Telegram'dan ko‘chirilgan “milliy messenjer”: uning obunasi o‘n minglab davlat xizmatchilariga sotiladi
Tendersiz tanlab olingan “UNICON-SOFT” MChJ ishlab chiqqan “Humo Messenger” uchun Telegram'ning ochiq kodlaridan foydalanilgan. Davlat tashkilotlari har bir xodimi bu “ixtiro” uchun oyiga 25,2 ming so‘mdan abonent to‘lovi to‘lashi kerak. Raqamlashtirish vazirligi bu davlat xizmatchilarining yozishmalari xavfsiz bo‘lishi uchun muhimligini bildirib, undan foydalanish majburiy emasligini aytmoqda.
O‘zbekistonda davlat tashkilotlari xodimlari uchun milliy messenjer ishlab chiqildi.
«2022-2023 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga binoan, milliy messenjerni ishlab chiqish bo‘yicha buyurtma to‘g‘ridan to‘g‘ri «UNICON-SOFT» MChJga berilgan.
Qiziq tarafi, «Humo Messenger» – milliy messenjerini ishlab chiquvchilar uning dizayni va sozlamalarini dunyodagi mashhur messenjerlardan biri – Telegram'dan deyarli birga-bir ko‘chirib qo‘yishgan.
«Ooo, zo‘rku, va nihoyat milliy messenjer ishlatar ekanmiz» deya xursand bo‘lib, o‘sha dasturni ishlatmoqchi bo‘ldim. Ammo dasturni ochishim bilan, bu Telegram'mi yoki Humo'mi, deb adashib qoldim. Shovvozlarimiz birga-bir Telegram'dan ko‘chirishibdi. Yana nomi O‘zbekistonning milliy messenjeri emish... UNICON-SOFT’ga bittagina savolim bor: bu sharmandalikka qanday chidaysizlar?» – deya yangilikka munosabat bildirdi bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.
Boz ustiga davlat tashkilotlari xodimlari tekin va original analogi turganda, bu «ixtiro» uchun har oy 25 200 so‘mdan abonent to‘lovi to‘lashi kerak.
Garchi 25 ming so‘m kichik summa ko‘rinsa-da, yuz minglagan davlat xizmatchilari soniga ko‘paytirilsa, bir oyda 2 milliard, bir yilda 30 milliard so‘m yoki 2,6 million dollardan oshadi.
Agar 25,2 ming so‘mlik abonent to‘lovini xodimlar to‘lamaydi deyiladigan bo‘lsa ham, o‘z-o‘zidan davlat tashkiloti yoki uning qandaydir jamg‘armalari hisobidan qoplanishi mumkin. Bu xarajatlari yil sayin oshib borayotgan hukumat uchun ortiqcha yuk bo‘lishi aniq.
Messenjer saytida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda uning rasmiy foydalanuvchilari soni 22 ming kishidan ortadi.
Messenjerning ishlab chiquvchisi – «UNICON-SOFT» MChJning 25 foiz ulushi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi «UNICON.UZ» Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi unitar korxonasiga tegishli. Qolgan 75 foizning egasi esa 4 nafar jismoniy shaxs ta’sischiligidagi «Prosoft» MChJ hisoblanadi.
Yuqorida keltirilgan farmonning 1-ilovasi 87-bandida ushbu milliy messenjerni ishlab chiqish va vazirlik tizimida sinov tariqasida joriy etish uchun «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi» mablag‘laridan foydalanish ko‘rsatilgan.
Lekin, Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan Raqamli texnologiyalar vazirligi (sobiq AKTR) matbuot kotibi Sherzod Ahmatov dastur "UNICON-SOFT" MChJning o‘z mablag‘lari hisobiga ishlab chiqilganini va unga budjetdan pul ajratilmaganini bildirdi.
«Bu davlatning axborot xavfsizligi siyosati bilan bog‘liq. Davlat tashkilotlari xodimlari serverlari O‘zbekistonda turmaydigan xorijiy messenjerlardagi o‘zaro yozishmalarda hujjatlarni almashadi. Bu yozishmalarni xavfsiz qilish uchun milliy messenjer bo‘lishi kerak edi.
