Sport | 16:20 / 02.11.2024
7743
13 daqiqa o‘qiladi

«MYu»da yangi bosh murabbiy. Klub Ruben Amorimni tanlashiga 4 sabab

Ronaldu uni «shoir» deb atagan, Mourinioga shogird bo‘lgan.

Foto: The Athletic

«Manchester Yunayted»da yana yangi davr boshlanmoqda va bu gal ham «qizil iblislar» Yevropa futbolida nom chiqarib ulgurgan katta murabbiylardan birini emas, nisbatan kichikroq imkoniyatlardan katta natija yarata olgan mutaxassisga e’tibor qaratdi. Xo‘sh, aynan qanday karomatlari sabab Ruben Amorim «orzular teatri»ga «rejissyorlik»ka taklif etildi?

Portugal futbolida kurash azaldan uch jamoa o‘rtasida kechgan: «Benfika», «Portu» va «Sporting». Ammo so‘nggi o‘n yilliklarda bahs, asosan, dastlabki ikki klub o‘rtasida bo‘layotgandi. XX asr o‘rtasida «Sporting» portugal futbolini boshqargan. 1941-1958 yillarda lissabonliklar 10 karra chempionlikni qo‘lga kiritib, «Benfika»ning asosiy raqibiga aylanib olgandi. Biroq 80-yillardan keyin bu kurashda «Portu» ancha ildam harakatlanib, poytaxtliklar orasiga suqulib kirdi va «Benfika»ning bosh raqibi sifatida namoyon bo‘la boshladi.

90-yillarda biror marta mamlakat bosh divizioni chempionligini qo‘lga kirita olmagan «Sporting» yil sayin yuqoridagi juftlik bilan farqni kattalashtirib yubordi. 2000-yillar avvalida qisqa muddat klub yana o‘z darajasiga qaytgandek taassurot uyg‘otdi, biroq keyin jamoa tarixidagi eng omadsiz – 19 yillik «qurg‘oqchilik» yuz berdi va bu davrda ularning ashaddiy raqiblari barcha chempionlik kuboklarini bo‘lishib olishdi. Jamoa shu qadar og‘ir ahvolga tushib qolgandiki, muxlislar futbolchilar va klub rasmiylariga hujum qilishdan ham tap tortmay qolgandi. 2018 yilda niqob taqqan o‘nlab jinoyatchilar «Sporting» mashg‘ulot bazasiga bostirib kirib, futbolchilarga hujum uyushtirgan va ularni o‘ldirish bilan tahdid qilgan. Bu voqea jamoa yulduzlari Rui Patrisiu va Villiam Karvalyu, yosh iqtidor egasi Rafael Leau kabilar klub bilan shartnomani bekor qilishiga sabab bo‘lgan. Mana shu voqeadan 3 yil o‘tib, bugun «Manchester Yunayted» murabbiyligiga kelishi kutilayotgan Ruben Amorim jamoani Portugaliya Primerasi chempioniga aylantirgan.

Uning «Sporting»dagi yutuqlari faqatgina shu chempionlik bilan yakunlanib qolmadi. Portugaliyalik mutaxassis klubni 11 yil deganda Chempionlar Ligasi pley-offiga olib chiqdi. Yevropa Ligasida esa lissabonliklar uning qo‘l ostida chorakfinalda o‘ynashdi. O‘tgan mavsumda «Sporting» yana Portugaliya chempioni bo‘ldi va Amorim jamoasi bu ishni chempionat yakunlanishiga 2 ta tur qolganda hal qildi. Joriy mavsumda ham Portugaliyada jamoani to‘xtatib qoladigan kuch topilmayapti. Lissabon klubi 9 ta turning barchasida zafar quchib, 27 ochko bilan turnir jadvali karvonboshisi bo‘lib turibdi. UEFA Chempionlar Ligasida 3 ta o‘yin o‘tkazgan «sherlar» 7 ochko bilan yetakchilar qatorida bormoqda.

Lekin xavotir ham yo‘q emaski, «Manchester Yunayted»ning bundan oldingi murabbiyi (Erik ten Hag) ham jamoasini («Ayaks») ketma-ket mamlakat chempioniga aylantirgan va sensatsion tarzda Chempionlar Ligasi yarimfinaliga olib chiqqandi. Ruben Amorimning o‘ziga xosligi nimadaki, Ser Jim Retkliff va Den Eshuort boshliq sport bo‘limi aynan mana shu mutaxassis nomzodiga to‘xtaldi. Zero, agar bu murabbiy ham muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, «Old Trafford» Gleyzerlarni emas, aynan Retkliff va INEOS'ni ayblaydi.

