O‘zbekistonda so‘nggi yillarda onalar va bolalar salomatligini asrash borasida keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, sog‘lom avlod tug‘ilishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydigan zamonaviy perinatal markazlar hamda skrining xizmatlari takomillashtirildi.

Homiladorlikning dastlabki uch oyida ayollarni ommaviy tekshirish va xavf guruhiga kiradigan homilador ayollarda genetik sindromlarni biokimyoviy tekshirishni bosqichma-bosqich joriy etish orqali homilada tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldi olinmoqda.

Homilador ayollar qanday skrining tekshiruvlaridan o‘tishlari zarur? SSV matbuot xizmati shu savolga batafsil javob berdi.

Prenatal, ya’ni tug‘ruqqacha skrining tekshiruvlari samaradorligini oshirish hamda homilaning sog‘lig‘i va bolalar yashab ketishiga imkon bermaydigan tug‘ma nuqsonlar va irsiy (xromosom) kasalliklar bilan tug‘ilishining oldini olish maqsadida homilador ayollar ikki bosqichdan iborat bo‘lgan prenatal skrining tekshiruvlaridan o‘tkaziladi.

Birinchi bosqichdagi tug‘ruqqacha skrining tekshiruvlarida barcha homilador ayollar ommaviy ultratovush tekshiruvidan o‘tkaziladi va uning natijasida homilada tug‘ma nuqsonlar aniqlangan homilador ayollar «xavf guruhi»ga kiritiladi. Bunday tekshiruvlar uch marta tuman (shahar) markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalarining prenatal skrining xonasida amalga oshiriladi.

Bunda birinchi marta homiladorlikning 10–14 haftasida, ikkinchi marta 16–20 haftasida boladagi tug‘ma nuqsonlarni aniqlash maqsadid, uchinchi marta esa 28–32 haftasida, kech namoyon bo‘ladigan tug‘ma nuqsonlarini aniqlash va homilaning funksional holatini baholash uchun o‘tkaziladi.

Birinchi bosqich tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, «xavf guruhi»ga kirgan homilador ayollar homilaning 16–20 haftasida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining «Ona va bola skrining bo‘limi»ning hududiy filiallarida ikkinchi bosqichdagi prenatal tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Bunda ayol hududiy skrining markaziga poliklinikadan yo‘llanma va avvalgi prenatal ultratovush tekshiruvlari natijalari aks etgan tibbiy kartasidan ko‘chirmani olib boradi.

Skrining markazida ultratovush, biokimyoviy skrining tekshiruvi va uning natijasiga muvofiq homilaning xromosom sindromlar bilan tug‘ilish xavfi darajasi yuqori bo‘lgan homilador ayollarda invaziv tekshiruv (xorionbiopsiya, plasentosentez, kordotsentez) usullari, keyinchalik esa homila hujayralarining genetik tahlili va boshqa tekshiruvlar o‘tkaziladi.