Jahon | 14:25 / 10.07.2025
5147
11 daqiqa o‘qiladi

Dohada davom etayotgan og‘ir muzokaralar, Ukrainada ushlangan xitoylik josuslar va Trampdan yangi «maktublar» – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azo: og‘ir muzokaralar davom etmoqda

Vashingtonda bo‘lib turgan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu so‘nggi ikki kun davomida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan ikki marta uchrashdi. Unda asosan G‘azoda garovga olinganlarni ozod qilish masalasi ko‘tarilgan. Seshanba oqshomida o‘tkazilgan uchrashuv rejadan tashqari bo‘lgan hamda unga OAV vakillari kiritilmagan. Uchrashuv tafsilotlari haqida «juda kam ma’lumot» chiqqani esa sulh bo‘yicha qandaydir to‘siq yuzaga kelganiga ishora bo‘lishi mumkin.

Bu orada Dohada sulh bo‘yicha muzokaralar davom etayotganiga qaramay, Isroil G‘azo hududini bombardimon qilishni ham davom ettirmoqda. Netanyahu jurnalistlarga bergan bayonotida G‘azodagi harbiy amaliyot yakunlanmaganini tan olgan, ammo «muzokarachilar sulh ustida ish olib bormoqda», degan.

Hamas rasmiysi Toher al-Nono Reuters agentligiga bergan izohida «og‘ir muzokara bosqichi» davom etayotganini aytdi. Shunga qaramay, G‘azoda sulh bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar doirasida Hamas 10 nafar garovdagilarni ozod qilishga rozi bo‘lganini bildirdi. Ular muzokaralarni «og‘ir»ligiga sabab qilib Isroilning «murosasizligini» ko‘rsatmoqda. Dohada o‘tkazilgan to‘rt kunlik muzokaralarda uchta asosiy masala bo‘yicha hech qanday muhim siljish bo‘lmagan:

  • G‘azo sektoriga gumanitar yordam oqimini erkin ta’minlash;
  • Isroil kuchlarining chekinish chiziqlari;
  • Doimiy sulhga olib boruvchi kafolatlar.

Manbaga ko‘ra, Isroil G‘azo hududining uchdan bir qismini, xususan, Rafah va Xon-Yunus shaharlari orasidagi Morag yo‘lagini nazoratda saqlab qolishni talab qilmoqda. Yordam masalasida esa Isroil AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan «G‘azo Insonparvarlik Fondi» tizimiga amal qilishda qat’iy turib olgan. Bu tizim BMT va insonparvarlik tashkilotlari tomonidan xavfsiz emas deb baholangan va kamida 613 kishining o‘limiga sabab bo‘lgani tanqid qilingan.

HAMAS manbasi hal etilmagan muammolar sonini uchta desa, Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha vakili Stiv Uitkoff bu son hozirda to‘rttadan bittagacha qisqarganini aytib, hafta oxirigacha vaqtinchalik sulhga erishish borasida optimist ekanini bildirgan.

Ukrainada xitoylik josuslar ushlandi

Kiyevda Ukrainaning «Neptun» raketasini ishlab chiqarishga aloqador maxfiy hujjatlarni mamlakatdan olib chiqib ketishga uringan ikki nafar xitoylik qo‘lga olindi.

Ukraina xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, «xitoylik josuslar»dan biri Kiyevdagi texnika universitetining 24 yoshli sobiq talabasi. U 2023 yilda o‘qishdan haydalgan bo‘lsa ham Kiyevda qolgan. Qo‘lga olingan ikkinchi shaxs — ushbu yigitning otasi bo‘lib, u «o‘g‘lining razvedka faoliyatini shaxsan muvofiqlashtirish uchun» Ukrainaga tez-tez kelib turgan.

Ukraina xavfsizlik xizmati versiyasiga ko‘ra, xitoylik talaba maxfiy materiallarni qo‘lga kiritish uchun qurollar ishlab chiqarishga aloqador Ukraina fuqarosini og‘dirib olishga uringan. Ammo u darhol kuzatuv ostiga olingan va texnik hujjatlarni topshirish vaqtida ushlangan. Shundan keyin uning otasini qo‘lga olish operatsiyasi amalga oshirilgan. Erkak hujjatlarni XXR maxsus xizmatlariga topshirishi kerak bo‘lgan.

Tintuv vaqtida har ikki shaxsning ham telefonlari olib qo‘yilgan, qurilmalarda ularning josuslik faoliyatini isbotlovchi ma’lumotlar mavjud. «Josuslik»da gumonlanayotgan shaxslar 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Xitoyning Kiyevdagi elchixonasi hozircha vaziyatga izoh bermadi. Reutersʼning yozishicha, Ukrainaga josuslikda ayblanib, XXR fuqarolarining hibsga olinishi 2022 yilda boshlangan Rossiya tajovuzidan beri birinchi marta sodir bo‘lmoqda.

Ukraina Qurolli kuchlari urush boshlangandan beri uzoq masofaga mo‘ljallangan «Neptun» raketalaridan foydalanib kelyapti. Ular soatiga 900 kilometr tezlikda 300 kilometr masofaga ucha oladi. Ukrainalik harbiylar aynan «Neptun» yordamida 2022 yili Rossiya Qora dengiz flotining flagmani — «Moskva» raketa kreyserini yo‘q qilgandi.

AQSh Francheska Albanezeni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi

BMTning Falastin bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albanezeni xalqaro jinoiy sud tomonidan AQSh va Isroilga qarshi choralar ko‘rishga qaratilgan harakatlari uchun AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi.

Bu haqda AQSh davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi.

«Bugun men Francheska Albanezega, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining maxsus ma’ruzachisiga, amerikalik va isroillik amaldorlar, kompaniyalar va rahbarlarga nisbatan Xalqaro jinoiy sudni harakatga keltirishga qaratilgan noqonuniy va sharmandali urinishlari uchun sanksiyalar joriy etdim», — deb yozgan Rubio.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Albanezening AQSh va Isroilga qarshi siyosiy va iqtisodiy urush yuritish harakatlariga bundan buyon toqat qilinmaydi. AQSh bu yo‘nalishda barcha zarur choralarni ko‘rishda davom etadi.

«Biz har doim hamkorlarimizning o‘zini himoya qilish huquqlarini qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi davlat kotibi.

Avvalroq AQSh BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga murojaat qilib, Francheska Albanezeni egallab turgan lavozimidan bo‘shatishni so‘ragan edi. 1 iyulda e’lon qilingan yozma bayonotda AQShning BMTdagi doimiy vakolatxonasi Albanezeni lavozimidan chetlatish va uni qoralashni talab qilingan. Bayonotda aytilishicha, agar bu borada hech qanday chora ko‘rilmasa, nafaqat BMTning obro‘yiga putur yetadi, balki AQSh ham javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi.

BMT maxsus ma’ruzachisi Isroil G‘azoda amalga oshirayotgan genotsid va unga yordam berayotgan davlatlar, kompaniyalar haqida so‘nggi paytlarda keskin bayonotlar berishni boshlagan edi. Hususan, u yaqinda taqdim qilgan hisobotida «noqonuniy bosib olish va genotsid iqtisodiyotidan foyda ko‘rayotgan AQShning ko‘plab harbiy, texnologik va moliyaviy kompaniyalari» haqida yozgandi. Shuningdek, BMT rasmiysi hamma davlatlarni Isroilga to‘liq qurol embargosini joriy etishga va iqtisodiy aloqalarni uzishga chaqirgan.

Nvidia — dunyodagi eng qimmat korporatsiyaga aylandi

AQShning texnologik giganti — Nvidia korporatsiyasi 9 iyul kuni tarixda ilk bor 4 trillion dollarlik bozor qiymatiga erishgan ommaviy kompaniyaga aylandi. Kompaniyaning aksiyalari 2,6% ga oshgan, bu esa sun’iy intellekt texnologiyalariga bo‘lgan talabning ortayotganini aks ettiradi.

Nvidia Apple va Microsoft'ni ortda qoldirib, dunyodagi eng qimmat korporatsiyaga aylandi. Ilgari Apple va Microsoft 3 trillion dollarlik qiymatga erishgan edi.

1993 yilda Kaliforniyada tashkil etilgan bu kompaniya 2024 yil fevralida 2 trillion dollarlik qiymatni, 2024 yil iyunida esa 3 trillionni bosib o‘tgan.

Nvidia AI protsessorlari va uskunalariga bo‘lgan talabning keskin oshishidan, ayniqsa ChatGPT kabi sun’iy intellekt chat-botlari rivojlangach, katta daromad oldi.

GPU — grafik protsessorlar bozorida yetakchilikni saqlab qolayotgan kompaniya AI vazifalari va katta til modellari yaratishda zarur bo‘lgan uskunalarni yetkazib beradi. 2025 yil may oyida e’lon qilgan moliyaviy hisobotida yillik savdo hajmi 69% ga oshgani, bu esa data-markazlar bo‘limidagi 73% lik o‘sish tufayli yuz bergani ko‘rsatilgan.

Nvidia Xitoy bozoridan chiqarib yuborilgani va AQSh hukumati tomonidan bosimlarga uchrayotganini hisobga olsa, bunday o‘sish kutilmagan bo‘ldi, deyish mumkin.

Makron G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Buyuk Britaniyaga uch kunlik tashrifi davomida Vestminster saroyida parlamentariylar oldida chiqish qildi.

Fransiya prezidenti urushning Yevropa qit’asiga qaytishi bilan dunyo tartibi hujumga uchraganini va xalqaro qoidalar beqarorlashtiruvchi kuchlar tomonidan buzilayotganini aytdi.

Makron – Buyuk Britaniyaning Ikkinchi jahon urushida Fransiyani qo‘llab-quvvatlaganiga ishora qilib, hozirda Ukrainaga ham xuddi shunday yordam ko‘rsatilayotganini ta’kidladi.

«Rossiya Ukrainadagi har bir olg‘a siljishi bilan – tahdid barchamizga yaqinlashmoqda», dedi u. Makron Yevropa hech qachon Ukrainani yolg‘iz qoldirmasligini ta’kidladi.

Shuningdek, Makron o‘z nutqida Isroil tomonidan shiddatli hujum va blokada ostida bo‘lgan G‘azo sektoridagi sulh muzokaralariga ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, Fransiya Yaqin Sharqda tinchlik uchun boshqa davlatlar bilan hamkorlik qiladi.

Trampdan yangi maktublar

AQSh prezidenti Donald Tramp 1 avgustdan boshlab yana yetti davlatdan keladigan mahsulotlarga yangi boj stavkalari joriy etishini e’lon qildi. Tramp o‘zining Trurh Social tarmog‘ida e’lon qilgan maktublariga ko‘ra:

  • Filippin — 20%
  • Bruney va Moldova — 25%
  • Shri-Lanka, Iroq, Jazoir va Liviya — 30% boj to‘laydi.

Tramp ushbu davlatlar rahbarlariga alohida yuborgan xabarlarda quyidagilarni ta’kidladi: «Biz siz bilan oldinga yurishga qaror qildik, lekin bu faqat muvozanatli va adolatli savdo asosida bo‘ladi".

Unga ko‘ra, bu stavkalar AQSh va mazkur davlatlar o‘rtasidagi savdo nomutanosibligini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan darajadan ham pastroq.

Tramp ogohlantirishicha, yuqori bojlarni chetlab o‘tish maqsadida boshqa davlatlar orqali mahsulotlarni qayta eksport qilish holatlari aniqlansa, bu tovarlarga ham yuqori stavkalar qo‘llanadi. Bundan tashqari, agar ushbu davlatlar AQShga qarshi boj stavkalarini oshirsa, AQSh bunga javoban o‘z stavkalarini yana oshiradi.

Oldinroq Tramp — asosiy savdo hamkorlari Yaponiya va Janubiy Koreyaga, shuningdek qo‘shnimiz Qozog‘iston doxil o‘nlab davlatlarga 25 dan 40 foizgacha boj stavkalari e’lon qilgandi.

Mavzuga oid