Jamiyat | 12:10 / 19.06.2020
54007
6 daqiqa o‘qiladi

«Jigarbandimni qiynab o‘ldirishgan!..» – To‘rt yil burun qamoqxonada joni uzilgan mahkumning onasi hamon haqiqiy aybdorlar jazolanishidan umidvor

2016 yilning 30 iyunida Navoiy viloyatidagi 47-sonli jazoni ijro etish muassasasida favqulodda voqea ro‘y beradi. Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish bilan bog‘liq qilmishni sodir etishda qatnashgani uchun Jinoyat kodeksining 28,182-moddasi bilan ozodlikdan mahrum qilingan Sunnatilla Shermuhammedov sirli ravishda vafot etadi.

Tabiiyki, ayni holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Dastlabki va sud tergovi jarayonlarida jami yetti marta sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkaziladi. Ulardan bittasida, aniqrog‘i, tartib bo‘yicha oltinchisida Sunnatilla ichki va tashqi jarohatlar tufayli olamdan o‘tgani ta'kidlanadi. Qolganlarida bu noxush hodisaga orttirilgan sepsis, ya'ni, yiring hosil qiluvchi mikroblarning infeksiya o‘chog‘idan qonga o‘tib, uni zaharlashi oqibatida kelib chiqadigan og‘ir yuqumli kasallik shakllanishi va o‘tkir buyrak yetishmovchiligi sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan. Shunga ko‘ra, muassasaning tibbiyot bo‘limi boshlig‘i jinoiy javobgarlikka jalb etiladi. Pirovardida sud hukmi bilan aybdor deb topilib, qonuniy jazoga tortiladi. Ammo keyinchalik Bosh prokuratura marhumning yaqinlari shikoyatini o‘rganib chiqish natijasida kiritgan protestga muvofiq, bu xususdagi hukm bekor qilinadi. Jinoyat ishi birinchi instansiya sudida yangidan ko‘rish uchun dastlab Navoiy, so‘ngra Toshkent shahar sudiga o‘tkaziladi.

Xo‘sh, keyin-chi?

Toshkent shahar sudi 2019 yil 22 yanvardagi komission ekspertiza xulosasiga asosan chiqargan ajrimga ko‘ra, jinoyat ishi tegishli tartibda unga aloqador boshqa aybdorlarni  aniqlash uchun prokurorga qaytarildi. Bu safar tergov harakatlari Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan olib borildi. Shu asno marhumga xizmat ko‘rsatgan to‘rt nafar tibbiyot xodimi o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagani tufayli u o‘limga yuz tutgan degan xulosa chiqarildi. Shifokorlarning barchasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan ayblanib, ish poytaxt shahar sudiga qaytarildi. Sud tomonidan ularga tegishli jazo tayinlandi.

Rixsixon Shermuhammedova

Biroq, Sunnatillaning onasi Rixsixon Shermuhammedova o‘g‘lining o‘limiga noto‘g‘ri tibbiy tashxis qo‘yish emas, balki JIEMdagi ichki ishlar organlari xodimlari qo‘llagan jismoniy qiynoq va azoblar sabab bo‘lgan deb hisoblaydi. Uning aytishicha, farzandiga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan. Toshkent shahar sudi esa 2016 yil 13 aprelda S.Shermuhammedov Jinoyat kodeksining 28,182-moddasi ikkinchi qismi «a» bandida belgilangan jinoyatga qo‘l urgan degan to‘xtamga kelib, uni 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga loyiq ko‘rgan. Hukm o‘qilgan paytda Sunnatilla jismonan va ruhan sog‘lom-baquvvat bo‘lgan, muqaddam muntazam ravishda sport bilan shug‘ullangani bois unda biror kasallik alomatlari aniqlanmagan. Oradan 78 kun o‘tgach esa, unga sepsis xastaligi asorati o‘laroq, hayotdan ko‘z yumgan degan tashxis qo‘yilgan.

Sunnatilla Shermuhammedov

Xo‘sh, Navoiy viloyatidagi 47-sonli jazoni ijro etish muassasasida kuzatilgan bu mudhish voqeaga aslida nimalar sabab bo‘lgan? U qamoqxonada qiynoqqa solinganmi yoki yo‘qmi? Aks holda, ne sabab sud-tibbiyot ekspertizasi xulosalari bir-biriga zid kelmoqda? Umuman olganda, soppa-sog‘ yoshgina yigitning qamoqxonada sepsis kasalligini «orttirib», osongina jon taslim qilishi har qanday kishida shubha uyg‘otmaydimi?

Yaqinda Andijon shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari aybsiz navqiron yigitning umr xatiga bemavrid nuqta qo‘ydi. Bu fojia huquqni muhofaza qiluvchi organlarda, xususan, ichki ishlar idoralarida shaxslarga nisbatan jismoniy qiynoqlar va zo‘ravonliklar hali-hamon davom etayotganini yana bir bor isbotladi. O‘sha vahshiylik qurbonining so‘nggi nafasidan avval kasalxonada olingan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videotasvirlar esa Rixsixon Shermuhammedovaga o‘z o‘g‘lining o‘limi arafasidagi holatini eslatdi. Darvoqe, vafoti arafasida Sunnatilladan og‘zaki tushuntirish olingan va bu jarayon videotasvirga tushirilgan. Unda mahkum savollarga juda qiynalib javob qaytarayotgani aks etgan...

Sunnatilla Shermuhammedov

Tunov kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev Andijon voqeasiga o‘z munosabatini bildirdi. Shuning barobarida qiynoqlar bo‘yicha murojaatlar ko‘p bo‘lishini, ammo ularni isbotlash qiyinligini alohida uqtirib o‘tdi. Qolaversa, u joriy yilning 30 mayida Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan brifingda ham O‘zbekistonda qiynoqlar oldindan bo‘lib kelganini, faqat hukumat buni tan olmaganini eslatgandi. Bu fikrlar aynan Sunnatilla singari nogoh o‘lim topgan insonlar taqdiriga ishora bo‘lsa, ajabmas...

Qandayligidan qat'i nazar, endilikda zamon o‘zgardi, muhit va talab o‘zgardi. Modomiki, shunday ekan, andijonlik ichki ishlar xodimlar qo‘l urgan vahshiylik marhum S.Shermuhammedov va unga o‘xshab tergov izolyatorlari-yu qamoqxonalarda umri xazon bo‘lgan insonlarning o‘limi sabablarini yana bir bor chuqurroq o‘rganishni taqozo etmoqda.

Zero, bu zayl o‘ta ayanchli yakun topgan taqdirlar zamirida ularning egalari vafoti oldidan tortgan qanchadan qancha jismoniy va ruhiy azob-uqubatlar, motamsaro onalarning «Bolam!» deb bo‘zlashlari-yu achchiq-achchiq ko‘z yoshlari, yetim qolgan go‘daklarning «Ota!» deya chekkan oh-nolalari mujassamlashgan. Biz buni aslo unutmasligimiz, qonun ustuvorligini og‘izda emas, amalda ta'minlashimiz shart!

Rahmatillo Isroilov
Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid