Jahon | 20:30 / 25.01.2017
17392
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Alisher Usmonov Rossiyadagi "raqamli kuzatuv" bozori yetakchisini sotib olmoqchi

Foto: Info-islam.ru

USM xoldingi egalaridan biri Alisher Usmonov tuzilmalari dasturiy ta'minot va apparat majmualari ishlab chiqaruvchi "MFI Soft" kompaniyasini sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib borishmoqda. Bu kompaniya tezkor-qidiruv tadbirlari vazifalarini ta'minlovchi texnik vositalar tizimi uchun yechimlar ishlab chiqarishda yetakchi hisoblanadi. Bu haqda RNS nashri xabar bermoqda

"Usmonov tuzilmalari "MFI Soft"ni sotib olish bo‘yicha kelishmoqdalar", deb aytgan nashr manbalaridan biri.

Yana bir manba sarmoyachilar davlat idoralariga mo‘ljal olgan, Federal xavfsizlik xizmati litsenziyalariga ega  pochta xizmatlari uchun yechimlarga qiziqayotganini ma'lum qilgan.

USM xoldingida izohlardan bosh tortildi. 

"MFI Soft" ofislari Moskva va Nijniy Novgorodda joylashgan. Kompaniya saytidagi ma'lumotga ko‘ra, kompaniya axborot xavfsizligi tizimlari (DLP tizimlari, ma'lumotlar bazasini himoyalash), internet-trafikni filtrlash, qonuniy nazorat tizimlari va antifrod-tizimlar yaratish bilan shug‘ullanadi. MTS, RJD, «Vimpelkom», Tele2, Safedata, «Er-Telekom», Transtelekom va boshqa kompaniyalar "MFI Soft"  mijozlari hisoblanadi.  

Forbes nashrining ma'lum qilishicha, kompaniya Rossiyada trafikni ushlash (telefon suhbatlari, mobil aloqa, internet) vositalari ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniya hisoblanadi. Kompaniya shuningdek ALOE Systems tuzilmasi orqali Kanada, AQSh, Meksika, Argentina, Braziliya, Kosta-Rika, Salvador, Peru va Urugvayda taqdim qilingan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid