Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Naxichevan Oliy Majlisi raisi Imom al Buxoriy ziyoratgohiga Qur'oni Karim tuhfa etdi
Foto: Ozarboyjon Madaniyat markazi
Shu yilning 29 avgustida Samarqand viloyatidagi Imom al Buxoriy ziyoratgohida nafis ko‘rinishda tayyorlangan Qur'oni Karim kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. U Ozarboyjonning Naxichevan muxtor respublikasi Oliy Majlisi raisi Vasif Tolibov tomonidan tuhfa etilgan.
Tantanali tadbirda Ozarboyjonning O‘zbekistondagi elchisi Guseyn Guliyev, Imom al Buxoriy majmuasi rahbari Ilhom Ramazonov, ANNA vitse-prezidenti Isa Gabibbeyli, ANNA qo‘lyozmalar instituti direktori Teymur Kerimli, Ozarboyjon elchixonasi maslahatchisi Mohir Gajiyev, elchixona huzuridagi Geydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbosov, Samarqand viloyatidagi Ozarboyjon jamoatchiligi rahbari Odilog‘a Mirzayev hamda Samarqand viloyati ijro hokimiyati vakillari qatnashdilar.
Anjumanni Ozarboyjonning O‘zbekistondagi elchisi Guseyn Guliyev kirish so‘zi bilan ochdi. U ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar xususida so‘z yuritdi. Uning qayd etishicha, ikki davlat xalqlari tarixiy ildizlar, madaniyat, yagona dinga ega. Asrlar davomida ikki xalq o‘rtasida do‘stona munosabatlar hukm suradi. Uning ma'lum qilishicha, Ozarboyjon davlati ham din haqida qayg‘uradi, mamlakatda dinlararo muloqotga hissa qo‘shilmoqda.
Diplomatning ta'kidlashicha, joriy yil iyul oyida Ozarboyjon Naxichevan muxtor respublikasi Oliy Majlisi raisi Vasif Tolibov Samarqanddagi Imom al Buxoriy ziyoratgohida bo‘lib, turli davlatlar rahbarlari tomonidan hadya etilgan «Qur'on» kitoblari muzeyini tomosha qilgan. Shundan so‘ng, Tolibov ham Ozarboyjondan muqaddas «Qur'on» kitobini yuborishga qaror qilgan.
Undan so‘ng so‘zga chiqqan ANNA vitse-prezidenti, akademik Isa Gabibbeyli 2017 yil Ozarboyjon respublikasi prezidenti janob Ilhom Aliyev tomonidan mamlakatda «Islom birdamligi» yili deb nomlanganini aytar ekan, bu yil mamlakatda «Islom birdamligi o‘yinlari» bo‘lib o‘tganini yodga oldi. Uning uqdirishicha, Ozarboyjon har doim do‘stlik va hamkorlikka intilib kelgan. Akademik tadbir ahamiyatiga to‘xtalar ekan, Ozaboyjondagi Islom qadriyatlari saqlanib qolgani va davlatning bu boradagi siyosatiga ham e'tibor qaratdi.
Imom al Buxoriy ziyoratgoh majmuasi rahbari Ilhom Ramazonov majmua haqida batafsil ma'lumot berib, Ozarboyjon tomoni tashabbusini yuqori baholadi. U O‘zbekiston va Ozarboyjon do‘stligi haqida so‘z yuritib, aloqalarning yuqori darajasiga erishishda ikki davlat rahbarlarining o‘rni beqiyosligini qayd etdi. U nafis «Qur'oni Karim» kitobi uchun Ozarboyjonga va Naxichevan muxtor respublikasi Oliy Majlisi raisi Vasif Tolibovga minnatdorlik bildirib, u har doim Muzeyda namoyish etilishini ta'kidladi.
Shundan so‘ng Ozarboyjonning O‘zbekistondagi elchisi Guseyn Guliyev muqaddas Kitobni Imom al Buxoriy majmuasi rahbari Ilhom Ramazonovga taqdim etdi.
O‘zbekiston hukumati al Buxoriyning Samarqand viloyati Hartang qishlog‘idagi qabri atrofini obodonlashtirish doirasida yirik masjid, muzey, madrasa barpo etib, ziyoratgoh majmuasini foydalanishga topshirdi.
Ayni vaqtda har yili ushbu ziyoratgohda dunyoning turli mamlakatlaridan yuz minglab sayyohlar tashrif buyuradi.
Mavzuga oid
08:50
Toshkent, Samarqand va Gulistonda 3 nafar advokatning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi
14:05 / 17.12.2025
Toshkent–Samarqand yangi temiryo‘lining texnik-iqtisodiy asoslari tayyor bo‘ldi
08:00 / 16.12.2025
Samarqandda marmar toshlar orasiga yashirilgan 37 kg opiy fosh etildi
22:08 / 13.12.2025