Jahon | 17:33 / 29.03.2026
11145
5 daqiqa o‘qiladi

Eron Amerika desantchilariga «olov yomg‘iri»ni va’da qilmoqda

Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof Eron qo‘shini «Amerika askarlari quruqlikka tushishini kutib turgani, shundan keyin ularning ustiga olov yog‘dirishi» haqida gapirdi. Amerika nashrlariga ko‘ra, Pentagon Eronda quruqlik amaliyoti o‘tkazishga tayyorlanmoqda, lekin bu g‘oya hali prezident Donald Tramp tomonidan ma’qullangani aniq emas.

NurPhoto via Getty Images

Eron bosqinchilarga zarba berishga tayyor

Eron nashrlari, jumladan, IRNA axborot agentligi mamlakat parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibofning urushning birinchi oyiga bag‘ishlangan murojaatini e’lon qildi.

G‘olibof Eron rahbariyatining omon qolgan eng nufuzli vakillaridan biri hisoblanadi. Avvalroq u AQSh bilan urushni tugatish bo‘yicha qandaydir aloqalarni saqlab qolgani haqida xabarlar tarqalgandi, ammo uning o‘zi buni rad etgan.

G‘olibof o‘z murojaatida «dushman muzokaralarga tayyorligini oshkora bildirayotgan bo‘lsa-da, zimdan quruqlikdagi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani» haqida gapirgan. U AQSh «15 banddan iborat ro‘yxatni taqdim etib, o‘z talablarini bayon qilayotgani va urush davomida erisha olmagan narsalariga erishishga intilayotgani»ni ta’kidlagan.

«Eron qo‘shini Amerika askarlari Eron tuprog‘iga qadam qo‘yishini va ularning ustiga olov yog‘dirishni kutib turibdi», – degan G‘olibof.

Eron taslim bo‘lishni istisno etgan va Tehronning pozitsiyasi «aniq»ligi hamda mamlakat «kamsitishlar»ni qabul qilmasligini bildirgan.

Mintaqaga Amerikaning yangi kuchlari yetib keldi

Avvalroq AQSh mintaqaga USS Tripoli harbiy kemasida 3,5 mingga yaqin harbiy yetib kelganini ma’lum qilgandi. Washington Post nashri Pentagon Eronda bir necha hafta davom etishi mumkin bo‘lgan quruqlikdagi operatsiyalarga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida yozgan.

Shu bilan birga, Donald Tramp ularni ma’qullash-ma’qullamasligi hozircha aniq emas. Mart oyi boshida Tramp jurnalistlar bilan uchrashuvda «hech qayerga qo‘shin yubormasligi»ni aytgan, shu bilan birga, shunday qarorga keladigan bo‘lsa, bu haqda rasman ma’lum qilishini bildirgandi.

USS Tripoli desant kemasi, 17 mart kuni olingan fotosurat. Foto: Reuters

Juma kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio AQSh Eronda «quruqlikdagi qo‘shinlarni jalb qilmasdan» o‘z maqsadlariga erisha olishini aytib chiqdi. Uning izohlashicha, Fors ko‘rfaziga harbiylarni joylashtirish Trampga turli variantlarni taqdim etish uchun mo‘ljallangan: «Biz har doim prezidentga... kutilmagan vaziyatlarga javob berish uchun maksimal imkoniyatlarni taqdim etishga tayyormiz».

Isroil Tehron bo‘ylab zarba yo‘lladi

Isroil mudofaa kuchlari Tehronga vaqtinchalik qo‘mondonlik punktlari va qurol ishlab chiqarish obektlariga yo‘naltirilgan navbatdagi zarbalar seriyasini yakunlaganini ma’lum qildi.

TSAHAL ma’lumotlariga ko‘ra, Eron rejimi avvalgi obektlar zarbaga uchraganidan keyin qo‘mondonlik punktlarining bir qismini mobil rejimga o‘tkazgan. Isroil harbiylari ta’kidlashicha, ulardan bir nechtasi yo‘q qilingan.

Zarbalar shtablarda ishlayotgan qo‘mondonlarga qarshi qaratilgani qayd etilgan.

Fors ko‘rfazi mamlakatlari bo‘ylab zarbalar

So‘nggi 24 soat ichida mintaqaga bir necha bor hujum uyushtirildi, jumladan, eng muhim infratuzilma obektlariga zarba ostida qoldi.

Saudiya Arabistoni mudofaa vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi xabariga ko‘ra, so‘nggi bir necha soat ichida mamlakat hududida 10 ta dron urib tushirilgan. Fors ko‘rfazining boshqa davlatlari, jumladan BAA va Kuvayt ham o‘z hududlariga tungi hujumlar haqida xabar bergan.

Shanba kuni Birlashgan Arab Amirliklari so‘nggi haftalardagi eng yirik raketa hujumini boshdan kechirdi. Emirates Global Aluminium kompaniyasi ma’lum qilishicha, uning Abu-Dabidagi yirik zavodi vayron bo‘lgan va jiddiy zarar ko‘rgan, bir necha ishchi jarohat olgan.

Kuvaytda xalqaro aeroportdagi radiolokatsiya tizimi jiddiy shikastlangan.

Shuningdek, jahondagi eng yirik alyuminiy ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan Aluminium Bahrain (Alba) zavodi ham jiddiy zarar ko‘rgan.

Alba kompaniyasi Eronning alyuminiy zavodiga hujumi oqibatida ikki ishchisi yengil yaralanganini xabar qilgan.

Avvalroq Alba Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi tufayli yuzaga kelgan uzilishlar fonida «biznesning uzluksizligini ta’minlash» maqsadida umumiy ishlab chiqarish quvvatining 19 foizini tashkil etuvchi uchta ishlab chiqarish liniyasini to‘xtatganini ma’lum qilgandi.

Pokistonda Yaqin Sharq mamlakatlari muzokaralari bo‘lib o‘tadi

Fors ko‘rfazi mamlakatlari kelgusida Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha har qanday muzokaralarda ovoz berish huquqiga ega bo‘lishdan manfaatdor.

Yakshanba kuni Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Misr, Pokiston va Turkiya tashqi ishlar vazirlari ishtirokida Islomobodda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarga qo‘shildi, muzokaralar ikki kun davom etishi kutilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid