O‘zbekiston | 11:59 / 17.12.2025
1812
2 daqiqa o‘qiladi

Dala chetlaridan foydalangan fermerlarga soliq imtiyozlari beriladi

Dala chetlari va mahalla hududlaridagi maydonlardan samarali foydalanib qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilanmoqda.

Foto: Kun.uz

Qaror loyihasiga ko‘ra, dala chetlari, kanallar, kollektor-drenaj va sug‘orish tarmoqlari atrofidagi maydonlar, aholi tomorqasi, xonadonlar, ko‘p qavatli uylar oldi hamda mahallaning ichki ko‘chalaridan samarali foydalangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarining barcha yerlari uchun yer solig‘ini ikki yilga bo‘lib to‘lashga ruxsat etilishi nazarda tutilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, ushbu o‘zgartirish soliq to‘lovchilarning soliq to‘lash muddatlarini o‘zgartirish tartibiga oid nizomga kiritiladi. Shu orqali dala chetlari va mahalla hududlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish faoliyati ham soliq to‘lash muddatlarini o‘zgartirish mumkin bo‘lgan faoliyat turlari qatoriga qo‘shiladi.

Shuningdek, mahsulot yetishtiruvchilarga mahalla va dala chetlarida saralash, saqlash, quritish va qadoqlash sexlari hamda sovitkichli omborxonalar xarid qilish uchun “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida 100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlarni soddalashgan tizimda ajratish ham ko‘zda tutilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 100 mln so‘mgacha kreditlar 84 oy muddatga, 36 oygacha imtiyozli davr bilan, yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratiladi.

Bunda kreditning 60 foizi bo‘yicha garov sifatida xarid qilinadigan sex yoki omborxona qabul qilinishi, qolgan 40 foizi bo‘yicha esa qaytmaslik xatarini sug‘urta qilishga oid sug‘urta polisi talab etilishi belgilangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid