Jahon | 08:35 / 25.05.2026
1801
2 daqiqa o‘qiladi

The Guardian: Rossiyada “raqamli bosim” kuchaymoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqin atrofidagi ayrim amaldorlar mamlakatda internetga nisbatan qattiq cheklovlar joriy etilishiga qarshi chiqqan. Bu haqda Britaniyaning The Guardian nashri manbalarga tayanib xabar berdi.

Foto: iStock

Ma’lum qilinishicha, Putinni internet bo‘yicha “yanada qattiqroq cheklovlar”dan qaytarishga uringanlar orasida uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov hamda prezident administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko bo‘lgan.

Nashr yozishicha, 2025 yildan kuchaygan internet o‘chirish va cheklovlari Rossiya biznesiga milliardlab zarar yetkazmoqda. Bu masala Rossiya elitalari orasida alohida muhokama mavzusiga aylangan.

Manbalarga ko‘ra, ilgari Rossiyada senzura ramzi sifatida tanqid qilingan Xitoyning internetni nazorat qilish tajribasi endi ayrim elitalar tomonidan “havas bilan” tilga olinmoqda.

Shu bilan birga, Putin Ukrainaga qarshi urush davomida asosan kuch tuzilmalari fikriga tayanayotgani sababli, internet cheklovlarini yumshatish bo‘yicha urinishlar samara bermagani aytilmoqda.

Avvalroq The Bell nashri Rossiyadagi internet cheklovlari to‘lqini FSBning Ikkinchi xizmati tashabbusi bilan amalga oshirilganini xabar qilgan edi. Mazkur tuzilma avval Aleksey Navalniy va Vladimir Kara-Murzaning zaharlanishi bilan bog‘liq holatlarda ham tilga olingan.

The Guardianʼga ko‘ra, rossiyaliklar orasida norozilik nafaqat internet cheklovlari, balki soliqlar oshishi va narx-navo qimmatlashuvi ortidan ham kuchaymoqda. Ayrim davlat so‘rovlarida hatto aholining “baxt indeksi” so‘nggi 15 yildagi eng past darajaga tushgani qayd etilgan.

Nashr ta’kidlashicha, Kreml internet blokirovkalari va cheklovlarni aholi xavfsizligi bilan izohlamoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid