Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ufada o‘smir xorijlik talabalar yashaydigan yotoqxonaga pichoq bilan hujum qildi
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u irqchilik ruhidagi haqoratlarni baqirib aytgan. Hujum oqibatida olti kishi jarohatlangan.
Foto: Videodan kadr
Rossiyaning Ufa shahrida 15 yoshli o‘smir Boshqirdiston davlat tibbiyot universiteti yotoqxonasida hujum uyushtirdi. U pichoq, kastet va qalampirli ballon bilan qurollangandi.
Ushbu o‘smir yotoqxona hududiga kirib borib, avvaliga e’tiborni tortish uchun petarda portlatgan, keyin esa odamlarga tashlangan. Voqea joyida olingan foto va videolarga ko‘ra, u bino bo‘ylab yugurib yurgan va bir necha xonada qonli izlar qoldirgan.
Hujum oqibatida olti kishi jabrlangan. Shundan to‘rt nafari – 21 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan talabalar pichoqda yetkazilgan jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Yana bir kishi – o‘smirni binoga kirishda to‘xtatishga uringan 35 yoshli qo‘riqchining yuzi va bel qismida ham tig‘ orqali yetkazilgan jarohatlar aniqlangan. U ham shifoxonada. Unga qalampirli ballon ishlatilishi oqibatida ko‘zidan kimyoviy kuyish jarohati tashxisi ham qo‘yilgan.
Oltinchi jabrlanuvchi – voyaga yetmagan bola bo‘lib, bo‘yni va qo‘lida tig‘ bilan jarohat yetkazilgan, u ham shifoxonaga yotqizilgan.

Jabrlanuvchilarning rasmiy ro‘yxati hozircha e’lon qilinmadi.
Hujum qilgan o‘smir qo‘lga olingan va shifoxonaga yotqizilgan. IIV ma’lumotiga ko‘ra, u o‘ziga jarohat yetkazishga uringan. U og‘ir ahvolda bolalar shifoxonasida qolmoqda.
Mazkur holat yuzasidan ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirishga suiqasd qilish va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimining hayotiga tajovuz qilish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, hujum qilgan shaxs irqchilik ruhidagi haqoratlar va millatchilik ruhidagi shiorlarni aytib baqirgan. Yotoqxonada asosan Hindistondan, shuningdek, Afrikadan kelgan chet ellik talabalar yashaydi.
Boshqirdiston davlat tibbiyot universiteti rektori Valentin Pavlov jabrlanuvchilardan to‘rt nafari Hindiston fuqarolari ekanini tasdiqladi. Boshqirdiston rahbari Radiy Xabirov jabrlanuvchilarning yaqinlari Rossiyaga kelishida yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Shot ma’lumotiga ko‘ra, hujum uyushtirgan o‘smirning ismi-sharifi Aleksandr. «Novosti. Ufa Bashkortostan» o‘z manbasiga tayanib yozishicha, u onasi hamda buvisi bilan yashagan va «oila juda qashshoq» hisoblanadi.
«Ostorojno, novosti» xabariga ko‘ra, o‘smir o‘zini o‘ldirishga urinib, tomog‘iga pichoq bilan zarba bergan. Bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan.
2025 yil dekabrida ham Moskva oblastidagi maktabda shunga o‘xshash hujum sodir etilgandi. O‘shanda 15 yoshli o‘smir pichoq bilan 10 yoshli o‘quvchini o‘ldirgan hamda bir necha kishini jarohatlagandi. U ham hujum chog‘ida neonatsistik qarashlarni ifoda etgandi.
Mavzuga oid
14:10 / 24.02.2026
Bekobodda O‘zbekiston–Boshqirdiston texnoparki quriladi
11:48 / 04.11.2025
Boshqirdistondagi neft-kimyo zavodida portlash sodir bo‘ldi
11:07 / 04.11.2025
Uzbekistan Airways reyslari Ufa o‘rniga Qozonga yo‘naltirildi
18:15 / 18.09.2025