Talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasi oshiriladi - Prezident qarori loyihasi
Respublika oliy ta'lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish bo‘yicha barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy talabalar turar joylarini qurish mo‘ljallangan.
Prezidentning “Respublika oliy ta'lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish choralari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Respublika davlat oliy ta'lim muassasalarida talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ulardan foydalanishni tashkil etishning davlat-xususiy sheriklik asosidagi tizimi joriy etiladi.
Bunda, davlat-xususiy sheriklik munosabatlari O‘zbekiston Respublikasi “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Mahkamasining 2020 yil 26 apreldagi 259-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida Nizom” asosida amalga oshiriladi.
2021 - 2025 yillarda oliy ta'lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish dasturi, uning tarkibida quyidagilar:
2021 - 2025 yillarda tarmoqlar va hududlarni rivojlantirishning tasdiqlangan konsepsiyalari va dasturlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan quriladigan talabalar turar joylari ro‘yxati;
2021 - 2025 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar;
Davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ulardan foydalanishni tashkil etish loyihalarini maxsus hisobvaraqdan kredit bilan ta'minlash hamda davlat sherigi mablag‘lari hisobidan qisman moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanadi.
Belgilanishicha:
oliy ta'lim muassasalari hududidan talabalar turar joylarini qurish uchun yer maydonlari tasarrufida oliy ta'lim muassasasi bo‘lgan vazirlik va idoralarning buyrug‘i asosida xususiy sherikka ajratib beriladi;
oliy ta'lim muassasalari hududidan tashqaridagi yer maydonlarini hududdagi oliy ta'lim muassasalarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan oliy ta'lim muassasalaridan uzoq bo‘lmagan hududlardan ajratib beriladi. Bunda, xususiy sherik qonunchilikda belgilangan tartibda tender tanlovlari asosida tanlanishini inobatga olib, talabalar turar joylarini qurish uchun ajratiladigan yer maydonlarini E-IJRO AUKSION savdo maydonchasida elektron onlayn-auksionga qo‘ymagan holda ajratiladi;
binolar qurilishi yakunlanganidan keyin davlat-xususiy sheriklik shartnomasida ko‘rsatilgan muddat mobaynida talabalar turar joyi sifatida foydalanish sharti bilan xususiy sherik bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektiga qonunchilikda belgilangan tartibda mahalliy (shahar) hokimlikning qarori asosida Ko‘chmas mulk obektiga (yer uchastkasi bilan) egalik huquqi beriladi va davlat yer kadastri guvohnomasi rasmiylashtiriladi. Bunda, xususiy sherik tomonidan shartnomadagi muddat ichida binodan foydalanish maqsadi o‘zgartirilganda, bino tegishli hududi bilan birgalikda o‘rnatilgan tartibda oliy ta'lim muassasasiga qaytariladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining:
Davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ulardan foydalanishni tashkil etish loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining alohida ochiladigan maxsus hisobvarag‘ida jamlash to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.
Quyidagilar maxsus hisobvaraqda jamlanadigan mablag‘larni shakllantirish manbalari etib belgilanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining ekvivalenti 100,0 million AQSh dollari miqdoridagi bosqichma-bosqich ajratiladigan mablag‘lari;
xalqaro moliya institutlari kreditlari;
O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta'lim muassasalarining moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, shartnoma asosida barcha zarur xarajatlarni qoplaganidan so‘ng bo‘sh turgan budjetdan tashqari mablag‘lari;
maxsus hisobvaraqda jamlangan vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklariga depozitga joylashtirishdan olinadigan daromadlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Quyidagilar belgilanadi:
maxsus hisobvaraqdagi mablag‘lar talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ulardan foydalanishni tashkil etish maqsadida imtiyozli kreditlarni berish uchun tijorat banklariga taqdim etiladi;
kredit mablag‘lari davlat-xususiy sheriklik loyihalarini moliyalashtirishga besh yillik imtiyozli davr va foydalanganlik uchun yillik 8 foiz ustama bilan 30 yil muddatgacha ajratiladi;
kredit mablag‘lari davlat-xususiy sheriklik loyihasi qiymatining ko‘pi bilan 70 foizigacha bo‘lgan miqdorda ajratiladi;
maxsus hisobvaraqdagi mablag‘lar hisobidan kreditlar tijorat banklari tomonidan xususiy talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ulardan foydalanishni tashkil etishni amalga oshiruvchi xususiy sherik-tadbirkorlik sub'yektlariga qonun hujjatlariga muvofiq, loyihani amalga oshirish grafigi asosida, belgilangan muddat va shartlarga amal qilgan holda ajratib beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tuzilmasida 3 ta shtat birligidan iborat “Oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘limi” tashkil etiladi. Bo‘limning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:
Oliy ta'lim muassasalarida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini tashkil etish, rivojlantirish va loyihalarni amalga oshirilishini monitoring qilish;
oliy ta'lim muassasalarida talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ulardan foydalanishni tashkil etish loyihalari konsepsiyasi va baholash hujjatlarini tayyorlashda amaliy yordam ko‘rsatish. Zarur hollarda loyiha konsepsiyasi va baholash hujjatlarini iqtisodiy ekspertizadan o‘tkazilishini tashkil etish hamda vakolatli davlat organlari bilan kelishish;
davlat-xususiy sheriklik loyihalariga xususiy sherikni tanlash uchun o‘tkaziladigan tender savdolarini tashkil etish va o‘tkazishga amaliy yordam ko‘rsatish;
davlat-xususiy sheriklik bitimi matnini kelishish va bitim talablarini bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib borish;
xususiy sheriklarga qo‘shimcha daromad keltiruvchi pullik xizmatlarni tashkil etishga ko‘maklashish.
Mavzuga oid
13:28 / 10.12.2024
Uzbekistan Airways talabalar uchun chiptalarga chegirma e’lon qildi
19:00 / 19.11.2024
Tashwell – sog‘lom turmush tarzini xohlovchilar uchun yangi darajadagi turar joy
17:16 / 02.08.2024
Talabalarni turar joy bilan ta’minlashda faol qatnashgan markazlar 30 million so‘mgacha mukofotlanadi
11:04 / 06.09.2023