O‘zbekiston | 18:30 / 29.12.2017
24954
4 daqiqa o‘qiladi

Barcha homilador ayollar skrining tekshiruvi bilan to‘liq qamrab olinadi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

2017 yil 25 dekabrda prezident Shavkat Mirziyoyevning “2018-2022 yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Qaror bilan bolalarda genetik sindromlarni erta tashxislash, nasliy kasalliklarga chaqaloqlarni ommaviy skrining tekshiruvlarini o‘tkazish bo‘yicha amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab berildi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, dastur zamonaviy skrining xizmatidan O‘zbekistonning chekka hududlari, olis tumanlarida yashovchi aholi ham to‘liq bahramand bo‘lishini ta'minlaydi. Ya'ni, homiladorlikning dastlabki uch oyida barcha ayollarni ultratovush tekshiruvidan to‘liq o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. 

Buning uchun O‘zbekistondagi 195 ta markaziy ko‘p tarmoqli tuman va shahar poliklinikalarining barchasida perenatal tashxis xonalari tashkil etilib, ular yuqori hal etish qobiliyatiga ega bo‘lgan statsionar UTT-skaner apparatlari bilan jihozlanishi belgilangan. 

Ushbu maqsad uchun davlat byudjyeti hisobidan 200 ta UTT-skaner apparatlari xarid qilinadi. Bu esa homilador ayollarni UTT tekshiruvchi bilan 100 foiz qamrab olish (ilgari ushbu ko‘rsatkich 50 foizni tashkil qilardi) va 14 haftagacha bo‘lgan muddatda homila o‘sishida tug‘ma nuqsonlarni barvaqt aniqlash, o‘limga olib boradigan nuqsonlarga ega bolalar tug‘ilishining oldini olishga xizmat qiladi. Endi homiladorlarni davo izlab, viloyat markazi yoki  poytaxtga kelishi va ularni  skrining tekshiruvidan o‘tishi uchun soatlab navbat kutishiga xojat qolmaydi.

Shuningdek, Davlat dasturi doirasida Nukus, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona, Andijon va Surxondaryo “Ona va bola skrining” markazlarini raqamli mikroskoplar va laboratoriya uskunalari, butlovchi buyumlar kabi zarur texnikalar bilan jihozlash ko‘zda tutilgan. 

Mazkur Davlat dasturining joriy etilishi orqali barcha homilador ayollar o‘z hududida nasliy kasalliklarga ommaviy tekshiriladi. Agar ayolda xavfli holatlar aniqlansa, genetik sindromlarni biokimyoviy tekshirish bosqichma-bosqich o‘tkaziladi. Ya'ni olingan tahlil namunasi innovatsion texnologiyalar asosida   viloyat markazi yoki respublika tibbiyot muassasasiga yuboriladi. 

Ilgari xavf guruhidagi ayollar uzoq masofa bosib, viloyat markazi yoki poytaxtga kelishga majbur bo‘lar, ayrim ayollar esa tekshiruvlardan o‘tishga hafsala qilmas va oqibatda nasliy kasallik bilan tug‘ilishlar soni qayd etilib turardi. Endilikda esa, bo‘lajak onalarning barchasi — 100 foiz skrining tekshiruvi bilan qamrab olinadi. Eng ahamiyatlisi, bu ayol uchun hech qanday ortiqcha xarajat va vaqt talab etmaydi. 

Davlat rahbari qarori bilan qabul qilingan ushbu Davlat dasturi inson manfaatlari hamma narsadan ustun g‘oyasining yana bir yaqqol dalili bo‘ldi. Davlat dasturida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun 31 million AQSh dollari va 90 million so‘m ajratish rejalashtirilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid