O‘zbekiston | 12:14 / 25.08.2025
4202
3 daqiqa o‘qiladi

Xaridorlarga sifatsiz tovarlar haqida xabar bergani uchun pul to‘lanadi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

"Bozor nazorati to‘g‘risida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Qonunning maqsadi nooziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash ustidan bozor nazoratini amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Muomalaga kiritilgan mahsulotning majburiy talablarga muvofiq emasligi to‘g‘risida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan iqtisodiy operatorlar mazkur axborot olingan paytdan e’tiboran o‘n kun ichida bu haqda bozor nazorati organiga xabar qilishi shart.

Iqtisodiy operator hisoblanmaydigan va muomalaga kiritilgan mahsulotning majburiy talablarga muvofiq emasligi to‘g‘risida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan shaxs ushbu axborotni bozor nazorati organiga yuborishga haqli. Qonunchilikda ushbu shaxslarni moliyaviy rag‘batlantirish nazarda tutilishi mumkin.

Bozor nazorati organi muomalaga chiqarilgan mahsulotning majburiy talablarga nomuvofiqligi to‘g‘risidagi axborotni olgach, axborot kelib tushganligi haqida iqtisodiy operatorni besh kun ichida xabardor qilishi shart.

Vazirlar Mahkamasi:

  • muomalaga chiqarilgan mahsulotlarning xavfsizligini ta’minlash ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida nomuvofiq mahsulotlar haqida xabar bergan shaxslarni moddiy rag‘batlantirish tartibini to‘rt oy muddatda tasdiqlaydi;
  • davlat va nodavlat ilmiy tashkilotlar tomonidan xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi asosida yetkazilgan ma’naviy zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha uslubiyot olti oy muddatda ishlab chiqilishini ta’minlaydi;
  • hukumat qarorlarini ushbu qonunga muvofiqlashtiradi;
  • respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlaydi.

Oliy sud uch oy muddatda respublika bo‘yicha sudlar tomonidan so‘nggi uch yilda fuqarolar foydasiga ma’naviy zarar uchun to‘lov tayinlangan sud ishlarining ma’lumotlar bazasini shakllantiradi va doimiy yangilab boradi hamda undan sudlar tomonidan ma’naviy zarar bo‘yicha ishlarning ko‘rib chiqilishida foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Mavzuga oid