Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azoda buzilayotgan sulh, Rossiyaning «qonuniy nishonlari», Istanbulda kuchli dovul va internetdan uzilgan Eron – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Isroil G‘azoga yana zarba berdi: 13 kishi halok bo‘ldi
G‘azo fuqarolik mudofaasi xizmatining ma’lum qilishicha, payshanba kuni Falastin hududida Isroil hujumlari kamida 13 kishining, jumladan, besh nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu hujumlar sulhga qaramay yuz bermoqda.
Xususan, G‘azoning janubidagi chodirga dron zarbasi berilishi oqibatida to‘rt kishi, jumladan, uch nafar bola halok bo‘ldi. Jabaliya qochqinlar lageri yaqinida esa 11 yoshli qiz halok bo‘lgan, maktabga berilgan zarba bir kishining o‘limiga olib kelgan. Xon Yunus yaqinida dron zarbasi yana bir erkakni o‘ldirgan.
Hamas nazorati ostidagi idora yana ikki nafar falastinlik boshqa hujumlarda halok bo‘lganini xabar qildi. Isroil harbiylari bu xabarlarni tekshirayotganini aytdi.
Payshanba kuni kechqurun esa Isroil havo hujumi G‘azo shahrining sharqiy qismidagi bir uyni nishonga oldi. Yana to‘rt kishi o‘ldirildi.
Avvalroq Isroil armiyasi «G‘azo shahri hududidan Isroil tomon snaryad uchirilgani», biroq u G‘azo hududi ichida qolib ketganini aytgandi. «Shundan so‘ng harbiylar uchirish nuqtasini nishonga oldi», deyiladi IDF bayonotida.
10 oktyabrdan buyon AQSh vositachiligidagi mo‘rt sulh Isroil kuchlari va Hamas o‘rtasidagi janglarni to‘xtatdi. Biroq har ikki tomon tez-tez sulh buzilayotganini da’vo qilib kelmoqda.
G‘azo sog‘liqni saqlash idorasi ma’lumotiga ko‘ra, sulh kuchga kirganidan beri Isroil kuchlari G‘azoda kamida 425 falastinlikni o‘ldirgan.
Rossiya Ukrainadagi G‘arb qo‘shinlariga qarshi
8 yanvar kuni Rossiya G‘arb hukumatlari tomonidan Ukrainaga yuboriladigan har qanday qo‘shinlar «qonuniy harbiy nishon» bo‘lishini aytdi. Bu bayonot Britaniya va Fransiya sulhdan keyin Ukrainaga ko‘p millatli kuch joylashtirish rejalarini e’lon qilganidan so‘ng yangradi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ilk marta Ko‘ngillilar koalitsiyasiga javob bermoqda. Moskva bayonotida «G‘arb harbiy bo‘linmalari va boshqa infratuzilmalarining Ukrainaga joylashtirilishini Rossiya xavfsizligiga, shuningdek, boshqa Yevropa davlatlari xavfsizligiga bevosita tahdid soluvchi xorijiy aralashuv» sifatida tasniflagan. «Bunday barcha bo‘linmalar va obektlar Rossiya Qurolli Kuchlarining qonuniy jangovar nishonlari hisoblanadi».
Bir necha kun oldin Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bu tarkibda Ukrainaga minglab fransuz askarlarini yuborishi mumkinligini aytgandi. Britaniya bosh vaziri Kir Starmer esa bu «Britaniya, Fransiya va hamkor kuchlar Ukrainada faoliyat yuritishi, uning osmoni va dengizlarini himoya qilishi uchun huquqiy asosni yaratadi», degan.
AQSh esa Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini yuborishni rad etgan. Biroq maxsus vakil Stiv Uitkoff prezident Donald Tramp Ukraina uchun xavfsizlik protokollarini «qat’iy qo‘llab-quvvatlayotganini» aytgan.
Eronda internet uzildi
Payshanba kuni Eron bo‘ylab norozilik namoyishlari davom etdi. Namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun yana ko‘plab bozor va rastalar yopildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha namoyishlar atrofidagi zo‘ravonliklar kamida 42 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan, 2 270 dan ortiq odam hibsga olingan.
Noroziliklarning kengayishi Eronning fuqaroviy hukumati va uning oliy rahnamosi Ali Xominaiyga bosimni oshirmoqda.
Payshanba kuni Eron marhum shohining surgundagi o‘g‘li Rizo Pahlaviy aholini yana namoyishlarga chiqishga chaqirdi. Shundan so‘ng davlatda internet butunlay uzildi, Eronga shahar telefonlari va mobil telefonlarga qo‘ng‘iroqlar ham ulanmay qoldi. Avval ham bunday uzilishlardan keyin hukumat tomonidan noroziliklarni qattiq bostirishlar bo‘lgan.
Pahlaviy Yevropa yetakchilari va AQSh prezidenti Donald Trampni Eron «rejimini javobgarlikka tortish»ga chaqirdi.
Shu bilan birga, Erondagi namoyishlar yetakchisiz qolmoqda. Pahlaviyning chaqirig‘i keyingi voqealarga qanday ta’sir qilishi hozircha noma’lum.
Istanbulda kuchli dovul
Istanbul payshanba kuni so‘nggi yillardagi eng kuchli ob-havo hodisasiga duch keldi — dovul kuchidagi shamol, kuchli yomg‘ir va keskin sovuq havo megapolis bo‘ylab kundalik hayotni izdan chiqardi.
Meteorologik ma’lumotlarga ko‘ra, shamol tezligi soatiga 100 kilometrdan oshib, Bofort shkalasi bo‘yicha 11-darajaga yetdi. Bu bo‘ron kuchiga juda yaqin bo‘lgan «zo‘ravon dovul» toifasiga kiradi.
Favqulodda vaziyatlarni muvofiqlashtirish markazi ma’lumotiga ko‘ra, haftaning boshida 17–18°C bo‘lgan harorat taxminan 10 darajaga pasayishi kutilmoqda.
Bo‘ron tufayli Istanbuldagi barcha parom qatnovlari to‘xtatildi. Kuchli shamol bir nechta tumanlarda daraxtlarni qulatdi, avtomobillarga zarar yetkazdi va harakatni izdan chiqardi. Bakirko‘yda qirg‘oq yo‘li bo‘ylab daraxt to‘rt mashinani bosib qoldi.
Bo‘ron qo‘shni hududlarga ham ta’sir qildi: Edirneda suv toshqini bo‘ldi, Izmirda kuchli yomg‘ir, Chanoqqal’ada esa bo‘g‘oz orqali dengiz harakati to‘xtatildi.
Meteorologiya xizmati bir necha kundan beri ogohlantirgan bu bo‘ron Marmara va Egey hududlarini qamrab olgan. Turkiya Ichki ishlar vazirligi chorshanba oqshomida umumrespublika ogohlantirishi e’lon qildi: kuchli shamol, bo‘ron, momaqaldiroq va ayrim hududlarda qor ko‘chishi xavfi bor.
AQShda agentlar ishtirokida otishmalar
8 yanvar kuni Oregon shtatining Portlend shahrida AQSh federal agentlari ishtirokidagi otishmada ikki kishi yaralandi.
Ma’lum qilinishicha, agentlar o‘zini tanishtirganida, haydovchi avtomobilni «qurolga aylantirib», huquq-tartibot xodimlarini bosib ketishga uringan. Ichki xavfsizlik departamenti bayonotiga ko‘ra, avtomobildagi yo‘lovchi va nishon transmilliy jinoiy guruh «Tren de Aragua«ga aloqador bo‘lgan. »Hayoti va xavfsizligidan qo‘rqqan agent himoya sifatida o‘q uzdi. Haydovchi yo‘lovchini olib voqea joyidan qochib ketdi», deyiladi bayonotda.
Otib yaralangan ikki kishining shaxsi hali aniqlanmagan, ular otishma joyidan bir necha kvartal narida topilgan. Shahar politsiya boshqarmasi bayonotida aytilishicha, bir erkak va bir ayol kasalxonaga olib ketilgan, ularning ahvoli hozircha noma’lum.
Bu hodisa bir kun avval Minneapolisda immigratsiya xizmati (ICE) agenti 37 yoshli ayol kishini otib o‘ldirganidan keyin sodir bo‘lmoqda. Bu AQSh bo‘ylab federal huquq-tartibot organlariga qarshi noroziliklarni keltirib chiqardi. Mahalliy hokimiyat va shahar meri ICE agentlaridan shaharni tark etishni talab qilmoqda. Donald Tramp ma’muriyati esa o‘sha hodisada ofitser o‘zini himoya qilganini aytmoqda. Ishni FQB tergov qilmoqda.
Livan janubda xavfsizlikni o‘z qo‘liga olganini bildirdi
Livan armiyasi mamlakat janubida xavfsizlikni o‘z qo‘liga olganini bildirdi. Bu hudud o‘nlab yillar davomida Eron qo‘llab-quvvatlaydigan «Hizbulloh» harakati hukmronligida bo‘lib kelgan edi.
2024 yil noyabrda Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi vayronkor urush to‘xtaganidan beri Livan «Hizbulloh»ni qurolsizlantirish uchun kuchli xalqaro bosim ostida qolmoqda.
Livan armiyasiga ko‘ra, bu hududni qurolsizlantirish maqsadi «samarali va aniq tarzda» amalga oshirilgan, biroq portlamay qolgan o‘q-dorilar va tunnellarni tozalash bo‘yicha ishlar hali davom etadi.
«Hizbulloh» boshqa hududlarda qurolsizlanishga qarshilik ko‘rsatadimi — noma’lum, chunki u Litani daryosining shimolida qurolsizlanmasligini aytgan. Prezident Jozef Aun guruhga qarshi kuch ishlatishni rad etib, bu ichki bo‘linishni kuchaytirishi, zo‘ravonlikka olib kelishini aytdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu idorasi Livan armiyasi bayonotiga javoban «Hizbulloh»ni to‘liq qurolsizlantirish yo‘lidagi harakatlar «rag‘batlantiruvchi boshlanish, ammo yetarli emas», dedi.
Parijdagi traktorlar
8 yanvar kuni prezident Emmanuel Makron Fransiya Yevroittifoqning Janubiy Amerika davlatlari bilan imzolashi rejalashtirilgan keng qamrovli savdo kelishuvi Mercosurʼga qarshi ovoz berishini bildirdi.
Bu paytda fermerlar o‘z traktorlari bilan bitimga norozilik sifatida Parijga kiruvchi yo‘llar va Triumfal ark kabi diqqatga sazovor joylarni to‘sib qo‘ydi. O‘ng qanotga mansub fermerlar uyushmasi vakillari Parijdagi namoyishlarga chaqirgan.
«Bitimning imzolanishi voqeaning oxiri emas. Men Yevropa Komissiyasidan olingan majburiyatlarning to‘liq bajarilishi va fermerlarimizni himoya qilish uchun kurashni davom ettiraman», dedi Makron.
Irlandiya ham bitimga qarshi ovoz beradi, dedi uning bosh vazir o‘rinbosari Saymon Harris. Ammo Yevropa Komissiyasi Italiya qo‘llab-quvvatlashini olsa, bitim juma kungi ovoz berishda qabul qilinishi mumkin.
Fransiya qishloq xo‘jaligi vaziri Anni Jyenvarga ko‘ra, YeI a’zolari bitimni yoqlasa ham, Fransiya uni Yevropa parlamentida to‘xtatishga urinadi.
Mercosur — Yevroittifoq bilan Janubiy Amerika davlatlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining imtiyozli savdosiga doir kelishuv. Yevropalik fermerlar Lotin Amerikasidan keladigan arzon va sifati past mahsulotlar ularni bozordan siqib chiqarishi va ishsizlikka olib borishini aytmoqda.
Mavzuga oid
15:00 / 08.01.2026
Eronda kuchaygan namoyishlar, Rossiya bayrog‘i ostidagi tankerni musodara qilgan AQSh va SDFga qarshi amaliyot boshlagan Suriya – kun dayjesti
14:10 / 07.01.2026
Grenlandiyani ko‘zlayotgan Tramp, Yaponiyaga Xitoydan iqtisodiy zarba, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarida siljish – kun dayjesti
15:59 / 06.01.2026
Sudda ko‘rsatma bergan Maduro, Zelenskiy atrofidagi iste’folar va Eron yetakchisining zaxira rejasi – kun dayjesti
15:25 / 05.01.2026