Tezkor ta’sir

Iste’foga chiqarilishidan bir haftagina oldin «Vest Hem»ga qarshi bellashuvda mag‘lubiyatga uchragan ten Hag muxlislar va klub rahbariyatidan yana sabr qilishni so‘ragandi. Lekin Jim Retkliff va klub sport direktori unga hatto keragidan ko‘p vaqt berishdi. Natijada Amorim oldidagi vazifa anchayin murakkab ko‘rinish olgan va undan darhol reaksiya ko‘rsatish talab etiladi. «MYu» hozirda 4-o‘rindagi «Aston Villa»dan 7 ochko orqada, Yevropa Ligasida esa uchala o‘yinda durang qayd etib, 3 ochko jamg‘argan, xolos.

Lekin bu Ruben Amorimni tashvishga soladigan holat emas, u bundan oldingi jamoalarida tez fursatda natija ko‘rsata olgan. «Braga»dagi ishini olaylik. U klubda atigi 13 uchrashuvda murabbiylik qilgan va shundan 10 tasida g‘alabaga erishgan. Ushbu muvaffaqiyatlar orasida «Portu» ustidan mamlakat kubogi finalida erishilgan g‘alaba va 65 yil deganda «Benfika» o‘z maydonida taslim etilishi kabi natijalar bor. Ushbu muvaffaqiyatli va kichik muddat «Sporting»ni Amorim uchun 10 mln yevro bahridan o‘tishga majbur qilgandi.

2020 yil martida uning Lissabondagi sarguzashtlari boshlandi. Murabbiyning transfer narxi ko‘pchilikni hayratda qoldirgan. Boisi, bu qiymat bir qator klub yulduzlarining transfer narxlaridan ham balandroq edi. Biroq tez orada Ruben o‘ziga ishlatilgan pullar zoye ketmaganini isbotlashga erishdi. O‘zining dastlabki to‘liq mavsumida 19 yillik tanaffusdan so‘ng «yashil-oqlar» muxlislariga liga g‘olibligini taqdim etgan murabbiy o‘sha mavsumning o‘zida Liga kubogi finalida sobiq jamoasi «Braga»ni yengib, yana bitta titulni klub muzeyiga taqdim etdi.

Aniq uslub va taktik yondashuv

Ten Hagning so‘nggi ikki yildagi o‘yiniga muxlislarning eng katta noroziligi unda aniq qurilayotgan uslubning ko‘zga tashlanmaganidir. U jamoa qurilish jarayonida ekanini bot-bot ta’kidladi, biroq aynan nima ustida ishlanayotgani va yangicha o‘yin uslubining yakuniy ko‘rinishi qanday bo‘lishi haqida hech kimda aniq tasavvur mavjud emasdi. «Ayaks»daligida uning jamoasi to‘p nazoratiga o‘yin qurgandi va barchani hayratda qoldirgan. Biroq u «Manchester Yunayted»ga yangi kelganidayoq «Ayaksdek o‘ynamoqchi emasmiz», deb bo‘lgandi va amalda ham u «qizil iblislar» bilan to‘p nazoratini asosiy planga qo‘ymadi.

Ruben Amorimda esa futbol maydonida o‘z jamoasi qanday joylashishi bo‘yicha aniq qarashlar mavjud. U Portugaliya 3-divizioni «Kasa Pia»ni boshqargan davridan beri 3-4-3 sxemasida o‘ynab keladi va davomli muvaffaqiyatlarga ham aynan mana shu taktik joylashuv bilan erishib kelmoqda.

Shu bilan birga, Amorimni birgina sxemaga yopishib olgan deb bo‘lmaydi. Ayniqsa, «Sporting»dagi faoliyatida 39 yoshli murabbiy taktik xilma-xillik namoyish eta oldi. Dastlabki mavsumida lissabonliklar ajoyib qarshi hujumlari bilan e’tiborni tortdi va bu uslub markazida jamoa sardori hamda ishonchli himoyachisi Sebastian Koates, markazdagi to‘plarni yutishdagi iqtidori bilan allaqachon «Bavariya»ga o‘tishga ham ulgurgan Joau Palinya kabilar bo‘ldi. Shuningdek, qanot himoyachilari Nunu Mendesh va Pedro Porro ham hujumga qo‘shilishdagi faolliklari orqali jamoaning ajoyib natijalarida o‘z hissasini qo‘shib, himoyada ham ishonchli harakatlanishdi. Buni «Sporting»ning ligadagi 34 ta bahsda atigi 20 bor to‘p o‘tkazib yuborganidan ham bilish mumkin. Hujumkor yarimhimoyachi Pedru Gonsalvesh esa 23 ta gol bilan to‘purarga aylangandi. Mavsum yakuniga ikki tur qolganda chempionlikni nishonlab bo‘lgan lissabonliklar o‘sha vaqtgacha ligada mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelishdi. Biroq hamshaharlari «Benfika»ga qarshi kechgan bahsda ularning seriyasi yakuniga yetgan.

Masalliqqa qarab o‘tirmaydigan oshpaz

«Sporting»dagi dastlabki mavsumida muvaffaqiyat qozongan Ruben Amorim jamoasi tarkibidagi iqtidorlar tez fursatda Yevropa grandlari ko‘zini o‘ynata boshladi va tabiiy ravishda birin-ketin ular katta pullar evaziga transfer qilib yuborildi. Nunu Mendesh avvaliga ijara, keyin esa to‘laqonli transfer bilan «PSJ»ga o‘tib ketdi. Joau Palinya («Fulhem») va Mateush Nunesh («Vulverhempton») Angliyaga yo‘l olishdi. Pedro Porro ham ulardan sal keyinroq «Tottenhem» safiga borib qo‘shildi.

Albatta, bunday yo‘qotishlarga birdaniga moslashib, yana chempion bo‘lish qiyin. «Sporting» keyingi mavsumni 4-o‘rinda yakunladi, biroq shu yilning o‘zida ham sensatsiyalar qilishga muvaffaq bo‘ldi. Chempionlar Ligasida «Tottenhem»dan 4 ochko olishga erishgan (2:0, 1:1) «sherlar» keyinchalik Yevropa Ligasi chorakfinaliga chiqish yo‘lida «Arsenal»ni dog‘da qoldirdi (2:2, 1:1, penaltilar seriyasida 5:3). Va o‘tgan mavsumda uning jamoasi yana o‘zining eng yaxshi holatiga chiqib, 34 ta bellashuvda 96 ta gol urib, 27 ta o‘tkazib yuborgan holda 10 ochkolik zaxira bilan chempionlikka erishdi. Mana shunday dominant o‘yinni bu mavsumda ham davom ettirib, 9 ta bellashuvda 30 ta gol urgan jamoa endi murabbiyini katta klubga oldirib qo‘ymoqda.

«Sporting»da Inasiu va Koates himoyadagi ishonchli o‘yindan tashqari standartlar vaqtida raqib to‘rtburchagi ichida ham faolligi bilan ajralib turadi. Biroq ularni klub katta narxga qayerlardandir sotib olmagan. Yarimhimoyachilardan Pedru Gonsalvesh 6,5 mln yevroga Portugaliya ligasi o‘rtamiyonalaridan biri «Famalikau»dan xarid qilingan. Shvetsiyalik hujumchi Viktor Gyokeresh haqida esa juda ko‘p o‘qigan bo‘lsangiz kerak. «Koventri Siti»dan olib kelingan hujumchi o‘tgan mavsumda 39 ta uchrashuvda maydonga tushib, 36 ta gol urishga erishgandi. Bu mavsumda esa uning gollari soni allaqachon 12 taga yetdi.

Mourinioning unga o‘xshamaydigan shogirdi

Ruben Amorim murabbiylik faoliyatini Portugaliyaning quyi divizionida boshlagani bilan unda Joze Mourinioning qo‘lida tahsil olish imkoni bo‘lgan. Buni qarangki, uning 1 haftalik shogirdlik davri aynan hamyurti «Old Trafford»da faoliyat olib borgan davrda yuz bergan.

Shuningdek, futbolchilik faoliyatida unga jamoadosh bo‘lgan Krishtianu Ronaldu uning so‘zlashish uslubi sabab «shoir» deb ta’rif bergan. Darhaqiqat, uning o‘z fikrini ifodalash uslubi Portugaliya ommaviy axborot vositalari orasida ham mashhur hisoblanadi. Biroq uning Jozedan farqi shundaki, shartnoma bilan belgilab qo‘yilganidan tashqari intervyular bermaydi. Ustozidan yana bir farqi — g‘alabalarda futbolchilarining darajasini ko‘tarib, o‘z xizmatlarini panaga olishga harakat qilishidadir.

Qayd etish kerakki, portugaliyalik mutaxassis «Liverpul» bosh murabbiyligi uchun Arne Slotning asosiy raqobatchisi edi. Keyinchalik u «Vest Hem»da Devid Moyyesning o‘rnini egallash borasida ham muzokara o‘tkazdi, biroq klub bilan qarashlari farqli chiqib qoldi va buning uchun «Sporting» muxlislaridan uzr so‘radi. Erik ten Hag iste’foga chiqarilgach, ishlar tezlashib ketdi. Avvaliga «Sporting» bosh murabbiy bilan xayrlashayotganini e’lon qildi, ikki kun o‘tib «MYu» uni yangi bosh murabbiyi sifatida tanishtirdi. Portugaliyalik 39 yoshli mutaxassis bilan 2027 yilga qadar shartnoma imzolangan.

Yuqoridagi fikrlardan ko‘rinib turibdiki, u «Old Trafford»ga kelish uchun bir murabbiydan talab etiladigan barcha ishni qilib bo‘lgan, endi yana nimalar qo‘lidan kelishini birgalikda ko‘ramiz.

Abdulbasit Valixonov tayyorladi

Mavzuga oid