«Tobutdan qaytish»: «Superseshanba»da Bayden birinchi o‘ringa chiqib qoldi
AQShning sobiq vitse-prezidenti Jo Bayden kutilmaganda «cuperseshanba» yakunlariga ko‘ra AQSh prezidentligi uchun Donald Trampning raqiblari poygasida birinchi o‘ringa chiqib oldi. Holbuki u bir necha hafta avval saylovoldi kampaniyasida autsayder sifatida ko‘rilayotgandi.

77 yoshli Bayden demokratlar poygasida yetakchiga aylandi / Getty Images
AQSh prezidentligi saylovidagi asosiy voqealar boshlanishi arafasida Jo Baydenning o‘zi g‘alaba qozonishiga shubha qilmayotgandek edi.
Seshanba tongida u Los-Anjyelesda o‘z tarafdorlari ishtirokidagi mitingda chiqish qildi - u sahnada chap qo‘lida muzqaymoq ko‘targan holda paydo bo‘ldi.
«Men qabrdan qaytdim. Siz meni erta ko‘mib qo‘ydingiz, lekin men hali o‘lmagandim», - dedi sobiq vitse-prezident mamnun jilmaygan holda.
Mahalliy vaqt bilan seshanba kuni yarim tunda navbatdagi praymerizlar o‘tkazilgan AQShning 14ta shtatida va Amerika Samoasida Jo Bayden hech narsani bo‘rttirib gapirmayotgani oydinlashdi: ovoz berishlar yakunlariga ko‘ra, u 9ta shtatda ishonchli g‘alabaga erishgan - Alabama, Arkanzas, Massachussets, Minnesota, Shimoliy Karolina, Oklahoma, Tennesi, Virjiniya va Texasda.
Yana bir shtatda - Menda ham u o‘zining asosiy raqibi Berni Sandersni kichik farq bilan ortda qoldirmoqda, bu shtatda ovozlar hali to‘liq hisob-kitob qilib bo‘linmagan.
Sanders faqat Kolorado, Yuta va o‘zining shtati bo‘lmish Vermontda ustun kelgan. Sotsiologlarning hisoblashicha, mustaqil senator hali Kaliforniyada g‘alaba qozonib «superseshanba»ning asosiy syurprizini taqdim etishi ham mumkin - g‘arbiy shtatda eng ko‘p delegat ovozi uchun kurashiladi.
«Superseshanba» nima degani?
An'anaga ko‘ra, 50 yildan buyon aynan shu kun AQShda prezidentlik kampaniyasidagi asosiy kun hisoblanadi.
Ikki siyosiy partiyaning milliy qo‘mitalari «superseshanba»ga qadar qaysi shtatlarda kokuslar va praymerizlar bo‘lib o‘tishini belgilashadi. Bu safar Ayova, Nyu-Hempshir, Nevada va Janubiy Karolinada «superseshanba»dan oldin birlamchi saylovlar bo‘lib o‘tdi. Praymerizda ovoz beruvchilar Partiyaning milliy s'yezdida u yoki bu nomzod tarafida turib qatnashadigan delegatlar sonini aniqlab berishadi.
Dastlabki to‘rtta shtatdagi birlamchi saylovlarda atigi 155 delegat ovozi uchun kurash olib borilgandi, Demokratik partiyadan prezidentlik saylovida nomzod bo‘lish uchun esa 1 991 delegat ovozini yutish kerak bo‘ladi. «Superseshanba»da 1 357 nafar delegat ovozi uchun kurashiladi.
3 mart kuni AQShning 14 shtatida va Amerika Samoasida saylovlar bo‘lib o‘tdi. Saylov uchastkalariga Demokratik partiyaning Qo‘shma Shtatlar hududidan tashqarida yashovchi tarafdorlari ham kelishgan.
Demokratik partiyada ayni vaqtda prezidentlik saylovida qatnashishga da'vogar bo‘lgan besh nomzod qolgan. «Superseshanba» arafasida ikki nomzod - Saut-Bend shahrining sobiq meri Pit Buttijich va senator Emi Klobushar Jo Bayden foydasiga kuchlarni birlashtirish uchun poygani tark etishdi.
Keyingi «superseshanba» 10 mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Poygada faqat ikki kishi qoladimi?
«Superseshanba»ning dastlabki natijalari e'lon qilinganidayoq prezidentlik poygasidagi yana uch nafar nomzodning imkoniyati qolmagani ma'lum bo‘lib ulgurdi.
Kongress a'zosi Tulsi Gabbard faqat bitta delegat ovoziga ega bo‘lgan holda autsayderga aylangan - bu delegat ham uning o‘z yurti bo‘lgan Amerika Samoasidan. Har qanday og‘ir vaziyatda ham poygani tark etmaslikni va'da qilgan senator Elizabet Uorren esa o‘zi tug‘ilib o‘sgan Massachussets shtatida sobiq vitse-prezident Jo Baydenga yutqazdi.
Nyu-Yorkning sobiq meri, saylovoldi kampaniyasiga o‘z mablag‘lari hisobidan 500 million dollar sarflagan va praymerizlarga endigina qo‘shilgan multimilliarder Maykl Blumberg esa faqat Amerika Samoasidagi praymerizda g‘olib bo‘ldi. Virjiniyada uni saylovchilarning faqat 10 foizi qo‘llab-quvvatlagan, qolgan shtatlardagi natijalar yanada kamtarroq ko‘rinish olgan.
Lekin Blumberg demokratlar poygasini tark etishga shoshilmasligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u hamon AQSh prezidentligi uchun kurashda Donald Trampga raqobat tug‘dirish maqsadidan qaytmagan.
«Boshqa nomzodlar to‘rtta shtatdagi saylov uchun butun bir yilni sarflashdi. Ammo men saylov taqdiri hal bo‘ladigan shtatlarda - Viskonsin, Michigan, Pitsburg, Ohayo, Shimoliy Karolina va Floridada Donald Trampga qarshi kampaniyada ishtirok etaman», dedi u Florida shtatida o‘z tarafdorlari bilan uchrashuvda.
Blumbergning saylovoldi shtabi vakili esa Amerikadagi bir necha telekanallarga bergan intervyusida sobiq mer poygani tark etishi mumkinligi, ammo Demokratik partiya nomzodlarini moliyaviy jihatdan qo‘llashga tayyorligini bildirgan.
Demokratlar kimga tikishgan?
2019 yil davomida Jo Bayden prezidentlik poygasining yaqqol favoriti hisoblanayotgandi, u barcha so‘rovlarda ustunlik ko‘rsatdi. Ammo Donald Tramp impichmenti ishi doirasida uning reytingi pasaya boshladi va bu dastlabki praymerizlarda aks etdi - Ayova, Nyu-Hempshir va Nevada shtatlarida Bayden yetakchilik qila olmadi va o‘zini sotsialist deb ataydigan Berni Sanders birinchilikka chiqdi. Unga esa kutilmaganda Bayden emas, Indiana shtatidagi Saut-Bend shahrining sobiq meri, urush faxriysi, poliglot, yetti tilni biluvchi 38 yoshli Pit Buttijich raqobat ko‘rsatdi.
Vermontlik mustaqil senatorning muvaffaqiyatlari uning yoshlar orasidagi obro‘si va AQSh hududidagi ispan tilli jamiyatlar uni qo‘llayotgani bilan bog‘landi. Bu esa Demokratik partiya isteblishmentini jiddiy xavotirga sola boshladi.
Vitse-prezident Jo Bayden saylovchilar bilan uchrashuvlarida Barak Obama olib borgan siyosatni davom ettirishini qayta va qayta ta'kidlagan bo‘lsada, natijalar juda yomon edi - Ayovada u to‘rtinchi o‘rinni oldi, Nyu-Hempshirda - beshinchi o‘ringa tushib ketdi, Nevadada esa katta qiyinchiliklar bilan ikkinchi bo‘la oldi.

Jo Bayden uchun ilk ishonchli g‘alaba 29 fevral kuni Janubiy Karolina shtatidagi praymerizda qo‘lga kiritildi. AQSh janubidagi bu ilk praymerizda sobiq vitse-prezidentni afroamerikaliklar jamiyati qo‘llab-quvvatladi. Uni Sanders taklif etayotgan haddan tashqari radikal choralardan (tekin tibbiy yordam va barcha amerikaliklar uchun bepul oliy ta'lim) xavfsiragan mo‘'tadil demokratlar ham qo‘llab-quvvatlashdi.
Aynan shu praymeriz demokrat nomzodlar poygasidagi burilish nuqtasi bo‘ldi. Baydenning birinchi g‘alabasidan keyin uni demokratlarning barcha yetakchilari qo‘llay boshlashdi. Bu esa aynan u Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod sifatida tanlanganini ko‘rsatadi, so‘nggi kunlarda Kongressning o‘nlab vakillari, gubernatorlar va bir qancha shaharlarning merlari ham shunday fikr bildirishgan. AQSh prezidentligi uchun sobiq nomzodlar Pit Buttijich va Emi Klobushar endilikda Bayden shtabi tomonida turib saylovoldi mitinglarida ishtirok etishmoqda.
New York Times nashri xabariga ko‘ra, AQShning 42-prezidenti Bill Klinton «eski do‘stlari» bilan bir necha marta muzokara o‘tkazgan va agar Sanders noyabrdagi saylovga yetib borsa Tramp tomonidan yakson qilinishi va bu «partiya uchun og‘ir mag‘lubiyat bo‘lishi» haqidagi xavotirlarini bildirgan.
Qariyalar jangi
«Superseshanba» vaqtida o‘zining ishonchli g‘alabasi haqida e'lon qilgan Jo Bayden bu voqeani «inqilob» deb atadi (bu vaqtgacha Berni Sanders va uning tarafdorlari o‘z natijalarini shunday atab kelishgandi).
«Odamlar inqilob haqida gapirayotganmidi? Aynan biz buni boshladik!», dedi u Los-Anjyelesdagi tarafdorlari qarshisida.
Endilikda demokratlar poygasida 77 yoshli Jo Bayden va 78 yoshli Berni Sanders qolmoqda.
Prezidentlik posti uchun eng yosh nomzod esa Oq uyning amaldagi rahbari, 73 yoshli Donald Tramp bo‘lib qoladi.
Mavzuga oid

16:36 / 17.04.2025
«Bu yigit bolta olib chopyapti» – Bayden prezidentlikdan ketgach ilk marta chiqish qildi

21:18 / 16.04.2025
Tramp o‘zini tanqid qilgan Baydenga javob qaytardi

16:50 / 16.04.2025
Bayden Oq uyni tark etganidan keyin birinchi marta Trampni tanqid qildi

17:24 / 13.04.2025