O‘zbekiston | 15:10 / 30.04.2026
7267
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahridagi avtoavariyada PPX xodimi halok bo‘ldi

Samarqandning markaziy ko‘chalarida tungi vaqtda tezlikni oshirib harakatlangan Lacetti ichida ichki ishlar organi xodimlari bo‘lgan “Nexia-3”ga borib urilgan. Natijada xizmat vazifasini o‘tayotgan xodimlardan biri vafot etgan.

Kun.uz’ga taqdim etilgan videoda 2026 yil 26 aprel kuni soat 01:30 lar atrofida Samarqand shahri Ibn Sino ko‘chasida “Lacetti” katta tezlikda harakatlangani aks etgan.

Manbaga ko‘ra, oradan bir necha daqiqa o‘tib, aynan shu avtomobil Bo‘stonsaroy va Ulug‘ Tursunov ko‘chalari chorrahasida yo‘l-transport hodisasiga uchragan. “Lacetti” yo‘ldan qayrilib olayotgan “Nexia-3” bilan to‘qnashgan.

Aytilishicha, “Nexia-3”da ikki nafar post-patrul xizmati xodimi bo‘lgan. Ulardan biri - 1998 yilda tug‘ilgan Doston Qo‘ziyev og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib ketilgan va keyinchalik vafot etgan.

Videoda aks etgan holatlar va manba ma’lumotlariga ko‘ra, tungi soat 00:00 dan keyin Samarqand ko‘chalarida yuqori tezlikda harakatlanish deyarli odatiy holga aylangan. Ayni holatda ham “Lacetti”da to‘rt nafar yosh yigit bo‘lgani, haydovchining esa guvohnomasi bo‘lmagani taxmin qilinmoqda.

Manba shuningdek, ushbu vaziyatda “Nexia-3” aybdor sifatida ko‘rsatilishi mumkin bo‘lsa-da, “Lacetti”ning yuqori tezlikda harakatlangani kuzatuv kameralarida qayd etilganini ta’kidlamoqda.

Hodisa yuzasidan viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati munosabat bildirib, “Nexia-3” haydovchisi chapga burilish vaqtida to‘g‘ri yo‘nalishda kelayotgan “Lacetti”ga yo‘l bermaganini ma’lum qilgan. To‘qnashuv oqibatida “Lacetti”da yong‘in kelib chiqqan va u FVB xodimlari tomonidan bartaraf etilgan.

Rasmiy ma’lumotlarda har ikki avtomobildagi jabrlanganlar shifoxonaga murojaat qilgani aytilgan.

Keyinchalik viloyat ichki ishlar boshqarmasi Doston Qo‘ziyevning vafot etganini Kun.uz’ga tasdiqlab, hodisa u xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda sodir bo‘lganini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 25 fevral kuni Toshkent shahri Mirobod tumanida voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov BMW boshqaruvida yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgandi. Inspektor keyinchalik olgan og‘ir jarohatlari oqibatida vafot etgan.

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid