Sport | 14:01 / 20.09.2023
25016
24 daqiqa o‘qiladi

Mbappe to‘xtovsiz gol urmoqda, «Barsa» 5 ta gol bilan boshladi. YeChLda kun o‘yinlari

Chempionlar ligasining guruh bosqichi boshlandi. Seshanba oqshomidagi o‘yinlarda urilgan gollar va guruh jadvallaridagi vaziyat.

F guruhi

Mbappening besh o‘yindagi sakkizinchi goli va «Nyukasl»ning Milandagi bardoshi

«PSJ» — «Borussiya» D 2:0
Gollar:
Mbappe (49, penalti), Hakimi (58). 
PSJ – Donnarumma, Hakimi, Markinos, Shkrinyar, Ernandes, Danilu Pereyra, Ugarte, Vitinya (Li Kan In, 80), Zair-Emeri, Dembele, Mbappe, Kolo-Muani (Gonsalu Ramush, 80).
Borussiya D – Kobel, Hummels, Zyule, Shlotterbek, Ryuerson, Volf (Bensebayni, 78), Zabitser (Nmecha, 14), Jan (Bayno-Gittens, 76), Brandt (Roys, 62), Malen (Fyullkrug, 62), Adeyyemi. 
Ogohlantirishlar: Shlotterbek (66), Jan (67).

Chempionlar ligasining birinchi kunida chinakamiga top-to‘qnashuvlar yo‘q edi, lekin nisbatan nomdor jamoalarning o‘zaro uchrashuvlari topilardi. Parijdagi «Park de Prens» stadionida «PSJ» Dortmundning «Borussiya» klubini qabul qildi. Bir necha yil oldin bu juftlik katta rezonans keltirib chiqargan bo‘lardi, ammo so‘nggi bir necha transferlar oynasi ichida Parijni Messi va Neymar tark etdi, Dortmunddan esa Holand, Sancho va Bellinghem kabi jamoalar yuqori cho‘qqilarni zabt etish uchun yo‘l oldi. Shunga qaramay, haqiqiy futbol ixlosmandlari uchun bu o‘yinda intriga bor edi.

Nemislarda tarkib bo‘yicha muammolar yuzaga kelgan: Bellinghem ham boshqa chempionatga o‘tib ketganidan keyin jamoada yorqin nomlar deyarli qolmadi (faqat Adeyyemi va Malenning o‘yini qiziqish uyg‘otishi mumkin), qolaversa, «Borussiya» yangi mavsumni ham juda kuchsiz boshladi — «Bohum» va «Haydenhaym» kabi autsayderlar bilan duranglar, «Kyoln» bilan o‘yindagi bazo‘r qozonilgan g‘alaba jamoa uchun ishonchni barbod qildi. «Asalarilar» to‘rtinchi turga kelib «Frayburg»dan uch ochko olgani (4:2) jamoaga ishonchni qaytargan bo‘lishi mumkin, ammo bu o‘yinda Edin Terzich jamoasi raqib safidagi futbolchi qizil kartochka olganidan keyin ustunlikni qo‘lga olgandi.

Bunday sharoitda «PSJ» — yaqqol favorit bo‘lib ko‘rinardi. Ammo Luis Enrikeda ham yangi kampaniya startida muammolar yuzaga keldi: Asensio va Kimpembe jarohat oldi, Mendesh va Mukiyele hali tiklana olmadi, Usmon Dembele kutilganidek o‘yin ko‘rsatmayapti (to‘rt o‘yinda birorta gol yoki golli pas muallifi bo‘lmadi). Natijalar ham katta taassurot qoldira olmaydi — «Loryan» va «Tuluza» bilan o‘yinlarda duranglar, «Lion» va «Lans» bilan o‘yinlarda g‘alaba va kutilmaganda «Nitssa»dan uchralgan mag‘lubiyat. Hozircha barcha umid Mbappedan, u barcha uchrashuvlarda yuqori darajadagi formasini namoyish etib, startdagi to‘rt o‘yinida yetti gol urishga ulgurgandi (birinchi turda tushirilmagan).

Jamoalarning boshlang‘ich tarkibiga qarab ham o‘yin qanday yo‘nalishda ketishi tushunarli edi. Terzich uch markaziy himoyachi - Zyule-Hummels-Shlotterbek - bilan himoyani zichlashtirdi, maydon markazida ham Zabitser-Jan-Brandt uchligi (birinchisi tezda jarohat olib, o‘rnini Nmechaga bo‘shatib berdi) harakatlandi, oldingi chiziqda esa Adeyyemi-Malen juftligi tushirildi. Ilk daqiqalardanoq «Borussiya» o‘z jarima maydoni hududida himoyalanishga o‘tdi, birinchi bo‘limda vaqti-vaqti bilan qarshi hujumlarga o‘tib turilgan bo‘lsa-da, keyin butkul himoyaga yotishdi va tashabbusni to‘liq mezbonlarga topshirishdi. Mehmonlar maydonning ikkinchi qismida ham bosim uyushtirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, asosiy e’tibor fransuzlarga qanotlarda bo‘sh hududlar qoldirmaslik va ularni faqat uzun uzatmalarga tayanishga majbur qilishga qaratildi, bu holatda baland bo‘yli himoyachilar uzatmalarni osonlik bilan qaytarishiga ishonch bildirilgandi.

Luis Enrike o‘yinni o‘zi uchun klassik, to‘pga egalik qilishda eng yaxshi tanlov bo‘lgan 4-3-3 sxemasida boshladi, ammo bunda ayrim qiziqarli detallar kiritilgandi. Masalan, hujum triosi juda qiziqarli ishladi — Dembele muntazam ravishda qanotlarni almashtirib o‘ynadi (holbuki u o‘ng qanotda o‘ynashga ixtisoslashgan), Mbappe muntazam ravishda markazga ko‘chdi va Kolo-Muani bilan juftlik hosil qildi, bu vaqtda esa chap qanotda uning o‘rnini markaziy yarimhimoyachi Vitinya egallab turdi. Parijliklar keskin vaziyatlarni asosan o‘ng qanotda yaratishdi, Dembele, Zair-Emeri va Hakimi birtepar usulda kombinatsiyalar uyushtirib, zich himoyadan o‘tishga harakat qilishdi. Bu ish berdi — Vitinyada hisobni ochish uchun ajoyib imkoniyat paydo bo‘ldi, ammo uning zarbasidan keyin to‘p ustunga tegib maydondan chiqib ketdi.

«PSJ»ning yangi bosh murabbiyi hali kombinatsion o‘yinni ideal darajaga olib chiqmagani «Borussiya»ning foydasiga ishladi. Mbappening harakatlari keskin chiqqan bo‘lsa ham, Kilian jamoa o‘yinidan uzilib qolgandek tuyulardi. Birinchi bo‘limda zarbalar bo‘yicha 11:3, to‘pga egalik qilish bo‘yicha 72:28 nisbati qayd etilgan bo‘lsa-da, bu dortmundliklar parijlik yulduzlar hujumiga dosh berganini emas, ko‘proq mezbonlarning o‘yini yaxshi chiqmagani tufayli bo‘ldi.

Ammo ikkinchi bo‘limda «PSJ» baribir maqsadga erishdi. Tanaffusgacha ham to‘p bir marta jarima maydoni ichida Zyulening qo‘liga tekkandi, ammo arbitr Xesus Hil Mansano nuqtani ko‘rsatmagandi. 47-daqiqada esa ushbu himoyachi yana bir bor o‘z darvozasi yaqinida to‘pni qo‘l bilan o‘ynadi va bu safar VAR hakamlari ishorasidan keyin ispaniyalik hakam 11-metrli jarima zarbasini belgiladi. Mbappe to‘pga yaqinlashdi va Kobelga imkoniyat qoldirmadi.

O‘tkazib yuborilgan goldan keyin «Borussiya» nisbatan faollashdi, ammo penaltidan 10 daqiqa o‘tib ikkinchi gol o‘tkazib yuborildi. Hakimi Vitinya bilan devor uslubida o‘ynab, qanotdan jarima maydoniga yorib kirdi va bir harakat bilan tajribali Hummelsni gazonga yotqizib, butsasining tashqi qismi bilan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.

Shundan keyin Dortmund jamoasida o‘yinni qutqarish uchun deyarli hech qanday imkon qolmadi. Terzich tajribali hujumchi Fyulkrug va yosh angliyalik Bayno-Gittensni maydonga tashladi. Ammo bu o‘yin kartinasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmadi, faqat angliyalik futbolchi 79-daqiqada jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi bilan ustunni titratdi.

O‘z navbatida, «PSJ» kuch tejab o‘ynagan holda o‘ziga kerakli natijani saqlab qoldi (lekin Mbappeda o‘yin oxirida dubl qayd etish imkoniga ega bo‘ldi). 2:0 va guruh yetakchiligi — Luis Enrikedan 1-turdan keyin kutilgan natija. «Borussiya» esa keyingi o‘yinlarda faqat ko‘pchilik bo‘lib himoyalanishi emas, hujumda ham nostandart harakatlar amalga oshirishi kerak.

«Milan» — «Nyukasl» 0:0
Milan – Menyan (Sportiyello, 81), Kalabriya (Florensi, 46), Tomori, Tiav, Ernandes, Krunich, Loftus-Chik (Musa, 72), Pobega (Reynders, 61), Leau, Chukvueze (Pulishich, 61), Jiru.
Nyukasl – Poup, Trippiyer, Sher, Botman, Bern, Gimaraes, Longstaff, Tonali (Anderson, 72), Myorfi (Uilson, 63), Gordon (Almiron, 63), Isak.
Ogohlantirishlar: Kalabriya (40), Sher (49), Musa (82), Jiru (83), Krunich (89).

Bir qarashda, «Milan» — «Nyukasl» viveskasi Chempionlar ligasiga xos ko‘rinmaydi. Italiyaliklarning bu turnirdagi eng yaxshi damlari asr boshida qolib ketgan (o‘tgan mavsumda yarimfinalgacha yetib borganiga qaramay), angliyaliklar esa asosiy yevrokubokda 20 yil ichida ilk bor qatnashmoqda. Lekin bu yuzaki ko‘rinish — bu uchrashuvda intriga yetarlicha edi.

Birinchidan, «Nyukasl» YeChLda tasodifiy mehmon emas. «Qarg‘alar» jiddiy loyiha qurishmoqda, jamoa o‘z harakatlari bilan dunyoning eng kuchli ligasida kuchli to‘rtlikka kira oldi — va bu jamoaning katta turnirdagi ishtirokini kuzatish qiziqarli edi.

Ikkinchidan, «Milan» yangi davrni boshlagan. Jamoani Chempionlar ligasi favoriti deb hisoblash qiyin («Bavariya» yoki «Real» kabi), ammo autsayder deb atash ham qiyin. Rossonerilar hurmat qozonish uchun kurashmoqda va ularning turnirdagi qatorasiga uchinchi ishtiroki — katta voqea.

Shu bilan birga, «Milan»ni hozirda yaxshi formada deyish qiyin. Jamoa YeChL o‘yinidan uch kun oldin «Inter» bilan derbida yirik hisobda yutqazgandi — qo‘shnilar raqibini 5:1 hisobida tor-mor etishdi. Pioli shogirdlari prinsipial raqibga bir yil ichida beshinchi bor (va qatorasiga) mag‘lub bo‘lishdi.

Angliyaliklarda ham ishlar bir tekisda emas — jamoa yangi mavsum startida qatorasiga uch o‘yinda yutqazdi, to‘g‘ri, ularga bu o‘yinlarda juda kuchli raqiblar to‘qnash kelgandi. Hau shogirdlari APLning 2-turida «Siti» bilan, 3-turda — «Liverpul» bilan uchrashgandi. Lekin dam olish kunlarida jamoa baribir «Brentford» qarshiligini yenga olgandi (1:0).

Bu o‘yinning dastlabki 25 daqiqaligida esa «Milan» mehmonlarni ko‘z ochirmadi. «Nyukasl»da amalda darvozabon Nika Poupdan boshqa futbolchilar to‘p bilan muomila qilmadi. Mehmonlar posboni yarim bo‘lim ichida olti bor seyv amalga oshirishiga to‘g‘ri keldi.

37-daqiqaga kelib zarbalar bo‘yicha hisob butkul noodatiy ko‘rinish oldi – 15:0. Bu zarbalar maydondagi o‘n futbolchidan sakkiz nafari tomonidan yo‘llangan. Bo‘lim oxiriga yaqinlashganda mezbonlar shunchalik o‘zini erkin his qilishdiki, tomoshabinlar uchun o‘ynashga tushib ketishdi. Xususan, Rafael Leao tovoni bilan gol urishga harakat qilgan bo‘lsa, Jiru — qaychi uslubida zarba yo‘llab ko‘rdi va bu voqealar bir necha daqiqa farq bilan ro‘y berdi. «Nyukasl» futbolchilariga faqat hamdardlik bildirish mumkin edi — ular tanaffusga zarbalar bo‘yicha 2:17 statistikasi bilan yo‘l olishdi.

Ikkinchi bo‘lim ancha mo‘’tadil boshlandi. Italiyaliklar biroz charchagan, angliyaliklar esa oldinga tashlanishga shoshilmasdi — shunga qaramay, ikki tomon ham hujumlar qilib turdi. Ammo endi ko‘p hollarda ish zarbagacha yetib bormasdi, natijada murabbiylar yangi futbolchilarni maydonga tashlashni boshladi. Pioli Reynders va Pulishichni, Hau — Almiron va Uilsonni tushirdi, futbolchi almashtirishlardan keyin yana «Milan» o‘yinni kuchaytirdi va zarbalar berila boshlandi.

Shu bilan birga, rossonerilarda muammolar ham paydo bo‘ldi. Ammo ularni «Nyukasl» yaratmadi (mehmonlar ustozi asosiy e’tiborni himoyalanishga qaratgandi). Avvaliga Loftus-Chik 72-daqiqada mushaklarini shikastlab olib, almashtirishni so‘radi. Ammo eng yoqimsiz holat 80-daqiqada to‘g‘ri keldi, asosiy darvozabon Menyan ham majburan almashtirildi. 

Yakuniy 10 daqiqalik ancha xotirjam kechdi. «Nyukasl» futbolchilari hakam hushtagi chalinishini kutib o‘ynashdi. «Milan» futbolchilarida esa kuch tugadi va ularning barcha zarbalari besamar ketdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar oxirida esa «qarg‘alar» o‘yin davomidagi eng xavfli vaziyatini yaratdi, ammo to‘p biroz yuqoridan o‘tib ketdi.

«Milan» bu o‘yini bilan faxrlana olmaydi — zarbalar bo‘yicha 26:6 (darvoza sohasiga aniq berilgan zarbalar bo‘yicha 8:1) statistikasida birorta gol ura olmaslikdan uyalsa ham bo‘ladi. «Nyukasl» esa, aftidan, natijadan rozi — inglizlar «San-Siro»dan bir ochko olib qaytdi. Ammo inglizlar «Borussiya» va «PSJ» ham bor guruhda bunday uslub bilan nimaga erishmoqchi bo‘layotganini tushunish qiyin.

4 oktyabr. Nyukasl — PSJ, Borussiya D — Milan.

G guruhi

Syurprizlarsiz

«Manchester Siti» — «Tsrvena Zvezda» 3:1
Gollar:
Alvares (47, 60), Rodri (73) — Bukari (45). 
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Ake, Diash (Lyuis, 83), Gomes (Akanji, 58), Silva (Doku, 44), Rodri (Fillips, 83), Foden (Bobb, 83), Nunesh, Holand, Alvares.
Tsrvena Zvezda – Glazer, Dragovich, Rodich, Jiga, Mitrovich (Luchich, 78), Ivanich (Olayinka, 68), Hvang In Bom (Kangva, 83), Stamenich, Miyaylovich, Bukari (Degenek, 83), Ndiayye (Krasso, 68).
Ogohlantirishlar: Rodri (24), Rodich (32), Diash (56), Stamenich (82).

Amaldagi chempionlar kubokni himoya qilishni turnir tarixidagi eng paradoksal bo‘lim bilan boshlashdi. 22 zarba (Holandning zarbasi to‘singa tekkani statistikaga kirmagan), raqib jarima maydoni ichida to‘p bilan 41 marta muomila qilish — va hech qanday natija yo‘q. Ilk daqiqalardanoq avtobus qo‘yib o‘ynagan «Tsrvena Zvezda» esa birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda hisobni ochishga erishdi. Vaziyatga VAR aralashib, Bukarida ofsayd qayd etgan laynsmenning xatosini tuzatdi.

Bo‘lim bunday yakunlanishi «Man Siti»ning g‘azabini keltirdi va ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan Holand Alvaresni darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqardi. Keyin esa argentinalik futbolchi chap qanotdan oshirgan to‘p darvozabonning qo‘pol xatosi tufayli darvoza to‘riga borib tushdi. Isroillik darvozabon Glazer to‘pni mushtlari bilan urib yubormoqchi bo‘lgandi, ammo to‘pga yeta olmadi. O‘yin davomida juda ko‘p zarbalarni (37) bartaraf etish bilan mashg‘ul bo‘lgan  darvozabon baribir xatoga yo‘l qo‘ydi. O‘yin mantiqiy hisob bilan yakun topdi, lekin «Zvezda»ga intriga uchun minnatdorchilik bildirish kerak.

«Yang Boyz» — «Leypsig» 1:3
Gollar:
Meshak (33) — Simakan (3), Shlager (74), Sheshko (90+2). 
Yang Boyz – Rachoppi, Janko (Blum, 69), Benito, Kamara, Amenda, Garsiya (Persson, 77), Lauper (Males, 77), Ugrinich, Niyasse (Nsame, 85), Elia, Itten (Ganvula, 70).
Leypsig – Blasvix, Henriks, Lukeba, Simakan, Raum, Simons (Verner, 88), Forsberg (Baumgartner, 80), Kampl, Shlager, Poulsen (Sheshko, 64), Openda (Lens, 88).
Ogohlantirishlar: Benito (45), Kampl (55), Lauper (61), Simons (67), Blum (77), Forsberg (79), Simakan (90).

Guruhdagi boshqa bir favorit «Leypsig» o‘z uslubida boshladi. Tezkor gol urildi, ammo nemislarga muvaffaqiyatni rivojlantirishga yo‘l qo‘yilmadi. «Yang Boyz» o‘zining sun’iy qoplamali maydonida barcha uchun xavfli raqib sanaladi va shveysariyaliklar buni isbotlashdi, Elia favqulodda qaror qabul qilib, to‘pni oyoqlari uchi bilan darvoza to‘riga joyladi. Keyin esa bu futzalcha nomer uning jamoadoshi tomonidan ham takrorlandi va bu yana xavfli chiqdi.

Marko Roze jamoasidan esa omad yuz o‘girgandek ko‘rinardi. Chavi Simons jarima maydoni ichida yiqilganida penalti belgilash o‘rniga, simulyatsiya uchun sariq kartochka berildi, Sheshkoning goli esa kichik ofsayd tufayli bekor qilindi. Ammo yakunda Shlagerning zarbasi barchasini hal qildi — to‘p futbolchilar orasidan o‘tib darvoza burchagiga aniq borib tushdi. Sheshko esa o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi. Sloveniyalik hujumchi 20 yoshu 11 kunligida «Leypsig»ning asosiy yevrokubokda gol urgan eng yosh futbolchisiga aylandi.

4 oktyabr. Leypsig — Manchester Siti, Tsrvena Zvezda — Yang Boyz.

N guruhi

Ko‘k-anorranglilarning rekordlari kuni

«Barselona» — «Antverpen» 5:0
Gollar:
Feliks (11, 66), Levandovski (19), Betay (22, avtogol), Gavi (54). 
Barselona – ter Stegen, Joau Kanselu (Roberto, 76), Kristensen, Kunde, Balde, Gundo‘g‘an, de Yong (Romeu, 58), Gavi (Lopes, 58), Rafinya (Ferran Torres, 68), Feliks (Yamal, 68), Levandovski.
Antverpen – Byute, Batay (Kerk, 74), Alderveyreld, Kulibali, Veyndal, Keyta, Ekkelenkamp (Yusuf, 61), Vermeren, Muya (Valensiya, 83), Balikvisha (de Lat, 61), Yanssen (Ilenikena, 60).
Ogohlantirish: Gavi (36).

Xavining sobiq jamoadoshlari — «Antverpen» bosh murabbiyi Mark van Bommel va Belgiya klubi sport direktori Mark Overmars — bilan iliq uchrashuvi ko‘k-anorranglilar muxlislarida nostalgiya uyg‘otgani aniq. Ammo o‘yin boshlanganidan keyin «Barsa» mehmonlarni ayab o‘tirmadi. 22-daqiqa ichida uch gol — ko‘k-anorranglilarda YeChLda bunday kuchli debyut o‘n besh yildan buyon kuzatilmagandi. O‘shanda, 2008/09 yillar  mavsumida Gvardiola boshqaruvidagi kataloniyaliklar asosiy sovrinlarni qo‘lga kiritgandi.

Bu o‘yinda ayniqsa bolaligidagi orzusi bo‘lgan jamoada o‘ynay boshlagan Joau Feliks jonbozlik ko‘rsatdi. Portugaliyalik futbolchi hujum uchligining chap qanotida o‘zini juda qulay his qilmoqda. Diyego Simeonening qat’iy sxemalaridan keyin u nihoyat erkinlikka erishdi va o‘zining ijodkorlik imkoniyatlaridan bahra olib o‘ynamoqda. Fintlar bilan himoyachilarning boshini aylantirish va to‘pni kuchli zarba bilan yaqin burchakka kiritib yuborish kerakmi? Marhamat! Shunga o‘xshash nomer ijro etib, yakunda to‘pni olis ustun oldida turgan Levandovskiga oshirish kerakmi? Bu uning uchun oson!

Shu tariqa, Feliks polshalik to‘purar Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi ortidan yevrokuboklarda 100 gol urgan uchinchi futbolchiga aylanishida o‘z hissasini qo‘shdi. Levi 34 yoshu 260 kunligida «Barsa» uchun YeChLda gol urish orqali Jyerar Pikening ham rekordini yangiladi. Qolaversa, zaxiradan maydonga tushgan Yamal (16 yoshu 68 kunlik) kataloniyaliklar safida YeChLda o‘ynagan eng yosh futbolchi bo‘ldi. Ammo u Yevropa rekordini o‘rnata olmadi, chunki «Borussiya» forvardi Mukokoning natijasi ikki oyga yaxshiroq.

«Shaxtyor» — «Portu» 1:3
Gollar:
Kelsi (13) — Galeno (8, 15), Torimiy (29).
Shaxtyor – Riznik, Konoplya (Gocholeyshvili, 76), Rakitskiy, Lemkin (Azarov, 65), Dismas, Stepanenko (Kashchuk, 65), Nazarina, Sudakov, Zubkov, Sikan (Eginaldo, 81), Kelsi (Bondarenko, 65).
Portu – Koshta, Joau Mariu (Sanches, 73), Pepe, Karmu, Sanusi (Vendell, 46), Andre Franku (Gonsalu Borjyesh, 82), Eushtakiu, Hayme (Niko Gonsales, 73), Varela, Galeno, Torimiy
Ogohlantirishlar: Karmu (4), Sikan (6), Stepanenko (31), Mariu (54), Konoplya (76).

«Portu» startda jiddiy muammosiz uch ochkoni qo‘lga kiritdi va raqibning javob goli hech qanday muammo tug‘dirmadi. Dastlab qaytgan to‘pga zarba berib hisobni ochgan Galeno raqib javobidan ikki daqiqa o‘tib ikkinchi golini ham urdi va «ajdarlar»ga hisobdagi yetakchilikni qaytardi. Braziliyalik futbolchi ikki golidan tashqari Torimiyning golida assistentlik ham qildi.

4 oktyabr. Portu — Barselona, Antverpen — Shaxtyor.

E guruhi

Simeone uchun shok

«Latsio» — «Atletiko» 1:1
Gollar:
Provedel (90+5) — Barrios (29). 
Latsio – Provedel, Marushich, Gabarron, Romanioli, Pellegrini (Ladzari, 38), Luis Alberto, Vesino (Kataldi, 76), Kamada (Genduzi, 62), Felipe Anderson (Isaksen, 62), Dzakkani (Pedro, 76), Immobile.
Atletiko – Oblak, Molina, Savich, Ermoso, Vitsel (Korrea, 75), Saul, Liorente, Barrios (Ximenes, 46), Lino (Rikelme, 79), Grizmann, Morata.
Ogohlantirishlar: Grizmann (26), Lino (67), Gabarron (84), Immobile (84), Korrea (90+4). 

Qur’adan keyin bu guruh «Atletiko» va boshqalardan iborat ekani aytilgandi. Rimdagi o‘yin boshlangach, madridliklar «Olimpiko»da yig‘ilganlarni yaqqol kuchsiz ko‘rinayotgan «Latsio» futbolchilariga hushtakbozlik qilishga majbur edi. Rimliklar darvozaboni o‘z futbolchisi orqali yo‘nalishni o‘zgartirgan to‘p qarshisida ojiz qoldi.

Barrios 20 yoshu 96 kunligida «matraschilar» safida YeChLda gol urgan eng yosh futbolchi bo‘ldi. Oldingi rekordchi Saul ham shu kuni maydonda edi. Mehmonlarning yana bir hujumi rikoshet orqali ustunga bordi, shundan keyin ispanlar asta-sekinlik bilan tashabbusni topshira boshladi. Lekin Simeone jamoasi uchun bu hech qanday qo‘rqinchli holat emasdi.

Final hushtagi chalinishiga juda oz vaqt qolganida esa maydonda aql bovar qilmas ishlar bo‘lib ketdi va darvozabon Provedel bosh bilan yo‘llagan zarbasi orqali Rimni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Provedel 15 yoshiga qadar hujumchi ampluasida o‘ynagandi va bu unga gol urishda qo‘l keldi. E’tiborli jihati, u bir necha yil muqaddam V Seriyada ham 90+5-daqiqada gol urib, o‘sha vaqtdagi jamoasi «Stabiya»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgandi. 29 yoshli 2009 yildan keyin Chempionlar Ligasida gol urgan birinchi (tarixdagi beshinchi) darvozabonga aylandi. Shu vaqtgacha YeChLda darvozabonlar faqat penaltidan gol urishgan: Hans-Yorg Butt uch marta («Bayyer» va «Bavariya»), Dimitar Ivankov («Levski») ikki marta, shuningdek, Sinan Bolat («Standard») va Vinsent Enema («Hapoel») bir martadan.

«Feyyenoord» — «Seltik» 2:0
Gollar:
Stengs (45+2), Jahonbaxsh (76). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Payshao (65). 
Feyyenoord – Vellenroyter, Gertryuyda, Trauner, Gansko, Hartman, Sauer, Ivanushets, Timber (Zerruki, 73), Viffer, Stengs, Igor Payshao (Jahonbaxsh, 67), Minte (Lingr, 68).
Seltik – Hart, Jonston, Skeylz, Lagerbilke, Teylor, Makgregor, O`Rayli (Paulu Bernardu, 82), Atate (Holm, 58), Palma (Hyong Chung, 58), Maeda (O Hyong Gu, 82), Furuhasi (Ivata, 67).
Ogohlantirishlar: Lagerbilke (31), Makgregor (36), Timber (56).
Chetlatishlar: Lagerbilke (63), Holm (68).

Rotterdamdagi o‘yin «Feyyenoord»ning yaqqol ustunligi bilan o‘tdi, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Stengs jarima nuqtasidan ajoyib zarba yo‘llab, bu ustunlikni golga aylantirdi. Ikkinchi bo‘limda Jo Hart Igor Payshaoning penaltidan yo‘llagan zarbasini qaytargan bo‘lsa-da, «Seltik»da mag‘lubiyatdan qutulish uchun imkon yo‘q edi. 11-metrlik jarima zarbasi belgilanganda shotlandlar futbolchisi maydondan chetlatilgandi, ko‘p o‘tmay jamoaning yana bir fubolchisi qizil kartochka oldi, to‘qqiz kishi bo‘lib qolgan mehmonlar ikkinchi golni ham o‘tkazib yuborishdi. Mezbonlar g‘alabasi esa jamoaning xorvatiyalik futbolchisi Ivanushetsning jarohati tufayli biroz xira tortdi, u maydonni zambilda tark etdi.

4 oktyabr. Atletiko — Feyyenoord, Seltik — Latsio.

Mavzuga oid