O‘zbekiston | 21:51 / 01.05.2019
51297
9 daqiqa o‘qiladi

Avtomobil uchun majburiy sug‘urta tabiiy ofat zararlarini qoplab beradimi?

Foto: Xalq so‘zi

Aprel oyi talofatlarga boy bo‘ldi. Surunkali yomg‘ir natijasida sellar vujudga kelib, oqibatda inson hayoti va mol-mulki xavf ostida qoldi. Qishloqlar, hatto shaharlar ham «ikkinchi Venetsiya»ga aylandi. Qanchadan-qancha mashinalar suv ostida qolib ketdi. Odamlar dod-voy qilib, ijtimoiy tarmoqlarga jar solishmoqda: «Avtomobilimni sug‘urta qildirgandim. Lekin sug‘urta kompaniyasi kompensatsiyani to‘lashdan bosh tortyapti. Qani adolat?».

Shu davr mobaynida sug‘urta kompaniyalariga bo‘lgan ishonch oz bo‘lsayam tushdi. Aslida nimalar bo‘lyapti? Vaziyatga uchinchi shaxs bo‘lib nazar tashlansa, asl haqiqat qalqib chiqadi.

Shu maqsadda «Kafolat sug‘urta kompaniyasi» AJ majburiy sug‘urta bo‘limi boshlig‘i Dilshod Urunov avtosug‘urta ahamiyatini tushuntirib berdi.

Majburiy sug‘urta nima?

«Majburiy sug‘urtani har kim turlicha tushunadi. O‘zi bu nima uchun kerak, degan savolni qo‘yishadi. Sug‘urtaning bu turi jabrlanuvchilarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zararlar o‘rni qoplanishini kafolatlash maqsadida joriy etiladi. Boshqacha aytganda, majburiy avtosug‘urta mijozning jabrlanuvchi oldidagi fuqarolik burchini kafolatlaydi. Fuqarolik kodeksining 922-moddasida fuqarolar o‘z hayoti yoki sog‘lig‘ini majburiy sug‘urtalashiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. Demak, majburiy sug‘urtada fuqaro o‘zini emas, balki mol-mulkini sug‘urtalashi mumkin. Uning bir necha turlari (avtosug‘urta, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash, tashuvchining fuqarolik javobgarligi sug‘urtasi) bo‘lib, hozirgi paytda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgani avtosug‘urtadir.

Qaysi holatlarda avtomobil uchun majburiy sug‘urta puli to‘lab beriladi?

Daraxt va boshqa qattiq jism qulashi natijasida avtomobilga zarar yetganda sug‘urta kompaniyasi fuqaroning so‘rovini rad etishga haqli. Chunki bu yerda yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lmagan. Mijoz (avtomobilini sug‘urta qildirgan shaxs) o‘z ehtiyotsizligi sababli boshqa insonning hayoti va mol-mulkiga zarar yetkazmagan. Yuqorida aytilganidek, majburiy sug‘urta faqat fuqaroning boshqa shaxs oldidagi javobgarligini kafolatlaydi. Majburiy sug‘urta sud hukmi yoki yo‘l patrul hizmati xodimi xulosasi taqdim etilgandan so‘ng to‘lab beriladi. Tabiiy ofat yoki baxsiz hodisa tufayli avtomobilga zarar yetsa, bu yerda javobgarlikka tortiladigan tomon bo‘lmaydi. Bu kabi holatlarda avtomobilni ixtiyoriy sug‘urtadan o‘tkazish orqali noxushliklarni bartaraf etish mumkin.

Majburiy avtosug‘urta summasi qancha?

Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 24 iyundagi 141-sonli qaroriga muvofiq, sug‘urta puli summasi 12 million so‘m, deb belgilangan. Uning 35 foizi (4 mln. 200 ming so‘mgacha) avtomobilga yetkazilgan zarar uchun, qolgani 65 foizi (7 mln. 800 ming so‘mgacha) jabrlanuvchi hayoti uchun qoplab beriladi. Bunda avtomobilga yetkazilgan zarar baholovchi tashkilotlar tomonidan hisoblab chiqiladi. Jabrlanuvchiga to‘lanadigan summani hisoblashda esa bemor haqidagi shifokor xulosasi asos bo‘ladi. Sug‘urta kompaniyasi shularni inobatga olib qancha summa ajratilishni hal qiladi.

Mijoz to‘laydigan sug‘urta mukofot puli qanday hisoblanadi?

Majburiy sug‘urta muddati 6 oylik va 1 yillik bo‘ladi. Xorij fuqarolari uchun esa 15 kunlikdan boshlab 1 yilgacha bo‘lishi mumkin. Deyarli barcha fuqarolar 1 yillik sug‘urtani ma'qul ko‘rishadi. Endi sug‘urta mukofot puliga to‘xtalsak: bu summa hamma transport vositalari uchun bir xil emas va sug‘urta kompaniyalari buni quyidagi mezonlarga asosan hisoblab chiqarishadi:

  • transport vositasi ko‘p foydalanadigan hudud (Toshkent shahri va viloyatlar uchun turlicha);
  • transport vositasining turiga qarab (dvigateli hajmi, yuk ko‘tarish hajmi, o‘rindiqlar soni);
  • oldingi davrda sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgan-bo‘lmaganiga qarab;
  • haydovchining stajiga qarab;
  • transport vositasidan foydalanish davri;
  • haydovchining yoshi.  

Yangi tartibga ko‘ra, sug‘urta summasi 40 mln. so‘m (avvalgi 12 mln. so‘m) deb belgilandi. Yana qanday o‘zgarishlar kiritildi?

2019 yil 16 martda Vazirlar Mahkamasining «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 222-sonli qarorida (2019 yil 16 iyundan kuchga kiradi) sug‘urta summasi 12 mln. so‘mdan 40 mln. so‘mga (3.3 baravar) oshdi. Nima uchun miqdor oshirildi? Avvalgi summa yetkazilgan zarar miqdorini qisman bo‘lsa-da qoplay olmasligi aniqlandi. Endilikda mol-mulkka yetkazilgan zarar 14 mln. so‘mgacha (35 foiz), inson hayotiga yetkazilgan zarar esa 26 mln so‘mgacha (65 foiz) miqdorni tashkil qiladi. Sug‘urta mukofot puli tarifi esa tushirildi. Yuqoridagi mezonlar soni qisqardi va soddalashtirildi. Unga binoan, haydovchining yoshi, ish staji bir xilda hisoblanadi, transport rusumi alohida kategoriyalanmaydi (masalan, Spark, Nexia, Captiva – hammasi turlicha ot kuchiga ega bo‘lsa-da, yengil avtomobil guruhiga kiritilgan. Boshqa shaxs foydalanishi uchun mijozdan ishonchnoma talab etilmaydigan bo‘ldi. Ikki xil majburiy sug‘urta turi (cheklangan va cheklanmagan) avvalgidan farqli ravishda ajratish uchun moviy va pushtirangda bo‘ladi. Bular eng asosiy o‘zgarishlardir. Sug‘urta mukofot puli yengil avtomobillar uchun ilgari o‘rtacha 50-60 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, yangi qarorga binoan bu summa o‘rtacha 47 ming so‘mdan iborat bo‘ladi, deya fikr bildirdi Urunov.

Qonunchilikdagi o‘zgarish kimga foyda, kim zarar?

Sug‘urta javobgarligi oshirilib 40 mln so‘mga yetkazildi. Sug‘urta mukofoti, (o‘rtacha 47 ming so‘m) aksincha, narxi tushirildi. Bunda balans yo‘qoladi, lekin bu yerda asosiy maqsad aholini ijtimoiy himoya qilishdir. Ammo masalaning ikkinchi tarafi ham bor. Muvozanat buzilishi sug‘urta kompaniyalari zarariga ishlashi mumkin. Shu bilan bir qatorda, qonunchilik soddalashtirildi. Bu ham fuqarolar, ham sug‘urta kompaniyalari uchun foydali bo‘ladi. Boshqa tomondan olib qaraganda, har bir transport vositasi uchun alohida mezonlar (dvigatel hajmi, og‘irligi va boshqalar) amal qilmasligidan sug‘urta kompaniyalari zarar ko‘rishi mumkin. Masalan, Spark, Nexia, Captiva avtomobillari turlicha ot kuchiga ega. 2019 yil 16 iyundan kuchga kiradigan qarorga ko‘ra,  ular umumiy qilib yengil avtomobil turiga kiradi va ot kuchi, dvigateli sig‘imidan qat'i nazar bir xil miqdordagi sug‘urta mukofotini to‘laydi. Agarda yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lsayu, «yengil avtomobil» turiga kiruvchi avtomobillar bir xil darajada zarar ko‘rgan bo‘lsa ham ularga sug‘urta kompaniyasi turlicha kompensatsiya puli to‘laydi. Chunki avtomobil modeliga qarab zarar summasi o‘zgaradi. Soddaroq tushuntirilsa, Spark va Captiva avtomashinalari ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Ikkalasiga yetgan zarar darajasi bir xil.  Lekin baholash tashkiloti ularga ikki xil summani aytadi, negaki Captiva rusumli avtomobilning ehtiyot qismlari qimmatroq va shunga yarasha xarajati ko‘p bo‘ladi. Bundan zarar ko‘ruvchi tashkilot sug‘urta kompaniyasi bo‘ladi. Mijoz to‘laydigan sug‘urta mukofoti va sug‘urta kompaniyalari to‘lab beradigan pul miqdori o‘rtasida balans bo‘lishi lozim. Qonunchilikni soddalashtirish yaxshi, ammo u bir tomonlama bo‘lmasligi kerak. Ikkala tomon manfaati birday o‘ylangani ma'qul. Xulosa qilishga hali erta. Vaziyat qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.

Muhabbat Ma'mirova tayyorladi

Mavzuga oid