Jamiyat | 18:19 / 03.04.2022
35451
7 daqiqa o‘qiladi

«Farzandlar uchun, ularning kelajagi uchun yuribmiz» - Rossiyadagi o‘zbek migranti hikoyasi

“Dunyoda bolam deb yashaydi o‘zbek” – bu safargi qahramonimiz bilan suhbatlasha turib, negadir ushbu misra yodga kelaveradi. Bu yuksak sabr va matonat egasi vatandan yiroq bo‘lsa-da, shukronalik hissi uning qalbini tark etmaganiga amin bo‘ldik. Navbatdagi suhbat o‘z yurtida uy-joy qilish, farzand o‘qitish maqsadida o‘zga yurtga borib ishlab, birmuncha qiyinchiliklarni boshdan kechirgan yurtdoshimiz, namanganlik Ortiqali aka bilan bo‘ladi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Suhbat avvalida Ortiqali aka Rossiyaga qanday borib qolgani, o‘sha paytda o‘zi duch kelgan muammolar haqida gapirib berdi.

— 1977 yilda tug‘ilganman, Namangan viloyati Pop tumanida yashayman. Ikki nafar farzandim bor, ikkisi ham talaba. Qizim Tibbiyot institutida, o‘g‘lim esa Texnika universitetida shartnoma asosida o‘qiydi. Rossiyaga 2012 yil bahor oylarida kelib, mavsumiy ishlab ketganman. 2013 yil yana keldim. Birinchi kelganimda usta, keyingi safar ko‘cha tozalovchi bo‘lib ishlaganman. Domodedovo rayonidagi savdo markazida taxminan 7 oycha ishladim va yana yurtimga qaytdim.

2014 yil kelib ishlab ketganman, 2015 yil sog‘ligim yomonlashgani sababli kelolmadim. O‘shandan buyon har yili Rossiyaga kelaman. Mana shu oxirgi 3 yillik Rossiyada eng uzoq muddat yurgan paytim bo‘ldi. Farzandlarim o‘qishi va uy qurayotganim sabab uzoq muddat turishga majbur bo‘lib qoldim. Boshida ko‘p qiyinchiliklar bo‘lgan. Umuman til bilmasdim. Shu sabab yaxshi joylarga ishga kira olmadim va oddiy shu ko‘cha tozalovchilik kasbini o‘zimga ravo ko‘rganman. Xudoga shukur, hozirgi paytda juda ravon bo‘lmasa-da, har holda rus tilida muloqot qilaman, tushuntira olaman”.

“O‘zimiz kam yesak ham, kam kiysak ham bolalarni odam qilaylik, o‘qitaylik, uy qilaylik deb vatandan uzoqda yuribmiz”.

— 2019 yil 18 iyundan beri shu yerda – Podolsk shahridagi biznes markazida xo‘jalik ishlarida ishlayman. Ishim o‘rtacha og‘ir, ish vaqtim 10 soatlik bo‘lgani bilan ish hajmi ko‘p, shu ishni qilmasam, aniq daromad chiqmaydi. Mendan boshqa hech kim yo‘q, hamma yoqni o‘zim toza saqlayman. Rahbarlarim armanilar, ular bilan juda ahilmiz, hurmatimni joyiga qo‘yishadi. Har doim nima deyishsayam o‘zlarining gapirishlariga o‘xshagan ohangda “xorosho” deb javob qilaman. Birga hazil-huzul qilib ishlaymiz. Bulardan faqat ibodat uchun sharoit so‘raganman, qilib berishgan. O‘zimiz kam yesak ham, kam kiysak ham bolalarni odam qilaylik, o‘qitaylik, uy qilaylik deb vatandan uzoqda yuribmiz.

“Ish o‘rinlari qisqaryapti, kimdir ish topa olmaydi, yana kimdir xarajatlarga pul yetkaza olmay sarson”.

— Boshida 45 ming maoshga kelishgandik. Bundan oldin biroz muddat kimyoviy tozalashda ishlaganman. 80–90 ming rubl oylik olardim. U yerda zaharli moddalar bo‘lgani sabab qo‘shimcha haq to‘lashar edi. Biroq buni sog‘ligim ko‘tarmagan va hozirgi ish joyimga kelganman. Bu yerda oz muddat ishladim-da, shtat qisqarishi bo‘lib, ishdan bo‘shatildim.

Keyin ma’lum muddat karantin bo‘lib qoldi. Karantin vaqtida 30 ming rubl oylikka bir bazada ishladim, “kotyol”ga kechasi-yu kunduzi o‘t qalayman, o‘tin qilaman. Keyinchalik esa 2019 yil yoz faslida bu yerga chaqirib, 45 ming rubl oylik va’da qilishdi. Allohga shukur, mana, ishlab kelyapman, maoshimni ham 50 ming qilib berishdi. Yakshanba – dam olish kuni.

Bundan tashqari, ishdan so‘ng chiqitga chiqqan kartonlarni teraman, ularni taxlab sotaman. Buyam haftasiga o‘rtacha 1,5–2 ming rubllik daromad, ehtiyojlarimga yoki bolalarimga qo‘shimcha pul yetkazib turishim uchun yetadi. Hozirgi kunda 55 ming rubl maosh olaman. Bu maoshdan patent, ijara, yo‘l xarajatlariga ajratamiz. Hozirgi vaziyatda qiynalayotgan migrantlar juda ko‘p. Ish o‘rinlari qisqaryapti, kimdir ish topa olmaydi, yana kimdir xarajatlarga pul yetkaza olmay sarson. Chunki oziq-ovqat narxlari ham oshib ketdi. Uch oyga bir marta ro‘yxatdan o‘tish 5000 rubl bo‘ldi, ilgari 3000 edi.

“Mahallamizda 3100 nafar aholi bo‘ladigan bo‘lsa, shundan 174 nafari Rossiyada”.

— Yangi uy boshlaganman, kelin tushirish niyatim bor, qizim o‘qishni bitirsa, turmushga berishim kerak. Ishlagan oyligim hozirda kontrakt to‘lovlaridan ortmayapti, yana xo‘jalik boquvchisiman, uchma-uch bo‘lib turibdi. O‘zbekistonga yuborgan pullarimni Rossiyada uy qurishga sarflaganimda 2 ta uy qurgan bo‘lardim. Sababi O‘zbekistonda qurilish materiallari juda qimmat. Solishtirib bu yerdagilarga aytib bersam hayron bo‘lishadi.

Bu yerda qarindoshlarim juda ko‘p. Mahallamizdan 3100 nafar aholidan 174 nafari Rossiyada. Xola-tog‘alarimning o‘g‘illari barchasi shu yerda tirikchilik deb yurishibdi. Hattoki, 60 yoshga kirgan tog‘am ham kontraktdagi o‘g‘lini o‘qitish maqsadida to‘rt yildan buyon molxonada ishlaydi. Uning ishi menikidan o‘n barobar og‘irroq. Farzandi uchun, uning kelajagi uchun yuribdi.

“5 nafar hamqishlog‘im vatanga tobutda qaytdi”.

—Bu yerda yurtdoshlarimga qo‘limdan kelgancha yordam beraman. Turar joy, oziq-ovqat, ba’zan ish topish masalasida ham qarashib yuboraman. Imkon bo‘lsa hammamiz qaytardik. Tinchlik bo‘lsin, mana bu mojarolar tezroq tugasin. O‘zbekistonga hali qaytish niyatim yo‘q, chunki bolalarim o‘qiydi, ularning kontrakti va o‘qish xarajatlari uchun pul kerak. Qolaversa, uyimni bitirishim kerak. Vaqtinchalik ta’tilga borib kelishim mumkin. 2020 yil 10 oktyabrdan 2021 yil 24 oktyabrgacha 5 nafar hamqishlog‘im vatanga tobutda qaytdi. Shunday voqealarning guvohi bo‘lib, uyimga o‘z oyoqlarim bilan kirib borishni so‘rab duo qilaman.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid