Kokuslarning dastlabki natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, Sanders noyabrda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik sayloviga nomzod bo‘lish uchun demokratlar orasidagi asosiy da'vogardir. Ammo Demokratik partiyaning yakuniy tanlovini hali uzoq kutishga to‘g‘ri keladi.

Dastlabki natijalar yana shuni anglatadiki, Bayden Nevadada avvalgi ikki shtat (Ayova va Nyu-Hempshir)dagidan ko‘ra yaxshiroq nufuzga ega.

AQShda prezidentlik poygasi. Bu haqda nimalarni bilish lozim?

Ayovadagi kokusda Pit Buttijich kichik ustunlik bilan birinchi bo‘lgan, Sanders 0,1 foizlik farq bilan ikkinchi o‘rinni egallagandi.

Nyu-Hempshirdagi praymerizda esa 78 yoshli Sanders 26 foiz ovoz olib, g‘alaba qozondi, 1,6 foiz kamroq ovozga ega bo‘lgan Buttijich bu safar ikkinchi bo‘ldi.

Hozir esa Nevadada byulletenlarning 50 foizi hisoblab chiqilgan vaqtda senator Sanders 46,6 foiz ovoz olgan, Baydenda - 20 foiz. Keyingi o‘rinlarda Buttijich (15,4 foiz) va Elizabet Uorren (10,3 foiz) borishmoqda. Bu esa Baydenning saylovoldi kampaniyasida sezilarli o‘sish bo‘lganini ko‘rsatadi, Ayovada va Nyu-Hempshirda u to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlardan yuqoriga ko‘tarila olmagandi.

«Good be, Biden!» — Saylovda Trampga kim raqib bo‘ladi?

Iyulda partiya s'yezdida yakuniy saylovlar o‘tkaziladi. Birlamchi saylovlardagi muhim bosqich 3 mart kuni bo‘lib o‘tadigan «superseshanba»dir, shu kuni AQShning birato‘la 14ta shtatida praymeriz o‘tkaziladi.

Shanba kunigacha Sandersda uni qo‘llab-quvvatlayotgan 21 delegat bor edi. U prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilishi uchun 3979 delegatdan 1990 nafarini o‘ziga og‘dirishi kerak bo‘ladi.

Nevadadagi saylovdan keyin Sanders o‘z chiqishida jamoasini maqtadi va amaldagi prezident Donald Trampni tanqid qildi. «Amerikaliklar hamisha yolg‘on gapiradigan prezidentdan charchashdi», - dedi u. Baydenning kampaniyasi ham muhim tadbir o‘tkazdi. Uning o‘zi «Qaytish shu yerdan [Nevadadan] boshlangani»ni ma'lum qildi.

«Matbuot odamlarni o‘lganga chiqarishga shoshiladi, ammo biz tirikmiz, biz qaytdik va g‘alaba uchun hozirlanmoqdamiz», - dedi Bayden.