Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronda kuchaygan namoyishlar, Rossiya bayrog‘i ostidagi tankerni musodara qilgan AQSh va SDFga qarshi amaliyot boshlagan Suriya – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Eronda namoyishlar kuchaymoqda
Eronning bir qancha hududlarida 11 kundan buyon hukumatga qarshi namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etmoqda.
Namoyishlar 28 dekabr kuni – Tehrondagi do‘kon egalari Eron valutasining dollarga nisbatan navbatdagi qadrsizlanishiga norozilik bildirib, ko‘chaga chiqqan paytda boshlangan. So‘nggi bir yil ichida rial rekord darajada pastlagan, inflatsiya esa 40 foizga chiqdi. Tez orada universitet talabalari ham noroziliklarga qo‘shildi va ular boshqa shaharlarga ham tarqala boshladi.
Eron Milliy qarshilik kengashi G‘arbdagi ikki shahar – Abdanan va Malikshoh namoyishchilar nazoratiga o‘tdi, deb xabar berdi. Lekin Eron hukumati buni tasdiqlamadi.
Inqilobiy gvardiyaga yaqin ko‘rilgan Fars axborot agentligi Lordegan shahrida qurollangan shaxslar ikki nafar politsiyachini otib o‘ldirganini yozdi. Ijtimoiy tarmoqlardagi videolarda namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi keskin qarama-qarshilik, fon ortida esa o‘q ovozlari eshitilib turgani ko‘rinadi.
Boshqa bir nechta hududlardan olingan kadrlarda xavfsizlik kuchlari namoyishchilar tomon o‘q uzayotgani va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatayotgani, namoyishchilarning ayrimlari esa tosh otayotgani ko‘rinadi.
Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, namoyishlar hozirgacha mamlakatdagi 111 shahar va aholi punktlariga yoyilgan. Tartibsizliklarda kamida 34 nafar fuqaro va to‘rt nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lgani, 2 200 nafar namoyishchi hibsga olingani aytilmoqda.
AQSh Rossiya bayrog‘i ostidagi tankerni musodara qildi
7 yanvar kuni AQSh Atlantika okeanida Venesuela bilan bog‘liq bo‘lgan ikki neft tankerini musodara qildi. Ulardan biri Rossiya bayrog‘i ostida suzib yurgandi. Prezident Donald Tramp Karakasda o‘tkazilgan harbiy reyddan so‘ng Venesuelaga borib-kelayotgan va sanksiyalar ostida turgan kemalarga qarshi blokadani kuchaytirmoqda.
Bir necha hafta Atlantika bo‘ylab davom etgan taqib chorshanba kuni ertalab AQSh Sohil qo‘riqlash xizmati va AQSh harbiy maxsus bo‘linmalari tomonidan yakunlangan. Ular Rossiya bayrog‘i ostiga o‘tgan «Marinera» neft tankerini qo‘lga olgan. «Bu soxta rossiyalik neft tankeri edi», dedi AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens. «Ular sanksiyalardan qochish uchun o‘zlarini Rossiya neft tankeri qilib ko‘rsatishga urinishdi».
Bosh prokuror Pem Bondi «Marinera» ekipaji Sohil qo‘riqlash xizmatining buyruqlariga bo‘ysunmaganini aytib, ularga jinoiy ayblovlar qo‘yilishini bildirdi.
Tramp Maduroni qo‘lga olganidan so‘ng Venesuelaning ulkan neft zaxiralarini nazorat qilish haqida ochiq gapirmoqda.
Chorshanba kuni Venesuela ichki ishlar vaziri Diosdado Kabello AQSh hujumi oqibatida 100 kishi halok bo‘lganini aytdi.
Pokiston va Saudiya kelishuvlari
Pokiston va Saudiya Arabistoni qariyb 2 milliard dollarlik saudiyalik kreditlarni JF-17 qiruvchi samolyotlari bo‘yicha bitimga aylantirish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda pokistonlik manbalariga tayanib Reuters xabar bermoqda.
Manbalardan birining aytishicha, muzokaralarda Pokiston va Xitoy tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan yengil jangovar samolyot — JF-17 Thunder'ni yetkazib berish asosiy o‘rinda turibdi.
Birinchi manbaga ko‘ra, umumiy bitim qiymati 4 milliard dollar bo‘lib, Pokiston qarzlarini konvertatsiya qilishdan tashqari yana qo‘shimcha 2 milliard dollar asbob-uskunalarga sarflanadi. Saudiya OAVlari ham dushanba kuni Pokiston havo kuchlari bosh qo‘mondoni Zohir Ahmad Babar qirollikka kelib, muzokaralar o‘tkazganini ma’lum qildi.
Pokiston va Saudiya o‘tgan yili Isroil Dohaga zarba berganidan keyin mudofaa bitimi tuzgan edi. Qirollik AQShdan boshqa xavfsizlik bo‘yicha do‘stlar qidirmoqda.
Pokiston uzoq yillardan buyon qirollikka harbiy yordam ko‘rsatib keladi, jumladan, tayyorlov va maslahat missiyalari orqali. Saudiya Arabistoni esa Pokiston iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan paytlarda uni moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelgan.
AQShga kirish uchun garov puli
Donald Tramp ma’muriyati fuqarolari AQShga kirish uchun ariza topshirishda 15 ming dollargacha bo‘lgan garov puli qo‘yishi talab etiladigan davlatlar sonini uch baravar oshirmoqda.
AQSh davlat departamenti viza garovi talab qilinadigan davlatlar ro‘yxatini dastlab 13 taga oshirdi, keyinroq yana 25 ta davlatni ro‘yxatga qo‘shdi. Yangi qo‘shilgan davlatlar uchun garov talabi 21 yanvardan kuchga kiradi.
Bu qaror natijasida hozirda 38 ta davlatning ko‘plab fuqarolari AQShning biznes yoki sayyohlik vizalarini olishi moliyaviy jihatdan imkonsiz bo‘lib qoladi. Bu ro‘yxatga asosan Afrikaning qashshoq davlatlari va Osiyodan ayrim mamlakatlar kiritilgan. Xususan, Markaziy Osiyodagi qo‘shnilarimiz Turkmaniston, Qirg‘iziston va tojikistonliklar ham bu turdagi viza olish uchun endi garov puli to‘lashi kerak.
Lekin aslida bu garov pulini to‘lash ham viza berilishini kafolatlamaydi. Biroq agar viza rad etilsa yoki shaxs viza shartlariga rioya qilgan holda AQShdan qaytib kelsa, uning puli qaytariladi.
AQSh rasmiylari bu chora nishonga olingan davlatlar fuqarolari vizani buzib mamlakatda qolib ketmasligini ta’minlashda samarali ekanini ta’kidlamoqda.
Suriya SDFga qarshi amaliyot o‘tkazadi
Suriya armiyasi Halabda (Aleppo) kurdlarga aloqador terror guruhlari nishonga olingan harbiy amaliyotni boshlamoqda.
«Suriya Demokratik kuchlari (SDF) tomonidan tinch aholining yashash hududlari, asosiy yo‘llar va xavfsizlik kuchlariga qarshi davom etayotgan hujumlarga javoban Suriya armiyasi Halabda cheklangan harbiy operatsiyani boshlaydi», — deyiladi axborot vazirligi bayonotida.
Bayonotda operatsiya mahalliy qaror asosida va Halab aholisi iltimosiga binoan o‘tkazilishi aytilgan. Uning maqsadi davom etayotgan artilleriya, snayper va dron hujumlarini to‘xtatish, Halab–Azaz yo‘lini qayta ochish va tinch aholini himoya qilishdan iborat.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan bir oy ichida SDF amalga oshirgan hujumlar oqibatida 20 nafardan ortiq tinch fuqaro halok bo‘lgan, 150 nafardan ortig‘i yaralangan. Shuningdek 25 nafardan ortiq askar o‘ldirilgan. Zo‘ravonlik shahardagi savdo va kundalik hayotni ham izdan chiqargan.
Suriya ham Turkiya kabi Kurdiston ishchi partiyasi va SDF terror guruhlarini bir-biri bilan chuqur bog‘liq deb hisoblaydi.
Voqealar SDF chorshanba kuni ertalab Halabdagi turar joy mahallalarini ketma-ket ikkinchi kun o‘qqa tutganidan keyin yuz berdi. Suriya Fuqarolik mudofaasi avvalroq hududda humanitar vaziyat yomonlashgani va Halabdan 850 nafar tinch aholi evakuatsiya qilinganini ma’lum qilgandi.
Zelenskiy Qodirovni qo‘lga olishni taklif qildi
AQSh urushni to‘xtatish va Vladimir Putinga bosim o‘tkazish uchun Checheniston rahbari Ramzon Qodirovni qo‘lga olish bo‘yicha harbiy operatsiya o‘tkazishi mumkin, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.
«Marhamat, mana sizga Nikolas Maduro bilan bog‘liq misol. Operatsiya qilishdi. Natijani hamma, butun dunyo ko‘rdi. Bu tezda amalga oshirildi. Mayli, Qodirov bilan ham, o‘sha qotil bilan ham qandaydir operatsiya qilishsin. Balki shunda Putin buni ko‘rib, o‘ylanib qolar», dedi Zelenskiy jurnalistlar bilan muloqotda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShda Rossiyaga real bosim o‘tkazish uchun vositalar bor va ulardan qanday foydalanishni biladi, biroq buning uchun Vashingtonda Ukraina ustuvor bo‘lishi kerak.
Hozircha Donald Trampning vakillari Rossiya bilan muzokaralar olib bormoqda, ammo ular «vaqtni cho‘zmoqda», dedi Zelenskiy.
Checheniston rahbari Ramzon Qodirov so‘nggi paytlarda omma oldida kam ko‘rinish bermoqda. OAVlarga ko‘ra, u og‘ir kasal. Bir taxminga ko‘ra, unda buyrak bilan bog‘liq muammolar bo‘lishi mumkin, boshqa taxminga ko‘ra, unda oshqozon osti bezi nekrozi bor.
Mavzuga oid
14:10 / 07.01.2026
Grenlandiyani ko‘zlayotgan Tramp, Yaponiyaga Xitoydan iqtisodiy zarba, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarida siljish – kun dayjesti
15:59 / 06.01.2026
Sudda ko‘rsatma bergan Maduro, Zelenskiy atrofidagi iste’folar va Eron yetakchisining zaxira rejasi – kun dayjesti
15:25 / 05.01.2026
Trampning davom etayotgan tahdidlari, Yamanda avj olgan mojaro va Shveytsariyadagi dahshatli yong‘in qurbonlari – kun dayjesti
17:00 / 30.12.2025