Jamiyat | 09:06 / 22.09.2018
25535
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ekoturizm yanada rivojlantiriladi. “So‘qoq” bu borada namuna bo‘ladi

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston tabiati xaqida so‘z ketganda, albatta, iliq gap eshitasiz. Boisi 4 faslni o‘zida jamlagan bu hudud tabiati turfa xilligi, betakror manzarasi bilan ko‘pchilikning hayratiga sabab bo‘ladi. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ekoturizmni rivojlantirishga bo‘lgan e'tibor ham ayni omillar bilan bog‘liq.  

O‘zbekiston Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan ko‘plab sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda bu tobora mustahkamlanib bormoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligi sohasida ham.

Kuni kecha AQSh qishloq xo‘jaligi departamenti hamda O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamkorligida Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan “So‘qoq” o‘rmon xo‘jaligida seminar-treninglar tashkil qilindi.

AQSh o‘rmon xizmatining yuqori tajribali mutaxassislari olib borgan seminarda, asosan, o‘rmonning tabiiy manbalariga zarar keltirmasdan sayyohlar oqimini ko‘paytirish borasida tajriba almashildi.

KUN.UZ tahririyati ham seminarda ishtirok etdi va AQSh o‘rmon xizmati mutaxassisi Liya Lord bilan ayni mavzuda suhbatda bo‘ldi.

- Men AQSh hukumat xizmatining xalqaro bo‘limida ishlayman. Bu yerdaligimdan maqsad O‘zbekistondagi hamkasblarimiz bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish. Ayta olishim mumkinki, vataningizda juda go‘zal joylar ko‘p. Men shunday joylarning ko‘prog‘ini ko‘rishni istayman. Men O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro va Toshkent kabi tarixiy va zamonaviy shaharlarida bo‘ldim. Ammo O‘zbekistonda tabiat go‘zalligi aks etgan joylar ham bor va ular soni ko‘p. O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan o‘ylaymizki, mana shunday joylarni jahonga ko‘rsatish, ekoturizmni rivojlantirish uchun mamlakatingizda salohiyat bor.

Ayni damda o‘zbekistonlik hamkasblarim ekoturizmni rivojlantirish uchun tinimsiz, faol harakat qilishmoqda. Masalan, Toshkentga yaqin “So‘qoq” xiyobonini olaylik. Shaharliklar bu yerga kelib hordiq chiqarishlari, sayr etishlari, tabiatni, tog‘larni tomosha qilishlari mumkin. Bu O‘zbekistondagi ana shunday joylarga namuna bo‘la oladi. Shu sabab biz nima qilish kerakligini ko‘rsatib berish uchun aynan “So‘qoq”da ishlayapmiz.

Foto: Liya Lord/Kun.uz

Men o‘zbekistonliklarni tabiatga bo‘lgan munosabatlari haqida to‘liq tasavvurga ega emasman, ammo shu yerlik hamkasblarim tabiatni juda yaxshi ko‘rishadi. Biz barchamiz mahalliy odamlar ham, xorijliklar ham O‘zbekiston tabiatidan, uning mo‘'jizakor manzarasidan zavq olishlarini istaymiz.

AQShda bu soha sekin-astalik bilan rivojlandi. Shunday vaqtlar ham bo‘ldiki, odamlar uchun, mamlakat uchun parklar, xiyobonlar, milliy o‘rmonlar barpo etish tasavvuriga ega yetakchilar bo‘ldi. Mening agentligimning tashkil topganiga bir asrdan oshdi. Bizda milliy o‘rmonlar tarmog‘i bor. Bu AQShning 8-9 foiz hududini qamrab olgan. Bilishimcha, O‘zbekistondagi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi mamlakatning 22-25 foizini qamrab olgan. Bu juda katta imkoniyat.

Men bu yerning mutaxassisi emasman, ammo tushunishimcha, ilgari bu yerlarda sayr qilish taqiqlangani sabab ko‘pchilik bu yerlarni bilmaydi. Bu yerga odamlarni jalb etish uchun sayohatlar tashkil etish, qulaylik yaratish maqsadida avtoturargohlar tashkil etish mumkin. Boya aytganimdek, men bu yerlarni bilmayman, ammo mahalliy hamkasblarim bu yerlarga odamlar ko‘p kelishini istashadi. Ular ekoturizmni rivojlantirish uchun bor kuchlari bilan harakat qilishmoqda. O‘ylaymanki, bu borada juda ko‘p ishlarni amalga oshirsa bo‘ladi. Chunki qiziqish bor, kuch bor. Qo‘shma loyihamizga qiziqishlarni oshirish uchun yanada ko‘p harakat qilamiz.

Men bu yerdagi vaziyatni bilmayman. Ammo bu holat muammolardan biridir, to‘g‘rirog‘i doimiy kurash. AQShda jamiyatda mana shunga o‘xshash muammolarga duch keladigan bo‘lsak, odamlarga nima qilish to‘g‘ri va noto‘g‘riligini tushuntirish maqsadida turli aksiyalar tashkil etamiz. Parklarda va milliy o‘rmonlarda odamlarga bu yerning muhim joyligini, chiqindi tashlash mumkin emasligini doimiy ravishda tushuntirib boramiz. Bundan tashqari, park yoki o‘rmonlarga kirish joylarida chiqindi tashlash mumkin emasligini ko‘rsatuvchi maxsus ko‘rsatkichlar qo‘yish kerak deb o‘ylayman. Bu yerga tashrif buyuruvchilarga ham nima mumkin, nima mumkin emasligini doimiy tushuntirib borish kerak.

Aytishni istardimki, O‘zbekiston menga juda yoqadi. Uchinchi marta bu mamlakatga tashrif buyurishim. O‘ylaymanki, oxirgisi ham emas. Mamlakatda turizmni, boshqa sohalarni rivojlantirish uchun juda katta salohiyat mavjud. bu yerlik hamkasblarim bilan birga ishlash men uchun ulkan sharaf, - dedi AQShlik mutaxassis.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid