Jamiyat | 19:12 / 03.01.2017
21843
2 daqiqa o‘qiladi

Gitlerning kitobi Germaniyada bestsellerga aylandi

Adolf Gitlerning tanqidiy izohlar bilan qaytadan nashr etilgan «Mein Kampf» («Mening kurashim») kitobi Germaniyada 2016 yilning eng ko‘p qiziqishlarni keltirib chiqargan kitobi bo‘ldi. Bu haqda kitobni nashr qilgan Myunxendagi zamonaviy tarix instituti (Institut für Zeitgeschichte, IfZ)direktori Andreas Virshing ma'lum qildi.

Avvaliga institut ikki tomli bu kitobni 4 ming nusxada tayyorlagandi.

«Hozirgacha 85 ming kitob sotdik. Yanvar oyi oxirida oltinchi tiraj chiqadi (...) Hech kim bunday muvaffaqiyatni o‘ylamagandi», — degan Virshing.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki ajiotajdan keyin jamiyat professional muhokamaga kirishgan va kitob matni professional nuqtai nazardan o‘rganib baholangan.

Direktor bu kitobni maktablarda darslik sifatida joriy etish takliflari ham bildirilganini qayd etib o‘tgan.

Virshingning xabar qilishicha, ayni vaqtda kitobning fransuz tilidagi nashri tayyorlanmoqda.

«Bu so‘zma-so‘z tarjima bo‘lmaydi. Kitobni qayta ishlab, qisqartiramiz», — degan u. Direktor kelgusida kitob kattaroq auditoriya uchun ingliz tilida ham nashr etilishi mumkinligi aytib o‘tgan.

2016 yilning yanvarida Gitlerning kitobi 70 yildan buyon ilk marta sotuvga chiqarilgandi. Peshtaxtalarda sotuvga chiqarilishdan oldin ilk tirajni internet orqali buyurtma qilish mumkin edi.

Gitler «Mayn kampf»ni 1924 yilda, Bavariyadagi qamoqxonada yotganida yozgan. U 1923 yili isyon tashkilotchisi sifatida qamoqqa olingandi. Kitobda natsional-sotsializm g‘oyalari aks etgan. Kitob ilk marta 1925 yilda nashr etilgan, 8 yil o‘tgach Gitler hokimiyat tepasiga kelgan va bu kitob Germaniyadagi eng ko‘p nashr etiladigan kitobga aylangan, har bir germaniyalik bu kitobni o‘qib chiqishi shart bo‘lgan.

Mavzuga oid