16:02 / 17.06.2021
51897

Xatirchilik onalar yig‘isi, otalar nadomati: Tilla farzandlardan ayirayotgan «oltin vasvasasi»

Navoiy viloyati Xatirchi tumanining Oqtepa mahallasida 2021 yilning 12 iyun kuni fojia ro‘y berdi: qishloqning to‘rt xonadonida janoza o‘qildi. Tashlandiq kondan oltin qazib olayotgan ikki nafar hamda ularni qutqarish uchun ortdan kirgan yana ikki bo‘z yigit chiqindi gazdan bo‘g‘ilib, vafot etdi.

Xatirchi tumanidagi Oltinsoy qishlog‘i tog‘lar orasida joylashgan, bir necha mahalladan iborat. Hudud aholisi asosan chorvachilik va uzumchilik bilan shug‘ullanadi. Chamasi 15 yillar oldin qishloq erkaklari hamda yosh yigitlar yoppasiga atrofdagi tog‘lardan qo‘lbola usulda oltin qazib olishga kirishib ketishgan. Oltin vasvasasi hamon davom etmoqda. Eng dahshati shundaki, bu o‘tgan muddatda ko‘plab insonlar turli sabablar bilan tog‘da vafot etishgan. Kimnidir tosh bosib qolgan, boshqasi qoyadan qulab tushgan va hokazo.

2021 yilning 12 iyun kuni bo‘lgan voqea esa barcha oltinsoyliklarning qalbini larzaga keltirdi.

Qishloq ahlining ma'lum qilishicha, o‘sha kuni tunda (tillachilarning aksariyati tun paytida ishlar ekan —tahr.) bir guruh yigitlar oltin qazib olish uchun tog‘ tepasidagi tashlandiq konga borishgan. Tarkibida oltin bo‘lgan toshni ajratib olishda elektr tokida ishlaydigan uskunalar zarur. Shu sababli ikki yigit kon ichida benzin bilan ishlovchi dvijokdan foydalanishgan. Afsuski, yonilg‘i yoqilishi natijasida dvijokdan ajralib chiqqan gazdan nafas olgan yigitlar vafot etishgan. Ularni qutqarish uchun konga kirgan yana ikki yigit ham voqea joyida halok bo‘lgan.

Qishloq oqsoqollari atrofdagi tog‘larda 9ta tashlandiq kon borligini va ularning barchasi davlat tomonidan foydalanishda bo‘lmasa ham og‘zi ochiq holda qoldirilganidan norozi bo‘lmoqda. Ularning ta'kidlashicha, tegishli mas'ullar bu masalaga e'tiborsizlik bilan qarayapti.

Jumladan, 83 yoshli Namoz Yo‘ldoshev shunday deydi:

— Qishlog‘imiz aholisi ko‘p yillardan buyon ishsiz. Hududda yashovchi yoshlarning 50-60 foizi doimiy ish o‘rniga ega emas, xotin-qizlar to‘g‘risida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Lekin odamlar kun ko‘rishi kerak, yashashi kerak, bola-chaqasi bor. Shuning uchun tog‘ga chiqib, konga borishga majbur bo‘lishadi. U yerga borib ko‘rsangiz — do‘zax deysiz, tog‘ning tagi ilma-teshik bo‘lib ketgan. Afsuski, bu faoliyat ko‘plab noxushliklarga sabab bo‘lmoqda. Mana, yaqinda halok bo‘lgan yigitlarning ham ikkisi hali uylanmagandi, ikkisining esa uchtadan farzandi bor.

Bundan boshqa juda ko‘p voqealar ham bo‘lgan. Hozircha hammamiz, biz oqsoqollar ham, rahbar ham kuzatuvchimiz. Qachonki, boshimiz toshga tegib yorilsa, so‘ng o‘ylaymiz. Birgina taqiq qo‘yish, reyd qilish bilan tartib o‘rnatib bo‘lmaydi. Ertasi kuni yana boshlashadi. Shuning uchun, bu ish qonuniy tarzda, xavfsizlik qoidalariga rioya etilgan holda qilinishi lozim. Davlatga ham foydasi tegsin, o‘zlari ham ro‘zg‘or tebratishsin.

Qishloq oqsoqollaridan yana biri, nafaqadagi o‘qituvchi Saidmurod Xushnazarov esa oltin qazib olib pul topish ishtiyoqi qishloq yoshlarining turish-turmushiga ham ta'sir qilayotganini aytib o‘tdi.

Ma'lum bo‘lishicha, vafot etgan yigitlardan biri, 1993 yilda tug‘ilgan Mirzohid Boliyev Samarqand arxitektura va qurilish institutining 3-bosqich talabasi bo‘lgan.

«Bolam o‘z bilimi bilan talaba bo‘lgandi. Chet tilini o‘rganayotgandi. O‘sha tunda biz uxlagach, do‘stlari bilan chiqib ketibdi. Sheriklarini qutqaraman, deb bolamning o‘zi ham halok bo‘ldi. Orzu-havaslari ko‘p edi. O‘qishga ketishi kerak edi, narsalarini tayyorlab qo‘ygandi. Bu yoqda bolamning joni uzilib yotibdi, u yoqdan domlalari kelsin deya telefon qilishardi. Hech kimning bolasi bunday bo‘lmasin, hech bir ona menday zor yig‘lab qolmasin», — deydi Mirzohidning onasi.

Onalarning farzand dog‘idagi yig‘isi, otalarning afsus-nadomati qanchalar yuraklarni ezmasin, bu yigitlar qaytib kelmaydi. Ammo shu kabi fojialar takrorlanmasligi uchun tegishli mutasaddilar tobora jiddiy tus olib borayotgan bu masalaga e'tibor qaratishlari, hududdagi 9ta tashlandiq konni nazoratga olishlari yoki uning kirish qismini butunlay yopib tashlashlari, shuning barobarida, qishloq aholisi bandligini ta'minlash borasida quruq va'dalar emas, amaliy harakatlarni boshlashlari zarur. Yo‘qsa, oltinsoyliklar haqiqiy «oltin»lari — o‘z o‘g‘lonlarini yo‘qotishda davom etadi.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.

Top