"UNICON-SOFT" tendersiz tanlab olinganiga sabab – bu dastur tekinga tayyorlab berilgani va barcha talabga javob beradigan boshqa kompaniya yo‘qligidir. Agar yana bironta boshqa IT sohasidagi kompaniyalar server qurilmalari O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan va axborot xavfsizligi talablariga javob beradigan boshqa messenjer ishlab chiqib, foydalanishga kiritsa, unga ham hech qanday qarshilik yo‘q. Bunday mesenjyerlar qancha ko‘p bo‘lsa, foydalanuvchilarga shuncha imkoniyat bo‘ladi va ular bir-biri bilan raqobatlashadi.
Davlat tashkilotlari xodimlariga ma’lumotlari xavfsizligi uchun bu messenjerdan foydalanishlari tavsiya qilinadi, lekin majburlanmaydi. Agar kimdir pul to‘lashga majburlansa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishi mumkin», – deya vazirlik rasmiysining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Farmon ijrosida milliy messenjerdan foydalanish uchun abonent to‘lovini «UNICON-SOFT» MChJ bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tuziladigan shartnomalar asosida 2023 yil 1 yanvardan boshlab doimiy ravishda tashkil etish belgilangan. Bunda messenjerdan foydalanuvchilar mablag‘lari, ya’ni to‘lovlari uni yuritish uchun asos bo‘ladi.
«UNICON-SOFT» MChJning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, davlat xizmatchilarida «yangi tizimdan foydalanish ko‘nikmasi hosil qilishga ko‘p vaqt ketmasligi uchun» HUMO messenjerini ishlab chiqishda aynan Telegram messenjerining ochiq kodli interfeysidan foydalanilgan.
«Telegram interfeysi ishlab chiqaruvchi tomonidan ochiq kodlar platformasi Github'ga GNU General Public License v2.0 litsenziyasi asosida joylashtirilgan. Ushbu litsenziya tijoriy maqsadlar, interfeysni qayta ishlash, o‘zgartirish, tarqatish va ixtiyoriy foydalanish huquqlarini beradi.
Narxi borasida. Aslini olganda xar bir foydalanuvchi uchun bir oylik xarajatlar bundan yuqori. Har bir foydalanuvchi tizim serveriga bir oy o‘rtacha 2 Gb fayl (ba’zilar undan ko‘p yoki kamroq bu o‘rta hisobda olingan) yuklashi va messenjerni tezkor ishlashi uchun yuqori tezlikdagi internet kanal va boshqa server resurs xarajatlari nazarda tutilgan», – deyiladi kompaniya bergan izohda.
Ma’lumot uchun, Humo messenjeri andozasidan foydalanayotgan, «dunyodagi eng tez va xavfsiz messenjer» deya pozitsiyalanadigan Telegram ilovasi 2013 yilda Pavel Durov tomonidan yaratilgan. 2022 yil o‘rtalariga kelib, uning faol foydalanuvchilari soni 700 milliondan oshdi.
Ilova O‘zbekistondagi eng ommabop messenjer hamdir: rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 18 million kishi bu ilovadan foydalanadi.
Telegram o‘z foydalanuvchilaridan (garchi ular dunyoning istalgan davlatida bo‘lsa-da) hech qanday pul olmaydi. Faqatgina 2022 yilga o‘rtalariga kelib, ilovaning bepul versiyasi to‘la saqlanib qolgan holda, uning pulli – Premium versiyasi taqdim etildi.
Mavzuga oid
20:04 / 26.11.2024
Kriptovaluta bilan bog‘liq bitimlar Telegramʼning asosiy daromad manbaiga aylandi
22:35 / 23.11.2024
Fransiyada deputatlarning Telegram akkauntlari buzib kirilgani yuzasidan tergov boshlandi
18:03 / 03.11.2024
Telegram mini-ilovalar uchun yangi funksiyalarni joriy qiladi
19:23 / 02.11.2024