Jahon | 16:45 / 10.02.2026
3681
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada Telegram ishlashini «sekinlashtirish» boshlandi

Foydalanuvchilar so‘nggi ikki kun davomida ushbu messenjerga kirish bilan bog‘liq muammolardan shikoyat qilmoqda.

Nikolas Kokovlis / NurPhoto / Getty Images

Hukumat Rossiyada Telegram messenjerini «sekinlashtirish» bo‘yicha ishlarni boshlashga qaror qildi, deb xabar bermoqda RBK nashri soha va tegishli idoralardagi manbalarga tayanib.

Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, «Roskomnadzor» (Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha federal xizmat) 10 fevral kuni messenjer faoliyatini qisman cheklashni rejalashtirgan. Manbalardan biri allaqachon «sekinlashtirish choralari» qo‘llanayotganini aytgan.

«Roskomnadzor» bu borada hozircha rasmiy izoh bermadi.

Rossiyadagi foydalanuvchilar ikkinchi kundirki Telegram faoliyatidagi uzilishlardan shikoyat qilmoqda.

Davlat dumasining axborot siyosati bo‘yicha qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Aleksandr Yushchenkoning aytishicha, Telegram’ni sekinlashtirish masalasi parlamentda muhokama qilinmagan. Deputat «Roskomnadzor» qonunchilik bazasi bo‘yicha messenjerga e’tirozlari bo‘lsa, bloklashga haqli ekanini qo‘shimcha qildi.

Rossiyada 2018 yil aprel oyida messenjer Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga foydalanuvchilar xabarlarini deshifrlash kalitlarini topshirishdan bosh tortgani sababli Telegram’ga kirishga cheklovlar joriy etilgan edi. 2020 yil iyun oyida «Roskomnadzor» Telegram asoschisi Pavel Durov «terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish»ga tayyorligini e’lon qilganini aytib, bloklash talablaridan voz kechgan.

2025 yil avgustida «Roskomnadzor» Telegram va WhatsApp orqali qo‘ng‘iroqlarni cheklagandi. Idora bu messenjerlar «teraktlar uyushtirish hamda terrorchilarni yollash, shuningdek, rossiyaliklarga qarshi firibgarlik va boshqa turdagi jinoyatlarni amalga oshirish uchun foydalanilayotgani»ni iddao qilgandi.

2025 yil dekabr oyi oxirida OAV WhatsApp’ning ishlash tezligi Rossiyada 70-80 foizga pasaygani haqida yozdi. O‘shanda «Roskomnadzor» messenjerga nisbatan «cheklov choralarini izchil joriy etishda davom etayotgani»ni ma’lum qilgandi. Yanvar oyida idora Telegram’ga qarshi cheklovlar qo‘yishni boshlagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi, ammo o‘shanda bu ma’lumot rasman rad etilgandi. Davlat dumasidagilar Telegram messenjeri RF hukumati bilan yetarli darajada hamkorlik qilmagani sababli sekinlashtirilayotganini aytishgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid