Dunyoni o‘rganish bilan birgalikda, o‘zimizni tashqi ko‘zgu orqali tanish ham birdek muhim. O‘zbekistonga chet ellik mutaxassislar ko‘zi bilan qarab ko‘rish anchagina foydali, chunki ular bosimdan xoli ravishda qo‘llariga qalamga olishadi va mamlakatning turli jabhalarini biz odatlanmagan, odatda olimlarimiz qo‘llamaydigan usullar orqali tahlil qilishadi.

Quyida 2017-2019 yillar oralig‘ida dunyo olimlari tomonidan O‘zbekiston va Markaziy Osiyo haqida yozilgan 10ta kitobni qisqacha tanishtirib o‘tamiz.

1. «Qo‘qon xonligining yuksalishi va qulashi. 1709-1876 yillar: global davrdagi Markaziy Osiyo». AQShning Ohayo shtati universiteti professori Skott Levi tomonidan yozilgan.

"The Rise and Fall of Khoqand, 1709-1876: Central Asia in the Global Age" by Scott Levi
University of Pitsburgh Press, 2017.

Kitobda Markaziy osiyoliklarning XVIII-XIX asrlarda tezlik bilan globallashayotgan dunyo bilan qanday aloqaga kirishgani tahlil qilingan. Ilk marta Qo‘qon xonligiga bag‘ishlab ingliz tilida yozilgan kitobda, Skott Levi Farg‘ona vodiysida xonlikning (1709-1876) qanday qilib ancha dinamik sur'atda o‘sib kelganini o‘rgangan.

Levi xonlikning globallashayotgan kuchlar bilan birlashishi mintaqadagi siyosiy-iqtisodiy,  demografik va ekologik o‘zgarishlarni shakllantirgani bilan birga, aynan o‘sha kuchlar Qo‘qonning parchalanishiga hissa qo‘shganini ham ajoyib tasvirlab beradi. Shu bilan birga, Markaziy osiyoliklar o‘zlarining yirik imperial qo‘shnilari (Chor Rossiyasi va Xitoy) o‘rtasidagi siyosatga qanday ta'sir ko‘rsatganini batafsil ko‘rsatib bergan.

Ushbu o‘ziga xos tadqiqot keng miqyosli tinglovchilarni, shu jumladan Markaziy Osiyo, Rossiya, Yaqin Sharq, Xitoy va jahon tarixining olimlari va talabalarini, shuningdek, qiyosiy imperiya va globallashuv tarixini o‘rganuvchilarni o‘ziga jalb etadi. Muallif Qo‘qon xonligi va mintaqaning muhim tarixiy ahamiyatini ko‘rsatib berish uchun «bog‘langan tarix» (connected history) uslubini qo‘llagan.

Muallif haqida: Skott Levi – AQShning Ohayo shtati universitetida Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha professor. Bir vaqtlar Markaziy Yevroosiyo tadqiqotlari jamiyatiga rahbarlik qilgan. U, shuningdek, «Markaziy Osiyodagi hind diasporasi: 1550-1990 yillarda ipak yo‘lidagi hind tujjorlari» va «Islomiy Markaziy Osiyo: tarixiy manbalar antologiyasi» asarlari muallifi ham hisoblanadi.