Jahon | 11:38 / 22.10.2024
4956
4 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston o‘qituvchilarining o‘rtacha oyligi salkam 4 mln so‘mni tashkil etadi

Mamlakatning ta’lim va fan vaziri Dogdurkul Kendirboyevaning ma’lumotiga ko‘ra, qirg‘iz o‘qituvchilarining o‘rtacha oylik ish haqi 3 mln 952 ming so‘mdan yuqorini tashkil etmoqda. Iqtisodchi Otabek Bakirov bu summa O‘zbekiston o‘qituvchilarining o‘rtacha oyligidan baland ekaniga e’tibor qaratgan.

Foto: Bilim AKIpress

Qirg‘iziston mahalliy nashrining yozishicha, ta’lim va fan vaziri Dogdurkul Kendirboyeva qirg‘iz OAVga bergan intervyusida o‘qituvchilarning o‘rtacha oyligi 26 400 som, ya’ni Markaziy bankning hozirgi valuta kursi bilan hisoblaganda 3 mln 952 ming so‘mdan ko‘proq ekanini aytib o‘tgan.

Vazirga ko‘ra, qardosh mamlakatda eng yuqori maoshni baland tog‘lar va chekka hududlarda ishlayotgan, shuningdek, katta tajribaga ega, yuklamasi yuqori bo‘lgan o‘qituvchilar oladi.

Kendirboyeva ilk marotaba o‘qituvchilarning o‘rtacha ish haqi Qirg‘izistondagi o‘rtacha ish haqiga teng bo‘lgan vaqt sifatida 2022 yil ekanini eslagan. “Bu vaqtda maktabda ishlash hatto universitet o‘qituvchilari uchun ham jozibador bo‘ldi”, – deydi vazir.

Shuningdek, u attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchilar oylik maoshiga 5 000 som (748 600 so‘m)dan qo‘shimcha haq berilishini ta’kidlagan.

Qirg‘iziston o‘qituvchilarining o‘rtacha oyligi O‘zbekiston o‘qituvchilarining o‘rtacha oyligidan baland”

Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov qardosh yurtda pedagoglarning o‘rtacha ish haqi o‘zbeklarnikidan baland ekaniga to‘xtalgan. Uning solishtirishicha, O‘zbekistonda maktab o‘qituvchilarining o‘rtacha oyligi 3 mln 484,7 ming so‘mdan iborat.

Qiziq tarafi, Qirg‘izistonda o‘qituvchilarning o‘rtacha maoshi qirg‘izistonliklarning o‘rtacha maoshi bilan bir xil. Ya’ni o‘qituvchilikni tanlagan qirg‘izistonliklar boshqa qirg‘izistonliklardan kambag‘al emas.

O‘zbekistonda esa o‘qituvchilarning maoshi o‘zbekistonliklarning o‘rtacha maoshidan uchdan biriga kam. Jarangdor shiorlar va chaqiriqlarga qaramay, oxirgi yillarda o‘zbekistonlik o‘qituvchilar maoshi nisbiy kamayishda davom etmoqda”,– deydi u postida.

Bakirov bu holat qaror qabul qiluvchilarni o‘yga toldirishi kerakligini bildirarkan, O‘zbekistonda jon boshiga YaIM (2 700 dollar) Qirg‘izistonga (1 970 dollar) nisbatan 37% baland ekanini eslatgan.

Ma’lumot uchun, 2024 yilning yanvar-iyul oylarida Qirg‘iziston kichik korxonalarni hisobga olmaganda bir xodimning o‘rtacha oylik nominal ish haqi 35 621 som (5 mln 333,1 ming so‘m)ni tashkil etgan. Shu yil birinchi chorak yakunlariga ko‘ra esa O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi 4 mln 551 ming so‘mni ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Toshkentda o‘tgan tadbir doirasida O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova respublikadagi 500 ming nafardan ziyod o‘qituvchilarning atigi 1 foizi 10 mln so‘m maosh olayotganini aytib o‘tgandi.

Undan avvalroq vazirning moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Temur Komilov hamma pedagoglar birdek ming dollar oylik olishi utopiya ekanini, bir nafar o‘qituvchining oyligini 1 mln so‘mga oshirish uchun bir yilga 7 trln so‘mdan ziyod mablag‘ ketishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid