Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yangiobodda uran koni rekultivatsiyasi yakunlanganidan so‘ng ekoturizm rivojlantiriladi
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Yadro xavfsizligi departamenti direktori o‘rinbosari, Ekologik reabilitatsiya jamg‘armasi rahbari Ester Xarlander Toshkent viloyati Yangiobod shahriga tashrif buyurdi.
U o‘tgan yillar mobaynida YeTTB ko‘magida amalga oshirilgan sobiq uran konlarini rekultivatsiya qilish loyihasi doirasida bajarilgan ishlar bilan tanishdi.
Yangiobod hududini rekultivatsiya qilish ishlari 2023 yilda boshlangan va joriy yilning avgust oyida yakunlangan. Ishlar boshlanishidan oldin mahalliy aholi va soha mutaxassislari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilgan edi.
Rekultivatsiya loyihasini boshqarish guruhi rahbari Vadim Korolyovning ta’kidlashicha, loyiha doirasida geodezik o‘lchovlar o‘tkazilgan, kirish yo‘llari qurilgan, eski inshootlar demontaj qilingan, ifloslangan chiqindilarni zararsizlantirish uchun poligon yaratilgan, shaxta suvlarini drenaj va infiltratsiya tizimlari bilan ta’minlash ishlari bajarilgan, sohilbo‘yi chiziqlari mustahkamlangan va suvlarni chiqarish uchun quvurlar yotqizilgan.
Shu bilan birga, mehnat muhofazasi, texnika va radiatsiya xavfsizligi qoidalariga rioya etish hamda yangiobodliklarning takliflarini inobatga olishga alohida e’tibor qaratilgan.
Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov rekultivatsiya ishlari yakunlangach, hududni obodonlashtirish, butalar ekish orqali ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish, piyodalar yo‘laklarini barpo etish, atrofdagi maydonlarni tozalash va obodonlashtirish, shuningdek, ekologik qoidabuzarliklarni aniqlash va jarayonlarning ochiqligini ta’minlash uchun onlayn videokameralar o‘rnatish zarurligini ta’kidladi.
Ushbu chora-tadbirlar rekultivatsiya natijalarini saqlab qolish bilan birga, Yangiobod hududini xavfsiz, obod qilish barobarida mahalliy aholi hamda sayyohlar uchun jozibador maskanga aylantirishga xizmat qiladi.
Chiqindilarni boshqarish agentligi direktori Sharif Hasanov esa ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlarning doimiy nazorati yo‘lga qo‘yilishi, radiatsiya darajasi kam bo‘lgan hududlar tabiatga qaytarilishi hamda hozirda ushbu hududlarda jamoatchilik va yoshlar ishtirokida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilayotganligini aytib o‘tdi.
Ekologik reabilitatsiya loyihasi YeTTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi 9 million yevro miqdoridagi grant kelishuvi asosida amalga oshirilgan. Mablag‘lar Yangiobod (Toshkent viloyati) va Chorkesar-2 (Namangan viloyati)dagi obektlarni rekultivatsiya qilishga yo‘naltirilgan. Avvalroq, 2024 yil avgust oyida Chorkesar-2 hududidagi ishlar to‘liq yakunlangan bo‘lib, u yerda uran rudasi qazib olish oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha to‘liq kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Mavzuga oid
07:51 / 15.05.2026
Kurort va ekoturizm hududlarida plastik mahsulotlar taqiqlanadi
14:32 / 13.01.2026
Yangiobod va Chorkesarda yerlarni tiklash ishlari yakuniy bosqichga o‘tadi
15:50 / 06.05.2025
Pokiston Zomin tog‘ hududida ekoturizm obektlarini tashkil etadi
09:24 / 12.12.2024