Mediatsiya to‘g‘risidagi qonun nimalarni tartibga soladi?

Foto: Dato Avisos
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida bir qator qonunlar ma'qullandi. Senat tomonidan ma'qullangan qonunlardan biri bu “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonundir, deb yozmoqda “Huquqiy axborot” kanali.
Savol tug‘iladi: mediatsiya o‘zi nima?
Kelib chiqqan nizoni taraflarning o‘zaro maqbul qarorga erishish maqsadidagi ixtiyoriy roziligi asosida uchinchi shaxs ko‘magida hal qilish usuli mediatsiya hisoblanadi.
Qonunning maqsadi ham O‘zbekistonda nizolarni tartibga solishning muqobil usullarini rivojlantirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratishdan, O‘zbekiston Respublikasining sud tizimiga tushadigan ish hajmini kamaytirishdan iborat.
Ushbu Qonunning amal qilishi:
• fuqarolik huquqiy munosabatlardan, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan kelib chiqadigan nizolarga;
• yakka mehnat nizolariga;
• oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga mediatsiyani qo‘llash bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, tatbiq etiladi.
Ta'kidlash lozimki, ushbu Qonunning amal qilishi mediatsiyada ishtirok etmayotgan uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat manfaatlariga daxl qiladigan yoki daxl qilishi mumkin bo‘lgan nizolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qonun 4 ta bob va 34 ta moddadan iborat.
Qonunda mediatsiya, mediator, mediativ kelishuv, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuv, mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuv kabi asosiy tushunchalar ochib berilgan.
Qonunga muvofiq mediatsiya maxfiylik, ixtiyoriylik, taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorning mustaqilligi va xolisligi prinsiplari asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Qonunda belgilanishicha jismoniy shaxslar ham, yuridik shaxslar ham mediatsiya taraflari bo‘lishi mumkin. Taraflar mediatsiyada shaxsan yoki o‘z vakili orqali qonun hujjatlariga muvofiq ishtirok etadi.
Mediatorning faoliyati professional yoki noprofessional asosda amalga oshirilishi mumkin.
Professional asosdagi mediator faoliyatini Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kursidan o‘tgan, shuningdek Professional mediatorlar reyestriga kiritilgan shaxs amalga oshirishi mumkin.
Noprofessional asosdagi mediator faoliyatini yigirma besh yoshga to‘lgan va mediator vazifalarini bajarishga rozilik bergan shaxs amalga oshirishi mumkin.
Qonunga ko‘ra quyidagilarning mediator bo‘lishi taqiqlanyapti:
• davlat vazifalarini bajarish uchun vakolat berilgan yoki unga tenglashtirilgan shaxs;
• o‘ziga nisbatan sudning uni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish to‘g‘risidagi qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo‘lgan shaxs;
• sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs;
• o‘ziga nisbatan jinoiy ta'qib amalga oshirilayotgan shaxs.
Mediatsiya taraflarning xohish-istagi asosida qo‘llaniladi. Mediatsiya sudgacha bo‘lgan tartibda, nizoni sud tartibida ko‘rish jarayonida sud hujjatini qabul qilish uchun sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirguniga qadar qo‘llanilishi mumkin.
Professional asosdagi mediatorning faoliyati haq evaziga yoki tekin amalga oshirilishi mumkin.
Noprofessional asosdagi mediatorning faoliyati tekin amalga oshiriladi.
Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijalari bo‘yicha taraflar kelib chiqqan nizo xususida o‘zaro maqbul qarorga erishgan taqdirda, taraflar o‘rtasida yozma shaklda mediativ kelishuv tuziladi.
Mediativ kelishuv uni tuzgan taraflar uchun majburiy kuchga ega bo‘lib, ushbu kelishuv unda nazarda tutilgan tartibda hamda muddatlarda taraflar tomonidan ixtiyoriy ravishda bajariladi.
Mediativ kelishuv bajarilmagan taqdirda, taraflar o‘z huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat etishga haqli.
Mediativ kelishuv bajarilmasligining oqibatlari taraflar tomonidan ushbu bitimning o‘zida belgilab qo‘yilishi mumkin.
Ta'kidlab o‘tish lozimki, qonunchilikka yangi kiritilayotgan mediatsiya instituti bugun AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Yaponiya, Xitoy, Gonkong, Koreya, Hindiston kabi jahonning ko‘pchilik mamlakatlarida tashkil etilgan va muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.
Xususan, AQShda bugungi kunda mazkur davlatning turli shtatlarida avval mavjud bo‘lgan va vositachilik faoliyatini tartibga solgan 2 500 dan ziyod qonunni birlashtirgan mediatsiya to‘g‘risida Yagona qonun amal qilmoqda. AQSh tajribasi shunisi bilan qiziqki, mazkur davlatning huquq tizimi ko‘pchilik nizolarni taraflar sudgacha ixtiyoriy ravishda hal etishini ta'minlashga qaratilgan. Bundan tashqari, sud tartib-taomillari boshlangan bo‘lsa ham sudya jarayonni to‘xtatishi va tomonlarga nizoni mediator yordamida hal etishni tavsiya qilishi mumkin. Bu mamlakatda iqtisodiyot, siyosat, biznes sohasidagi hech bir jiddiy muzokara jarayoni mediatorlarsiz o‘tmaydi. AQShda Munozaralarni hal qilishning milliy instituti tashkil etilgan bo‘lib, u mediatsiyaning yangi usullarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Mediatsiyaning xususiy va davlat xizmatlari faoliyat ko‘rsatadi, mediatsiya muammolarini yoritib beradigan jurnallar (“Mediatsiya bo‘yicha har chorakda nashr etiladigan jurnal”) chop etiladi.
Buyuk Britaniyada betaraf vositachilar ishtirokida yarashtirish tartib-taomili juda ommabop. Bu mamlakatda maxsus telefon xizmati ham mavjud bo‘lib, unga mamlakatning istalgan hududidan qo‘ng‘iroq qilish, nizoni ta'riflash, shuningdek mediatorlikka o‘ziga ma'qul nomzodlarni keltirish, talablarga mos keladigan mutaxassislar ro‘yxati bo‘yicha takliflar olish mumkin. Bunda sud himoyasiga murojaat qilingan taqdirda, agar taraf sud nizosi doirasida sud tomonidan taklif etilgan mediatsiya tartib-taomilidan foydalanishdan voz kechgan bo‘lsa, uning zimmasiga nizoni ko‘rib chiqish natijalaridan qat'i nazar barcha sud xarajatlari yuklanadi.
Germaniyada mediatsiya instituti odil sudlov tizimi bilan uyg‘un holga keltirilgan. Masalan, vositachi mediatorlar bevosita sudlarda ish olib boradi va potensial sudlashuvlar sonini ancha kamaytiradi. Bunda Germaniyada mediatsiya nafaqat oilaviy ishlar bo‘yicha sudlarga, balki umumiy yurisdiksiya sudlariga, ma'muriy sudlarga va boshqa sudlarga integratsiya qilingan. Germaniyaning ko‘pchilik huquq maktablarida doimiy mediatsiya kursi joriy etilgan: yuridik fakultetni bitirgan har kim mediatsiya kursidan o‘tadi.
Jahonning kam sonli mamlakatlarida bo‘lgani kabi Avstriyada mediator kasbi kasblar nomenklaturasiga kiritilgan, mediatorlarni tayyorlashni tartibga soladigan va tayyorlashning muayyan normativlarini belgilab beradigan mediatsiya to‘g‘risida federal qonun amal qiladi. Avstriya qonun hujjatlarida nazarda tutilishicha, sud jarayonida tuzilgan mediativ kelishuv sud tomonidan e'tirof etiladi, shu bilan birga sudgacha mediatsiya natijasi sud tomonidan himoya qilinmaydi.
Qonun Prezident tomonidan imzolanib belgilangan tartibda rasman e'lon qilingach yuridik kuchga ega bo‘ladi.
Mavzuga oid

11:56 / 12.06.2025
Ayrim tovarlarga import bojini ikki karra oshirib qo‘llash amaliyoti bekor qilinadi

10:32 / 10.06.2025
Rossiya hukumati «chet el agenti» to‘g‘risidagi qonunni kuchaytirishni ma’qulladi

10:23 / 10.06.2025
Fuqarolar huquqlarini sud orqali himoya qilish kafolati kuchaytiriladi

13:53 / 07.05.2025