O‘zbekiston | 10:35 / 16.03.2022
20095
4 daqiqa o‘qiladi

Taksichilarga yana bir majburiy sug‘urta joriy etilishi mumkin

Yengil mashinada ma’lum bir haq evaziga odamlarni manziliga eltib qo‘yadigan shaxslar yo‘lovchilarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. Agar avtomobil YTHga uchragan taqdirda yo‘lovchilarga yetkazilgan zarar sug‘urta kompaniyasi hisobidan qoplanadi.

 

15 mart kuni Qonunchilik palatasi majlisida “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Kiritilayotgan o‘zgarishga ko‘ra, haydovchidan tashqari to‘rttadan ortiq bo‘lmagan o‘rindiqqa ega yengil avtotransportda yuk va yo‘lovchi tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishda yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan ham tashuvchi maqomi berilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qonunga kiritiladigan o‘zgartirish kuchga kirsa, yengil mashinada ma’lum bir haq evaziga odamlarni yoki ularning yuklarini aytilgan manzilga eltib qo‘yadigan shaxslar yo‘lovchilar hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishlariga to‘g‘ri keladi.

“Haydovchidan tashqari to‘rttagacha o‘rindiqqa ega yengil avtomobilda tashuvchi vazifasini bajaruvchilarga yakka tartibdagi tadbirkor maqomi berilyapti. Demak, bunda haydovchi o‘zi olib yuradigan yo‘lovchilarning oldidagi fuqarolik majburiyatini sug‘urtalashi kerak. Bu o‘zgartirish prezidentimizning 2021 yil 7 maydagi 5108-sonli qarori 9-bandi ijrosiga qaratilgan.

Tashuvchi, ya’ni taksichi, deylik, ma’lum bir haq evaziga 4 nafar yo‘lovchini manziliga yetkazib qo‘ymoqda. U yo‘lda ketayotganda yo‘l-transport hodisasiga uchrashi mumkin. O‘shanda tashuvchi o‘zi sug‘urta to‘lagan kompaniyaga murojaat qiladi va YTH vaqtida mashinasida bo‘lgan yo‘lovchilar sog‘lig‘iga, mol-mulkiga yetkazilgan zararni sug‘urta kompaniyasi to‘lab beradi”, deydi deputat Akshagul Tulegenova.

Yalpi majlisda deputat O‘ktam Islomov yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun fuqaroviy javobgarligini sug‘urtalash majburiy bo‘lishiga qarshi chiqqan.

“Bu narsa ixtiyoriy bo‘lishi kerak. Chunki mashina avtofalokatga uchragandan keyin o‘zi olib ketayotgan yuk yoki fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplash eng avvalo tashuvchining majburiyati hisoblanadi. Agar bu narsa sug‘urta hisobidan qoplanishini xohlaydigan bo‘lsa, buni ixtiyoriy sug‘urtalashi va ana shu imkoniyatdan foydalanishi kerak. Lekin biz buni majburiy qilib, ularni bu ishga majburlashimiz noto‘g‘ri bo‘ladi”, deya ta’kidlagan O‘ktam Islomov.

Deputat Doniyor G‘aniyev qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirish orqali taksi xizmatidan foydalanuvchi millionlab fuqarolarning huquqlari himoya qilinishini ta’kidladi.

“Ba’zida ko‘pchilikning manfaati uchun ozchilikka qandaydir majburiyat yuklashga to‘g‘ri keladi. Yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi 4 ming nafar yakka tartibdagi tadbirkorning fuqaroviy javobgarligini majburan sug‘urta qilishiga to‘g‘ri kelishi mumkin, lekin bu orqali taksi xizmatidan foydalanuvchi 400 ming yoki 4 million kishining huquqlarini himoya qilgan bo‘lamiz. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bu qonuniy to‘g‘ri qaror, taksi xizmatidan foydalanadigan yurtdoshlarimiz huquqlari kafolatlanishi, tashuvchining ular oldidagi fuqaroviy javobgarligi majburan sug‘urtalanishi kerak”, deydi Doniyor G‘aniyev.

Avvalroq Toshkentda sug‘urta agentlari tomonidan 662 mln so‘mlik sug‘urta polislari talon-toroj qilingani, Qashqadaryoda sug‘urta kompaniyasi xodimi odamlarga soxta sug‘urta polislarini sotgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid