan ortiq davlat AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi urush yakunlangach, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali erkin o‘tishni ta’minlash maqsadida koalitsiya tuzdi.
Dastlabki yig‘ilishga Britaniya tashqi ishlar vaziri Yvett Kuper virtual tarzda mezbonlik qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p millatli koalitsiya Ho‘rmuzni «xavfsiz va barqaror ochish» uchun «diplomatik va iqtisodiy vositalarning barcha turlarini» jamoaviy safarbar etadi.
Ushbu vositalardan biri Eronga nisbatan yangi iqtisodiy sanksiyalar bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, «mojaro yumshaganidan so‘ng» minalardan tozalash va kemalarni kuzatib borish kabi mudofaa imkoniyatlari o‘rganiladi.
Virtual yig‘ilish operativ qarorlar qabul qilishga emas, balki asosan vaziyatni baholash va saflarni jipslashtirishga bag‘ishlandi. Hech qanday qo‘shma bayonot e’lon qilinmadi.
AQSh bosh prokurori ishdan olindi
Prezident Donald Tramp payshanba kuni AQSh bosh prokurori Pam Bondini lavozimidan ozod qildi. Tramp uning faoliyatidan, ayniqsa marhum pedofil-jinoyatchi Jyeffri Epshteyn ishi bo‘yicha hujjatlarning e’lon qilinishi borasida noroziliklari ortib borgan.
Manbalarga ko‘ra, Tramp shuningdek, Bondining u jinoiy javobgarlikka tortilishini xohlagan tanqidchilar va raqiblariga nisbatan ayblov qo‘yishda yetarlicha tez harakat qilmayotganini his qilgan.
Tramp o‘z postida Bondini «Buyuk Amerika vatanparvari va sodiq do‘st» sifatida maqtagan. Tramp uning tez orada xususiy sektorga ishga o‘tishini aytdi, biroq tafsilotlarni keltirmadi.
Shuningdek, Tramp Adliya vaziri o‘rinbosari va o‘zining sobiq shaxsiy advokati Todd Blansh Adliya vazirligiga vaqtincha rahbar bo‘lishini ma’lum qildi. AQShda adliya vaziri — bosh prokuror ham hisoblanadi.
Bosh prokuror Bondi xonim esa o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi postida Trampni maqtab, unga minnatdorlik bildirdi hamda bir oy davomida vazifalarini Blanshga topshirish bilan o‘tkazishini aytdi.
AQShning bosh prokurori sifatida ishlagan Bondi faoliyati davomida Tramp kun tartibining ashaddiy himoyachisi bo‘lgan. U Adliya vazirligining tergov ishlarida Oq uydan mustaqil bo‘lish an’anasini ham barbod qildi.
Shuningdek, Bondi Epshteynga nisbatan Adliya vazirligi olib borgan jinsiy savdo bo‘yicha tergov materiallarini yashirishda yoki ularning e’lon qilinishini noto‘g‘ri boshqarishda ayblangan.
Isroilning yangi qonuni qoralandi
Sakkizta musulmon davlati — falastinliklarga o‘lim jazosini odatiy jazo sifatida belgilovchi Isroil qonunini «keskin qoraladi». Bu haqda payshanba kuni Pokiston tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda aytiladi.
Dushanba kuni Knesset qabul qilgan ushbu qonun «Isroil mavjudligiga chek qo‘yish»ga qaratilgan hujumlarni sodir etishda ayblangan isroilliklarga nisbatan qo‘llanadi. Tanqidchilarning ta’kidlashicha, bu falastinliklarga nisbatan o‘lim jazosi qo‘llanishini, ammo o‘xshash jinoyatlarni sodir etgan isroillik yahudiylarga nisbatan bunday jazo qo‘llanmasligini anglatadi.
Ma’lum qilinishicha, Pokiston, Turkiya, Misr, Indoneziya, Iordaniya, Qatar, Saudiya Arabistoni va BAA ushbu qonun «xavfli keskinlashuv» ekanini ta’kidlagan. Ular keskinlikni yanada kuchaytirishi mumkin bo‘lgan «choralardan tiyilish zarurligini» qayd etdi.
«Ular javobgarlikni ta’minlash muhimligini ta’kidlab, barqarorlikni saqlash va vaziyat yanada yomonlashishining oldini olish uchun xalqaro sa’y-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi», deyiladi xabarda.
Qo‘shni Afg‘onistondagi «Tolibon» hukumati ham ushbu qonunni «zulmning davomi» deb atadi va «xalqaro tashkilotlar hamda nufuzli davlatlarni bunday harakatlarning oldini olish uchun amaliy choralar ko‘rishga» chaqirdi.
Qonun Isroilning G‘arbdagi ittifoqchilari tomonidan ham tanqidlarga uchradi. Yevropa Ittifoqi va Germaniya ushbu qadamdan xavotir bildirdi, shuningdek, Kanada ham bunga qarshi chiqdi.
Rossiyada yana bir nufuzli general halok bo‘ldi
Rossiya Qurolli Kuchlari Shimoliy floti aralash aviatsiya korpusi qo‘mondoni, general-leytenant Aleksandr Otroshenko 31 mart kuni Qrimda qulagan An-26 harbiy-transport samolyoti bo‘lgan. BBC’ning o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, u halokat natijasida vafot etgan.
Hisob-kitoblariga ko‘ra, Aleksandr Otroshenko Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri halok bo‘lgan rossiyalik beshinchi general-leytenant bo‘ldi.
Aleksandr Otroshenko 2010-2013 yillarda Rossiya Qora dengiz floti dengiz aviatsiyasiga qo‘mondonlik qilgan, so‘ngra Shimoliy flot dengiz aviatsiyasiga va Harbiy havo kuchlarining 45-armiyasiga qo‘mondonlik qilgan.
Seshanba kuni qulagan An-26 samolyoti qoyaga borib urilgani taxmin qilinmoqda. Uning bortida bo‘lgan 29 kishining barchasi halok bo‘lgan. Rossiya mudofaa vazirligi «halokatning dastlabki sababi — texnik nosozlik» deb baholagan.
Mavzuga oid
16:00 / 02.04.2026
Oy tomon yo‘l olgan fazogirlar, Luhanskni to‘liq «ozod qilgan» Rossiya va Trampning murojaati – kun dayjesti
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026
Isroilda falastinliklarni kamsituvchi qonun, Ho‘rmuzda yoqib yuborilgan Kuvayt tankeri va Germaniyaga kelgan Ash-Shar’a – kun dayjesti
15:30 / 30.03.2026