“Atom elektr stansiyasi maydonchasi. Xavfsizlik talablari” loyihasiga ko‘ra, AES maydonchasi tanlanayotganda hududning tabiiy-geografik, ijtimoiy-demografik va muhandislik-geologik sharoitlari kompleks o‘rganilishi shart. Shuningdek, atmosfera havosi, yer usti va yer osti suvlari, tuproq, o‘simlik va hayvonot dunyosi bo‘yicha monitoringni tashkil etish, AES faoliyatining aholi va atrof-muhitga ehtimoliy ta’sirini baholash hamda hisobga olish tartibi belgilanmoqda.
Loyihada AES xavfsizligini ta’minlash uchun tabiiy va texnogen kelib chiqishga ega tashqi ta’sirlar parametrlarini hisobga olgan holda texnik va tashkiliy choralar asoslab berilishi lozimligi qayd etilgan. AES joylashtirish hududi va maydoncha chegaralari muhandislik-geologik, gidrologik, seysmologik hamda radiatsiyaviy-gigiyenik tadqiqotlar natijalari asosida belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, AES quyidagi holatlarda joylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:
- bevosita faol yoriqlar ustidagi maydonchalarda;
- MSK-64 shkalasi bo‘yicha maksimal hisoblangan zilzila jadalligi 8 balldan yuqori hududlarda;
- sulfatli va tuzli karst tarqalgan hududlarda;
- tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga ko‘ra AES qurish taqiqlangan hududlarda.
Shuningdek, yerosti suvlari sathi yuqori bo‘lgan joylarda AES qurish maqsadga muvofiq emasligi ta’kidlangan. Agar maydonchada aniqlangan kamchiliklarni loyihaviy yoki ma’muriy choralar bilan bartaraf etib bo‘lmasa, u nomaqbul deb topilishi lozim.
Hujjatda tektonik faollik, yoriqlar va ehtimoliy zilzila o‘choqlari zonalari, tuproq tebranish xususiyatlari, suyuqlanish ehtimoli kabi ko‘rsatkichlar chuqur tahlil qilinishi shartligi keltirilgan. Shu bilan birga, ekstremal yog‘inlar, qor erishi, toshqinlar, ko‘chkilar, bo‘ronli oqimlar va seyshalar ta’siri hisobga olinib, maydonchani suv bosishning ehtimoliy maksimal balandligi va davomiyligi aniqlanishi belgilangan.
Loyihaga muvofiq, maydoncha va uning atrofida yiliga 10⁻⁶ va undan ortiq ehtimollikda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnogen xavf manbalari alohida o‘rganiladi. Jumladan, portlash xavfi bo‘lishi mumkin bo‘lgan obektlar, portlovchi moddalar omborlari, yuqori bosimli qurilmalar, neft-gaz quvurlari, kimyo korxonalari, transport yo‘nalishlari hamda havo yo‘llari bo‘yicha xavfsizlik tahlillari talab etiladi.
AESning qurish, ekspluatatsiya va ekspluatatsiyadan chiqarish bosqichlarida atrof-muhit monitoringi dasturi ishlab chiqilishi, natijalar butun hayotiy davr davomida hujjatlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Radioaktiv moddalarning migratsiyasi va to‘planishi, atmosfera va suv obektlariga ta’sir, aholining oziq-ovqat iste’moli, shamol guli va meteosharoitlar kabi omillar inobatga olinishi shart.















