Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ko‘ngilochar savdo obektlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Ko‘ngilochar savdo obektlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Nizomga ko‘ra, ko‘ngilochar savdo obektlarida xavfsizlikni ta'minlash va mol-mulkni qo‘riqlash bo‘yicha xizmatlar shartnoma asosida ichki ishlar organlari yoki qo‘riqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilishi mumkin.
Ko‘ngilochar savdo obektlarining ma'muriyati va xodimlari:
jinoyat, ma'muriy huquqbuzarlik, yong‘in, tabiiy ofat va boshqa favqulodda hodisalar sodir bo‘lganda bu haqda darhol tegishli maxsus xizmatga xabar berishlari;
odamlarni qutqarish, ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari yordamida yong‘inni o‘chirish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rishlari;
jinoyat, ma'muriy huquqbuzarlik izlarini, hodisa holatlarini saqlab qolish uchun zarur choralarni ko‘rishlari;
obektda paydo bo‘lgan jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki qidirilayotgan shaxslar to‘g‘risida darhol ichki ishlar organiga xabar berishlari shart.
Ko‘ngilochar savdo obektida yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda xodimlarning xatti-harakatlari rejasi va odamlarni evakuatsiya qilish sxemasi ishlab chiqilishi zarur. Evakuatsiya qilish sxemasi yetarli miqdorda ko‘rinarli joylarda o‘rnatiladi.
Ko‘ngilochar savdo obektida sutkaning tungi vaqtida xavfsizlikni nazorat qilish uchun mas'ul navbatchi xodim tayinlanishi lozim. Mas'ul navbatchi xodimning vazifalarini sotuvchilar, oshpazlar, ofitsiantlar, mijozlarga bevosita tovarlarni sotuvchi va xizmatlarni ko‘rsatuvchi boshqa xodimlar zimmasiga yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ko‘ngilochar savdo obektlarida qo‘riqlash-yong‘indan saqlash va xavf-xatar signalizatsiyalari kompleksini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish ishlari yong‘inga qarshi avtomatika vositalarini, qo‘riqlash va xavf-xatar signalizatsiyalarini, yong‘indan darak beruvchi va yong‘indan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta'mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
Ko‘ngilochar savdo obekti O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hududiy bo‘linmalarining texnik qo‘riqlash punkti qo‘riqloviga topshirilib, uning qo‘riqlash-yong‘indan saqlash va xavf-xatar signalizatsiyasi kompleksi texnik qo‘riqlash punktining boshqaruv va kuzatuv pultiga ulanishi lozim.
Qo‘riqlash signalizatsiyasining datchiklari ko‘ngilochar savdo obektiga ruxsatsiz kirib-chiqishni (ochishni, buzishni) hamda unda ruxsatsiz begona shaxslarning borligini aniqlash maqsadida alohida xonalarga, eshiklarga, derazalarga, ventilyatsiya va boshqa muhandislik kommunikatsiyalariga o‘rnatiladi.
Yong‘indan darak beruvchi signalizatsiyaning datchiklari xona ichiga, u yerdagi yong‘inga qarshi vaziyat keskin o‘zgarganda (harorat ko‘tarilishi, tutun hosil bo‘lishi va boshqalar) yoki yong‘in yuzaga kelganda tashvish signalini berish uchun o‘rnatiladi.
Yong‘indan darak beruvchi signalizatsiya yong‘in chiqqanligi yoki bino ichidagi yong‘in xavfsizligi holati o‘zgarganligini aniqlash va signal berishga mo‘ljallangan tutunli, issiqlik, yorug‘lik va/yoki kombinatsiyalangan xabar bergichlar bilan jihozlanadi.
Xavf-xatar signalizatsiyasining tugmasi ko‘ngilochar savdo obektidagi nazorat-kassa mashinalari, hisob-kitob terminallari, bankomatlar o‘rnatilgan, shuningdek obekt xodimlari va mijozlari foydalanishlari qulay bo‘lgan boshqa joylarga o‘rnatiladi.
Qo‘riqlash-yong‘indan saqlash va xavf-xatar signalizatsiyalarining simlariga shikast yetkazilganida ishlab ketadigan datchiklar bilan ta'minlangan bo‘lishi lozim. Qo‘riqlash-yong‘indan saqlash va xavf-xatar signalizatsiyalari kompleksining elektr ta'minoti tarmog‘i uning sutka davomida uzluksiz tarzda ishlashini ta'minlaydigan bo‘lishi zarur.
Signalizatsiyalar kompleksining elektr ta'minoti tarmog‘i asosiy elektr tizimi o‘chirilganda uni almashtiruvchi, avtomatik tarzda ishga tushadigan elektr ta'minoti manbasiga (dizel-generator va boshqalar) ulangan yoki kamida 3 soat ishlovchi akkumulyator bilan ta'minlangan bo‘lishi lozim.
Ko‘ngilochar savdo obektlarida videokuzatuv tizimini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, ta'mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
Ko‘ngilochar savdo obektlarining videokuzatuv kameralari orqali uzatiladigan tasvirlar eng yaqindagi ichki ishlar bo‘limining hamda obektning ma'muriyatidan mas'ul navbatchi xodimga ajratilgan xonaning monitorlariga chiqarilishi lozim.
Videokuzatuv kameralari ko‘ngilochar savdo obektlarining perimetri, avtoturargohi (agar mavjud bo‘lsa), barcha kirish-chiqish eshiklari, mijozlar joylashgan joylar (savdo zali, raqs maydonchalari) va obektning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda boshqa joylarni qamrab olishi kerak.
Qoida tariqasida, ko‘ngilochar savdo obektlarining perimetri, avtoturargohi (agar mavjud bo‘lsa) va kirish-chiqish eshiklari shaxsning yuzini hamda transport vositalarining davlat raqami belgisini intellektual tanib olish tizimlari bilan jihozlanadi.
Videokuzatuv tizimining elektr ta'minoti tarmog‘i uning sutka davomida uzluksiz tarzda ishlashini ta'minlaydigan bo‘lishi zarur. Videokuzatuv tizimining elektr ta'minoti tarmog‘i asosiy elektr tizimi o‘chirilganda uni almashtiruvchi, kamida 3 soat ishlovchi akkumulyator bilan ta'minlangan bo‘lishi lozim.
Sutkaning tungi vaqtida faoliyat ko‘rsatuvchi ko‘ngilochar savdo obektlari va uning atrof-hududlari yetarli darajada yoritilishi lozim.
Ko‘ngilochar savdo obektlari ma'muriyati obektga borish yo‘llarini yong‘in o‘chirish, tez tibbiy yordam, qutqaruv xizmati va boshqa maxsus transport vositalarining obekt hududiga to‘siqsiz kirishi (chiqishi)ni ta'minlash, ushbu yo‘llarning to‘sib qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi.
Ko‘ngilochar savdo obektlarida zaxira chiqish eshiklari yetarli bo‘lishi, ular yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlar yuz berganda obekt hududini tez va to‘siqlarsiz tark etish imkoniyatini berishi, obektning ichki devorlari va pollariga chiqish yo‘llarini bildiruvchi belgilar o‘rnatilishi hamda ular qorong‘u sharoitda ko‘zga ko‘rinadigan bo‘lishi kerak.
Ko‘ngilochar savdo obektlari birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari hamda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zaruriy dori-darmonlar bilan ta'minlangan bo‘lishi zarur.
Ko‘ngilochar savdo obektlari alkogoldan o‘tkir mastlik holatida bo‘lgan va o‘zining harakatlari bilan jamoat tartibiga xavf tug‘diruvchi shaxslarga xizmat ko‘rsatmaslik hamda bunday shaxslarni obektga kiritmaslik huquqiga ega.
Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan ko‘ngilochar savdo obektining faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ko‘ngilochar savdo obektining qo‘riqlash-yong‘indan saqlash va xavf-xatar signalizatsiyalari vositalari hamda videokuzatuv tizimlari orqali qasddan aldab tashvish signalini berganlik qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Mavzuga oid
08:58 / 09.04.2026
Mahallalarda xavfsizlikni ta’minlashda yangi model joriy etiladi
10:51 / 02.03.2026
Iordaniya va Bahraynda bo‘lgan fuqarolarga xavfsizlik bo‘yicha tavsiyalar berildi
16:37 / 11.02.2026
AES maydonchasi uchun xavfsizlik talablari loyihasi ishlab chiqildi
14:49 / 27.01.2026