O‘zbekiston | 12:21
1061
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro yo‘llar bo‘yida servis obektlarini joylashtirish tartibi o‘zgardi

O‘zbekistonda xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘llari bo‘yida servis infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yangi tartib joriy etildi. Tegishli qonun bilan yer ajratish va obektlarni joylashtirish mexanizmlari takomillashtirildi.

Foto: Milliy statistika qo‘mitasi

Yangi qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘llari bo‘yida zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari va servis obektlarini, jumladan joylashtirish vositalari hamda savdo-ko‘ngilochar markazlarni master-reja asosida joylashtirish tartibi belgilandi.

Shuningdek, bunday obektlar uchun bo‘sh turgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish to‘g‘risidagi prezident qarori asosida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qarori prezident bilan kelishilgan holda yer toifasini boshqa toifaga o‘zgartirish uchun asos bo‘ladi.

Qonun bilan Soliq kodeksiga ham qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, davlat ko‘chmas mulk obektlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan xaridorlar uchun yer solig‘ini hisoblashning yangi tartibi joriy etildi.

Jumladan, agar obekt «tasarruf etish huquqisiz» davlat orderi asosida berilgan bo‘lsa, yer solig‘i obektni sotib olish uchun to‘langan mablag‘ ulushiga mutanosib ravishda hisoblanadi.

Bunda soliqlar davlat ko‘chmas mulk obektlari bo‘yicha to‘lovlar grafigiga muvofiq undiriladi. Ushbu grafik Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Soliq qo‘mitasiga axborot tizimlari orqali taqdim etiladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid