Jahon | 15:20 / 06.02.2026
3374
9 daqiqa o‘qiladi

Yakunlangan AQSh–Rossiya yadroviy kelishuvi, G‘azo safariga tayyorlanayotgan yordam floti va Pokistonning Balujistondagi harbiy operatsiyasi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

G‘azoga yana yordam floti boradi

O‘tgan yili G‘azoga yordam yetkazishga uringan va Isroil tomonidan to‘xtatilgan flotiliya bu yil yana urinib ko‘rmoqchi. Faollarga ko‘ra, bu safar tarkibda ikki baravar ko‘proq kema bo‘ladi va unda ming nafargacha tibbiyot xodimi qatnashadi.

Yoxanesburgdagi Nelson Mandela jamg‘armasida yig‘ilgan tashkilotchilar navbatdagi urinishda 100 ta kemani safarbar etishga umid qilayotganini bildirdi.

«Bu — adolat va barchaning qadr-qimmatini himoya qilish uchun bosh ko‘tarib, safda turishni istaganlar ishi», dedi Mandelaning nabirasi Mandla Mandela.

Agar flotiliya yana to‘xtatilsa ham, faollar G‘azo fojiasiga e’tibor qaratish uchun bunga baribir arziydi, deya ta’kidlagan.

«Biz G‘azoga jismonan yetib bormagan bo‘lishimiz mumkin, ammo G‘azodagi odamlarga yetib bordik», dedi faollardan biri.

G‘azo sektorini blokada qilgan Isroil hududdagi 2 milliondan ortiq aholi uchun ta’minotni cheklab kelmoqda. Falastinliklar va xalqaro yordam tashkilotlari sulh kelishuviga qaramay, hududga yetib kelayotgan yordam hanuz yetarli emasligini aytmoqda.

Isroil harbiylari o‘tgan yil oktyabrida Global Sumud flotiliyasining qariyb 40 ta kemasini G‘azoga yetib borishga uringan paytda to‘xtatib, 450 dan ortiq ishtirokchini hibsga olgan edi.

Tramp yangi yadroviy kelishuv xohlamoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya bilan strategik hujum qurollarini qisqartirish bo‘yicha shartnoma — «New START»ni uzaytirish o‘rniga «yangi, yaxshilangan va modernizatsiya qilingan» kelishuvga intilishi kerakligini aytdi.

Uning bu bayonoti 5 fevral kuni «New START» kelishuvining muddati tugab, strategik yadroviy kuchlarini cheklab turgan so‘nggi huquqiy majburiyat yakunlangan bir paytga to‘g‘ri keldi. Rossiya ham chorshanba kuni shartnoma tomonlari endi uning majburiyatlariga bog‘liq emasligini bildirdi.

Kelishuvni vaqtincha uzaytirish ehtimoli bor-yo‘qligi so‘ralganda, Oq uy matbuot kotibi Karolin Levit «buni bilmasligini» aytdi.

Moskva esa shartnomani uzaytirishga intilganini aytmoqda. Xususan, Vladimir Putin o‘tgan yili 22 sentabr kuni shartnoma tugaganidan keyin kamida bir yil davomida amaldagi cheklovlarni saqlab qolishni taklif qilgan. AQShdan esa ikki tomonlama kanallar orqali rasmiy javob olinmagan.

Uzoq masofaga uchadigan yadroviy qurollar va ularni tashuvchilarni cheklovchi ushbu shartnoma 2010 yil 8 aprelda Pragada imzolangan edi. Unga sobiq prezidentlar Baraka Obama va Dmitriy Medvedov qo‘l qo‘ygan.

Balujistondagi operatsiya

Pokiston harbiylari payshanba kuni Balujistonda ayirmachi guruhlarga qarshi bir haftalik amaliyot yakunlanganini ma’lum qildi. Ushbu amaliyot davomida ayirmachilar o‘nlab joylarga bostirib kirib, odamlarni garovga olgan, portlashlar uyushtirgan va xavfsizlik kuchlari bilan qurolli to‘qnashuvlar olib borgan.

O‘tgan hafta ayirmachi Baluj ozodlik armiyasi muvofiqlashtirilgan hujum boshlagach, hudud deyarli butunlay falaj holatga kelib qolgan edi.

Shundan so‘ng Pokiston harbiylari betartiblikka qarshi operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangani, «uyqudagi» yacheykalar fosh etilganini bildirdi. Amaliyot davomida 216 nafar jangari yo‘q qilingan. Shuningdek, janglarda 22 nafar xavfsizlik xodimi va 36 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan.

Ayirmachilar esa o‘zlarining «Qora bo‘ron» operatsiyasi hanuz davom etayotganini aytib, Pokiston armiyasining 310 nafar askarini o‘ldirganini da’vo qildi.

Pokiston dalil keltirmagan holda hujumlarda Hindistonni ayblamoqda: «Hindiston o‘z vakillari orqali Pokistonda terrorizmni yana kuchaytirdi», dedi payshanba kuni bosh vazir Shahboz Sharif. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi bu ayblovlarni rad etib, Islomobod «mintaqa aholisining uzoq yillik talablarini hal etishga e’tibor qaratishi kerakligini» bildirdi.

Minerallar va tabiiy resurslarga boy Balujiston Eron va Afg‘oniston bilan chegaradosh, u yerda Xitoyning katta investitsiyalari joylashgan. Separatistlar kengroq muxtoriyat va boyliklardan ko‘proq ulush talab qilmoqda.

Mers Yaqin Sharqda

Yaqin Sharqqa kelgan Germaniya kansleri Fridrix Mers Qatar va Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarni «ishonchli sheriklar» sifatida ko‘rib, ularga qurol-aslaha eksportini oshirishga tayyor ekanini bildirdi.

Mers uch kunlik safari doirasida hamkorlar bilan neft, gaz va qurol bo‘yicha ehtimoliy bitimlarni o‘rganmoqda.

Germaniya kansleri dastlab Ar-Riyodda Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan ikki soatdan ortiq uchrashuv o‘tkazdi. Mers Saudiya Arabistoni bilan aloqalarni «yangi bosqichga» ko‘tarishni istayotganini aytdi.

Dohada esa Mers mintaqadagi hamkorlar bilan «so‘nggi yillarga qaraganda ancha intensiv tarzda qurol sohasida hamkorlik qilishini» aytdi. U shuningdek, Qatardan ko‘proq suyultirilgan tabiiy gaz importini maqsad qilganini qo‘shimcha qildi.

«Global iqtisodiy silkinishlar, geosiyosiy noaniqliklar va texnologik transformatsiya davrida Germaniya va Qatar ongli ravishda muloqotni diversifikatsiya qilish va investitsiyalarga e’tibor qaratmoqda», dedi Mers Qatar amiri Ol Soniy bilan uchrashuvdan so‘ng.

Shu bilan birga Kansler Germaniya qurol-aslahani nazoratsiz eksport qilmasligini alohida ta’kidladi.

Germaniya avvallari inson huquqlari masalalari va Yamandagi urush kabi mintaqaviy mojarolarni sabab qilib, avtoritar boshqaruvdagi Fors ko‘rfazi davlatlariga qurol eksportini cheklab kelgandi. Lekin o‘tgan yili bu siyosatni yumshatib, Saudiya Arabistoniga Eurofighter qiruvchi samolyotlarini eksport qilishga ruxsat bergan.

Rossiya–Ukraina urushi

Rossiya armiyasi Abu-Dabida o‘tayotgan uch tomonlama muzokaralar fonida Ukrainaga navbatdagi kombinatsiyalangan zarbalar berdi. Xususan, payshanbaga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga ikkita «Iskander-M» ballistik raketasi, 183 ta zarbdor dronlar bilan hujum qilgan.

Raketalar anneksiya qilingan Qrim hududidan, dronlar esa Bryansk, Oryol, Kursk viloyatlari hamda bosib olingan Donetsk shahridan uchirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari dushmanning 156 ta dronini urib tushirgan.

Rossiya zarbalari Sumi viloyatining temiryo‘l infratuzilmasiga qaratilgan bo‘lgan.

Xuddi shu kuni esa BAAda Ukraina, Rossiya va AQSh delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar davom etdi. Tomonlar muzokaralarning ilk kunini ijobiy baholadi. Biroq AQSh davlat kotibi Marko Rubio eng murakkab masalalar hanuz yechimsiz qolayotganini aytdi.

Ispaniya va Portugaliyaga bo‘ron yopirildi

So‘nggi kunlarda Leonardo bo‘roni yopirilishi ortidan Ispaniya va Portugaliyada suv toshqinlari, ko‘chkilar hamda keng ko‘lamli uzilishlar sodir bo‘ldi. Kamida bir kishi halok bo‘lgan, minglab odamlar evakuatsiya qilindi.

Portugaliya tinimsiz yomg‘irlar tufayli kuchli suv toshqini xavfi yuzaga kelgani sabab Tagus daryosi havzasida qizil darajadagi ogohlantirish e’lon qildi. Ayrim joylarda aholi evakuatsiya qilindi, qariyb yuz kishi qutqarib olingan.

Ispaniyada esa bo‘ron Andalusiyaga katta talafot keltirdi. Bir haftadan buyon davom etayotgan kuchli yog‘ingarchilik drenaj tizimlarini izdan chiqardi. Shundan so‘ng Grazalema shaharchasi to‘liq evakuatsiya qilindi.

Shiddatli yomg‘irlar uylar va ko‘chalarni suv ostida qoldirdi, shaharning yuqori qismida ko‘chki holatlari yuz berdi.

Bo‘ron Andalusiyada transport harakatini ham izdan chiqardi. Temiryo‘l qatnovi deyarli to‘liq to‘xtatilgan, 150 dan ortiq avtomobil yo‘llari yopilgan, aeroportda esa kuchli shamollar sabab bir qator reyslar bekor qilingan.

Meteorologlar yaqin kunlarda ikki davlatda ham kuchli yomg‘ir va shamollar davom etishidan ogohlantirib, aholini xavfsizlik ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid