Test tizimidan voz kechish kerakmi? Rasul Kusherbayev va Alisher Sa'dullayev munosabat bildirdi
«Test tizimidan butunlay voz kechib, abituriyentlar o‘qishga faqat suhbat, savol-javob asosida qabul qilinishi kerak deb hisoblayman va bu o‘zini oqlaydi», degan Kusherbayev.
Bugun, 20 noyabr kuni Davlat boshqaruvi akademiyasi yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutida o‘tkazilgan «Yoshlarda ijtimoiy faollikni shakllantirishning zamonaviy muammolari: liderlik, ijodkorlik, innovatsiyalar» mavzusidagi konferensiyada deputat Rasul Kusherbayev test tizimidan butunlay voz kechish kerakligi haqida gapirdi.
Tadbir ishtirokchilaridan biri bugungi kunda bolalar psixologlar tavsiyasi asosida layoqatiga qarab maktabga qabul qilinayotgani, bu ularning qobiliyati yuza chiqishiga katta yordam berayotganini ta'kidlab, bu tajribani oliy ta'lim tizimiga, xususan, pedagoglarni tayyorlash jarayoniga ham joriy etish lozimligi, chunki abituriyentlar test sinovlaridan o‘tib, talaba bo‘lgani bilan ularda ko‘p hollarda bolalarga dars berish, o‘quvchilar bilan ishlash layoqati yetishmayotgani, buning oqibatida pedagogika yo‘nalishida o‘qigan yigit-qizlarning ko‘pchiligi boshqa sohalariga o‘tib ketayotganiga e'tibor qaratdi. Mutasaddilardan yuqoridagi omillarni inobatga olib, kirish imtihonlaridan oldin abituriyentlarni psixologik suhbatdan o‘tkazib, ularning tanlagan sohasi bo‘yicha layoqatini sinovdan o‘tkazish joriy etilishi ehtimoli bor-yo‘qligi so‘raldi.
Rasul Kusherboyev bu savolga javoban test tizimi ma'lum bir qolipdagi savol-javoblar bilan abituriyentga oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishiga kafolat berishi mumkinligi, lekin bu tizim nomzodning dunyoqarashi, psixologik dunyosi qay darajada ekanini aniqlab bermasligi haqida gapirdi.
«Test tizimidan butunlay voz kechib, abituriyentlar o‘qishga faqat suhbat, savol-javob asosida qabul qilinishi kerak deb hisoblayman va bu o‘zini oqlaydi.
Nafaqat pedagogika, balki hamma yo‘nalishlar nomzodlar bo‘yicha oliy ta'lim muassasalariga savol-javob va suhbat asosida o‘qishga qabul qilinishi kerak. Savol-javob qiladigan, suhbat oladigan halol, adolatli, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydigan mutaxassislarni topa olsak, masala shu yerda. Men shunday hisoblayman. Test tizimi hech qachon o‘zini oqlamaydi», deya Rasul Kusherbayevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mazkur masala yuzasidan prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Alisher Sa'dullayev ham o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.
«Bu yoshlar uchun haqiqatan ham og‘riqli savol. Agar xorijiy tajribaga qaraydigan bo‘lsak, ma'lum bir belgilab qo‘yilgan standart testlar bo‘ladi. Rivojlangan davlatlarga qarasangiz, GMAT, SAT, GRE degan alohida test tizimlari bor. Bu test tizimlari davlatdan mustaqil ravishda asosan xususiy sektor vakillari tomonidan boshqarilishi ko‘zda tutilgani uchun ham test jarayonidagi nohaqliklarning, misol uchun, qanaqadir tushunmovchiliklarning oldi olingan. Masalan, Amerika maktablarida SAT testidan yaxshi baho olgan bola avtomatik ravishda o‘qishga kirib ketadi», deydi Alisher Sa'dullayev.
Uning ta'kidlashicha, suhbat jarayonida bir abituriyent bilan 5 daqiqa gaplashib, unga o‘qishga kirish haqida tavsiya bersa, boshqasi bilan 10 daqiqa gaplashsayu u imtihondan yiqilsa, savollar yanada ko‘payadi.
«Shuning uchun ham xorijiy tajribaga qaralsa, adolat mezoni alohida bitta imtihon testiga bog‘liq bo‘ladi. Bu test aynan test bo‘lishi shart emas. Oddiy SAT test tizimini olib qarasak, ularning ma'lum bir qismida kichkina testlar bor. Unaqa keng testlarmas. Bizning tizimdagidek ko‘p test berilmaydi. Ularda 4-sinf bolasiga kuz va bahor aks etgan 2ta rasm berilib, ular o‘rtasida farqni topib berish va mazkur ikki surat o‘rtasidagi bog‘liqlikni aks ettiruvchi boshqa bir surat chizib berish so‘raladi. Miyaning bir qismi mantiq, bir qismi ijodiy yondashuvga javob beradi deyishadi. Xorijdagi test savollariga ana shu omillardan kelib chiqib javob berish talab etiladi.
Yangi narsani kashf qilish kerakmas. Xalqaro tajribani o‘rganish kerak. Davlat test markazi tomonidan CEFR testini muvaffaqiyatli topshirganlar ingliz tili imtihonlaridan ozod qilinishi ham bu boradagi ijobiy qadamlardan biri. Fikrimcha, bitta yo‘nalishga standartlashgan test tizimiga biz ham o‘tsak kerak. Chunki xususiylashtirishga bu narsa o‘tilsa, unda ham yaxshi bo‘lardi. Faqat bizda test tizimini sifatli amalga oshira oladigan kadrlar yetarmikan, degan savol ochiq qoladi», degan Alisher Sa'dullayev.
Mavzuga oid
18:17 / 04.10.2024
Bosh vazir Abdulla Aripov shaxmat federatsiyasiga raislik qiladi
20:54 / 23.01.2024
“Orqasida amaldorlar turgan bo‘ladi” - Kusherbayev tabiatni pullayotgan tadbirkorlar haqida
14:51 / 26.12.2023
Rasul Kusherbayev ekologiya nazorat organini hukumat tarkibidan chiqarishni taklif qildi
11:24 / 26.12.2023